Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Mart, 2025   |   11 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:24
Quyosh
06:42
Peshin
12:38
Asr
16:39
Shom
18:28
Xufton
19:41
Bismillah
11 Mart, 2025, 11 Ramazon, 1446
Yangiliklar

Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishida yangi bosqich: muhim qarorlar muhokama qilindi

7.03.2025   3635   4 min.
Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishida yangi bosqich: muhim qarorlar muhokama qilindi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ilmiy kengashning qurilish va ekspozitsiya ishlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston FA vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari vakillari, Alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash direksiyasi rahbari Rustam Shoabdurahmonov, Shayx Abdulaziz Mansur, xattot Habibullo Solih, akademik Akbar Hakimov kabi bir qator olimlar va tashkilotlar mas’ullari (zoom orqali) hamda Markaz xodimlari ishtirok etdi. 
 

Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi uchrashuvda binoning yangi bosqichdagi rivojlanish yo‘nalishlari muhokama qilindi. 


Unda Markaz ekspozitsiyasida namoyish etiladigan xattotlik asarlari, Qur’on oyatlari yozilgan gilamlar, bino fasadiga o‘rnatilgan hadislar tarjimasi, shuningdek, rassom Bahodir Jalolov va Sobir Raxmetov asarlari, “Bayram” nomli so‘zananing muzey ekspozitsiyasiga qabul qilinishi masalalari ko‘rib chiqildi.


Uchrashuv avvalida Shayx Abdulaziz Mansur Markaz Qur’on zali uchun tayyorlanayotgan 8 ta gilamda aks etishi belgilangan oyatlar haqida o‘z fikrlarini bildirdi:


"Bizning asosiy maqsadimiz – gilamlarda aks etgan muqaddas so‘zlarni  keng jamoatchilikka tushunarli va ravon tarzda yetkazishdir. Shu bois, ravoqlarda aks etgan har bir oyat va hadis o‘zbek tilidagi tarjimasi bilan ham berilishi kerak. Bu Markazga tashrif buyuruvchilarga islom ta’limoti va uning ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatini yanada chuqurroq anglash imkonini yaratadi. Shuningdek, tarjimalar aniq, mazmunan mukammal va diniy-ilmiy jihatdan izchil bo‘lishi shart. Bunda eng to‘g‘ri va ishonchli manbalardan foydalanish, mutaxassislar bilan maslahatlashish, olimlarimizning tajribasiga tayanish zarur. Islom sivilizatsiyasi markazi – islom ma’rifati, madaniyati va tamaddunining ulkan ilmiy-madaniy majmuasi bo‘ladi. Uning fasadi ham ma’naviy mohiyatini aks ettirishi kerak. Shu bois, ushbu 44 ta ravoqdagi yozuvlar Markazning umumiy konsepsiyasiga, islom ta’limotiga va tarixiy manbalarga to‘la mos kelishi lozim", – dedi Markaz katta ilmiy xodimi Abdulaziz Mansur.


Qurilish masalalari doirasida binoning to‘rtta asosiy kirish joyida o‘rnatiladigan marmar toshlarda aks etadigan yozuvlar, markaz eshiklari va suratlar galereyasi o‘rtasidagi yo‘lak dizayni, marmar taxtachada aks ettiriladigan matn mazmuni yuzasidan ham takliflar bildirildi. 


"Biz bu yerda markazning asosiy g‘oyalarini aks ettiruvchi ramziy elementlar, yozuvlar va naqshlarni joylashtirishimiz kerak. Ushbu yozuvli toshlar islom ilm-fani, madaniyati, ma’naviyatining eng muhim jihatlarini yozib qo‘yish, ularni tarixiy manbalar asosida ishlab chiqish maqsadga muvofiq. Chunki bu yerga tashrif buyuruvchi har bir kishi islom sivilizatsiyasining ulkan ilmiy va ma’naviy merosini his etishi kerak. Shuningdek, bu stelalar shunchaki yozuvlar bilan cheklanmasligi lozim", — dedi Markaz bo‘lim boshlig‘i Shoazim Minovarov.


Markaz ilmiy-innovatsion loyihalari, xususan, Maxdumi A’zam ilmiy-tadqiqot fondi bilan hamkorlik, ravoqlar bo‘yicha masalalar ham muhokama qilindi. Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi g‘alabasining 80 yilligiga bag‘ishlangan media-loyiha konsepsiyasi taqdim etildi.


"Bugungi Ilmiy kengash uchrashuvi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli, har bir uchrashuvda biz ekspozitsiyani yanada boyitish va takomillashtirish uchun yangi takliflarni birgalikda muhokama qilib kelyapmiz. Ayni kunlarda ekspozitsiyani shakllantirishdagi eng muhim jihatlardan biri – uning ilmiy asoslanganligi va keng qamrovli bo‘lishidir. Shu bois, bugungi yig‘ilishda ilmiy tadqiqotlarga asoslangan takliflar muhokama qilindi, hamda ularni amaliy jarayonga tatbiq etish masalalari ko‘rib chiqildi. Ilmiy kengash – bu markazning yuragi, deb aytish mumkin.


Chunki aynan shu yerda ilmiy yondashuv asosida loyihalar shakllantiriladi, tarixiy haqiqatlar qayta tiklanadi va madaniy merosni asrash hamda keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilinadi", — dedi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov.


Ilmiy kengashning navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishi yakunida kun tartibidagi barcha masalalar atroflicha muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati

Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishida yangi bosqich: muhim qarorlar muhokama qilindi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishida yangi bosqich: muhim qarorlar muhokama qilindi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishida yangi bosqich: muhim qarorlar muhokama qilindi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishida yangi bosqich: muhim qarorlar muhokama qilindi
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Bu yilgi Ramazon mening hayotimda...

7.03.2025   13927   2 min.
Bu yilgi Ramazon mening hayotimda...

Mening hozirgi kasbim haydovchilik. Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidan Toshkent shahriga qatnayman. Har yili Ramazon oyi kelishi bilan meni biroz o‘y bosardi. Sababi – poytaxtga kelib, bu yerdagi masjidlarda o‘qiladigan xatmi Qur’onlarda qatnashgan chog‘larim ruhim tiniqar, toliqsam-da, o‘zimni tetik his etardim. Ammo, bir kun shaharda, boshqa kuni qishloqda bo‘lishga to‘g‘ri kelar, qishlog‘imiz masjidida esa tarovihning o‘zi o‘qilardi. Har kuni xatmga qatnasholmaganimdan dilim g‘ash bo‘lardi.
 

Alhamdulillah, bu yilgi Ramazonda bizning qishloqdagi “Chim” jome masjidida imomimiz Abdulaziz domla Abdullayev boshchiligida ham xatmi Qur’on bo‘layotir. Yosh va g‘ayratli uch nafar qori dovon osha voha ahlini Qur’on fayzidan bahramand etish uchun yuborilibdi. To‘g‘risi, esimni taniganimdan beri qishlog‘imizda tarovihlar o‘qilar, ammo biror marta xatmi Qur’on o‘qilmagan. Bundan juda mamnun bo‘ldim. Endi shaharda bo‘lamanmi, qishloqdami – Qur’on xatmini kelgan joyidan tinglab, jamoat namozi fayzidan bahramand bo‘lyapman.
 

Kasb taqozosi bilan turli tabiatli odamlarni uchrataman. Ba’zilar bilib-bilmay zamondan nolib qolishadi. Shunday paytlarda tinchlik, sog‘lik, ofiyat kabi katta ne’matlar qatorida qishlog‘imizda boshlangan xatmi Qur’onlar yurtimiz bo‘ylab bir ming yetti yuzdan ortiq masjidlarda birday o‘qilayotgani ulug‘ ne’mat, deb o‘ylayman. Men uchun katta xursandchilik bo‘lgan ushbu xayrli ishning amalga oshirilishida tashabbus ko‘rsatib, hissa qo‘shgan barchaga, xususan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatiga minnatdorlik bildiraman.
 

Insha Alloh, Qadr kechasida bir vaqtning o‘zida xatmonalar qilinib, duolar qilinar ekan. Yurtimiz masjidlari qatorida biz ham hamqishloqlarimiz bilan qo‘llarimizni ochib, “omin” deyish niyatidamiz.
 

Alloh o‘sha kunlarga ham sog‘lik-omonlikda yetkazib, xatmonalar, duolar sharofatidan Vatanimizga fayzu barakasini mo‘l-ko‘l yog‘diraversin.

Omonbek Toshniyozov,

Qamashi tumani, Chim qishlog‘i