Toshkent islom instituti talabalari uchun “Fatvo berishga kim haqli?” mavzusida tadbir tashkil etildi. Tadbirda “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi dots.nti, islomshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Saidjamol Masayitov ma’ruza qildi.
Shuningdek, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Bahriddin Parpiyev va professor-o‘qituvchilar ishtirok etishdi.
Shubhasiz, islomda fatvoning o‘rni va ta’siri muhim bo‘lishi bilan birga o‘ta mas’uliyatli vazifa ham hisoblanadi. Chunki fatvodan Allohning hukmlarini bayon qilish maqsad qilinib, unda halol-harom, savob-gunoh kabi me’yorlar ko‘rsatib beriladi. Fatvo berish o‘ta mas’uliyatli ish bo‘lib, fatvo beruvchi Alloh va Uning rasuli nomidan gapiradi.
Talabalarga mavzu yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Namangan viloyati bosh imom xatibi Musoxon domla Abbasiddinov boshchiligida Namangan tumanining Shodlik tantanalar majmuasida hamda Yangi Namangan tumanining “Hazrati Bilol“ jome masjidida yig‘ilishlar o‘tkazildi.
Viloyat vakilligi xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari hamda "Haj – 2024" ziyoratchilari, mahalla ahli ishtirok etgan ma’rifiy tadbirlarda dinimiz jamiyatda yashayotgan insonlarni o‘zaro tinch-totuv, hamjihatlikda yashashga buyurishi, ular o‘rtasida mehr-oqibat, o‘zaro hurmatga chorlashi hayotiy misollar asosida aytib o‘tildi.
Shuningdek, Qur’oni karim, hadisi shariflarda ilm va hunarga targ‘ib qiluvchi ko‘rsatmalarni misol sifatida keltirib, har bir ota-ona farzandiga el-yurt uchun kerakli bo‘ladigan hunar va foydali ilmlarni ham o‘rgatishi lozimligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, yosh avlod ongiga ona yurtga muhabbat, tinch-osoyishta hayotimizni qadriga yetish hamda shukronalik tuyg‘ularini singdirish masalalariga urg‘u berildi.
Tadbirlarning amaliy qismida mas’ullar Yangi Namangan tumani masjidlari hududidagi mahallalarning bir necha xonadonlariga kirib, aholi vakillaridan hol-ahvol so‘rashdi. Ularning muammolari o‘rganildi. Taklif va fikr-mulohazalari tinglandi. Lozim bo‘lgan oilalarga moddiy-ma’naviy ko‘maklar ko‘satildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati