Turkiyaning "TRT-Avaz" va "Samarqand-TV" telekanallarining muborak Ramazon oyi uchun mo‘ljallangan dasturlarida O‘zbekiston tarixiy shaharlari haqidagi ko‘rsatuvlar namoyish etilyapti, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Mazkur telekanallarning muborak Ramazon dasturlari uchun aynan O‘zbekistonni tanlagani bejiz emas. Chunki, turk xalqi mamlakatimizni "Ota yurt" deya e’zozlaydi, mushtarak milliy va diniy qadriyatlarimizning asoslarini Movarounnahrda deb biladi.
"TRT-Avaz" tekanalida namoyish etilayotgan "Turkistonda so‘zning mohiyati", "Samarqand-TV"da taqdim etayotgan "Saharlik majlisi" va "Iftordan avval" dasturlari butun Ramazon oyi davomida "praym-taym" vaqtida efirga uzatilayotgani e’tiborga molikdir.
Qayd etish kerakki, dasturlar davomida mamlakatimizning tarixiy va muqaddas diniy qadamjolari, Movarounnahrda yetishib chiqqan islom olamidagi mashhur olimlar, shuningdek, so‘nggi yillarda yurtimizdagi qadimiy ziyoratgohlarni asrab-avaylash va obodonlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi ma’lumotlar teletomoshabinlar e’tiboriga taqdim etilyapti.
Mazkur teleloyihalar mamlakatimizning ziyorat turizmi salohiyatini targ‘ib qilish va yurtimizga sayyohlar oqimini ko‘paytirish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz alayhissalom Isro kechasida Ibrohim alayhissalomning oldilaridan o‘tdilar. Ibrohim alayhissalom: "Ey Jabroil, yoningizdagi bu kim?" deb so‘radilar. Jabroil alayhissalom: "Bu Muhammad sollallohu alayhi vasallamdir", deb javob berdilar. Shunda Ibrohim alayhissalom Muhammad sollallohu alayhi vasallamga: "Ummatingizga buyuring, jannat daraxtlarini ko‘p eksinlar. Zero, jannatning tuprog‘i unumdor va yeri juda keng", dedilar. Payg‘ambarimiz alayhissalom: "Jannatning daraxtlari qaysi?" deb so‘radilar. Ibrohim alayhissalom: "Laa havla va laa quvvata illa billah" kalimasi, deb javob berdilar.