Aziz vatandoshlar! Avvalo, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakilligi, ustoz va ulamolar nomidan barchangizni Ramazon oyi bilan muborak etaman! Iloho, oylarning sultoni bo‘lgan Ramazon har galgidanda fayzli va barakali bo‘lsin!
Ramazon – bu musulmonlarning eng ulug‘ oyi bo‘lib, u Alloh taoloning marhamati va barakasi yog‘iladigan, savoblar ko‘payadigan, duo va tavbalar qabul bo‘ladigan mo‘tabar oydir. Ushbu oyni chin dildan e’zozlab o‘tkazish, ro‘za tutish, Qur’on o‘qish, xayr-ehson qilish va yaxshilikni keng yoyish har bir musulmon uchun sharafdir.
Ramazon oyining ulug‘ligini tasdiqlovchi oyatlar va hadislarda uning fazilatlari alohida ta’kidlangan. Alloh taolo Qur’onda shunday marhamat qiladi:
“Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib, Qur’on nozil qilingan” (Baqara surasi, 185-oyat).
Bu oy Alloh taolo tomonidan mo‘minlarga rahmat sifatida yuborilgan bo‘lib, unda Qur’on nozil bo‘lgan. Shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom Ramazon oyining ulug‘ligi haqida shunday marhamat qilganlar:
“Ramazon ro‘zasini iymon va savob umidida tutgan odamning o‘tgan gunohlari kechiriladi”.
Bu hadisdan ham ko‘rinib turibdiki, Ramazon musulmonlarga gunohlardan poklanish, qalbini tozalash va Allohning rahmatiga erishish imkoniyatini beradi.
Ramazon – bu faqat och va tashna yurish oyi emas, balki mo‘minlarning o‘zini tarbiya qilish, gunohlardan tiyilish va jamiyatga foyda keltirish vaqti hamdir. Ayniqsa, xayr-ehson qilish bu oyda alohida ahamiyat kasb etadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida barcha odamlarga mehribon bo‘lib, saxovatda barchaga namuna bo‘lganlar. Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eng saxovatli inson edilar. Ramazonda Jabroil alayhissalom u zotning huzurlariga keladigan paytlarda esa yanada saxiy bo‘lib ketardilar. U zot sollallohu alayhi vasallam insonlarga esuvchi shamoldan ham tezroq saxiylik qilishga shoshardilar” (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Bu hadisdagi tasvir Payg‘ambarimizning xayr-ehson qilishdagi shijoat va mehribonliklarini ochiq-oydin namoyon etadi.
Tarixda Ramazon oyida xayr-ehson qilib, odamlarga foyda keltirgan buyuk insonlar juda ko‘p bo‘lgan. Bir necha ibratli voqealar:
Muallo ibn Fazl aytadilar: “Solih zotlar Ramazon oyi kirishidan olti oy oldin Alloh taolodan Ramazon oyiga yetkazishini so‘rab duo qilar edilar. Ramazondan keyingi besh oy mobaynida Ramazon oyida qilgan ibodatlari va solih amallarini qabul qilishini iltijo qilib so‘rardilar”.
Imom Zahabiy rahmatullohi alayh aytadi: “Hammod ibn Abu Sulaymon saxiy boy kishi edi. Ramazon oyida har kuni yuz kishiga iftorlik qilib berardi. Iyd namozi o‘qib bo‘lingandan so‘ng ularning har biriga yuz dirhamdan ehson berardi”.
Bu kabi ibratli holatlar bugungi kunda biz uchun ham namunadir. Agar har bir musulmon qo‘lidan kelganicha odamlarga yaxshilik qilsa, jamiyat yanada ahil va barakali bo‘ladi.
Ramazon oyi – bu nafaqat ro‘za tutish, balki insoniylik, saxovat va ezgulik oyidir. Har bir mo‘min bu oyda imkon qadar Qur’on o‘qib, Allohga yaqinlashishi, xayr-ehson qilib, muhtojlarga yordam berishi, oilasi, qo‘shnilari va jamiyat uchun foydali ishlarni qilishga harakat qilishi lozim.
Bu oyda qilingan har bir yaxshilik, ozgina sadaqa va hatto birovga mehr bilan muomala qilish ham katta savoblarga sabab bo‘ladi. Zero, Payg‘ambarimiz alayhissalom aytganlar: Kimki ro‘zadorni iftor qildirsa, bas, unga uning savobi mislicha berilur (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Shunday ekan, ushbu muborak oyda vaqtimizni behuda o‘tkazmasdan, ibodat va yaxshiliklar bilan band bo‘laylik. Alloh taolo barchamizni Ramazon oyining barakalaridan bahramand qilsin!
Ubaydulloh Abdullayev,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi
Saharlik – barakadir
Abdulloh ibn Horis roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirganimda u zot sollallohu alayhi vasallam saharlik qilayotgan ekanlar. Shunda: “Albatta, saharlik barakadir”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).
Abu Said Xudriy roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qilish – barakadir, bir qultum suv bilan bo‘lsa ham saharlik qiling”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Baraka jamoat va saharlikdadir”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati)
Irboz ibn Sariya roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida meni saharlikka chaqirib, “Baraka dasturxoni sari shoshilgin”, dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy rivoyati).
Nabiy alayhissalom sahobalar bilan birga saharlik qilardilar
Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu bunday deydi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan saharlik qildim. So‘ngra u zot bomdod namoziga turdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Saharlik – Islom ummatini ahli kitobdan ajratib turuvchi amallardan biri
Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bizning ro‘zamiz bilan ahli kitobning ro‘zasi orasidagi farq saharlik qilishdadir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Saharlikda duo qabul bo‘luvchi vaqt bor
Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo har kechaning oxirgi uchdan biri qolganda: “Kim Menga duo qiladiki, Men uni qabul qilsam, kim Mendan so‘raydiki, Men unga bersam, kim Menga istig‘for aytadi, Men uni mag‘firat qilsam”, deydi», dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Saharlik qilish Alloh va farishtalarning rahmatiga noil qiladi
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qiluvchiga Alloh va farishtalarning rahmati bo‘ladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Saharlikda xurmo iste’mol qiling
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Xurmo mo‘min uchun qandoq ham yaxshi saharlik”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Alloh taolo barchamizning tutayotgan ro‘zalarimizni O‘zining roziligi bilan mukofotlasin.
Davron NURMUHAMMAD