Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Mart, 2026   |   12 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:40
Quyosh
06:58
Peshin
12:40
Asr
16:29
Shom
18:17
Xufton
19:29
Bismillah
01 Mart, 2026, 12 Ramazon, 1447
Maqolalar

Ramazonda oilani mustahkamlashning 5 yo‘li

18.03.2025   7372   4 min.
Ramazonda oilani mustahkamlashning 5 yo‘li

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ramazon – bu faqatgina ro‘za tutish va ibodat oyi emas, balki oila a’zolari o‘rtasidagi mehr-oqibatni mustahkamlash uchun eng qulay davrdir. Ushbu muborak oyda oilaviy muhitni yaxshilash, farzandlarni tarbiyalash va bir-biriga mehr ko‘rsatish imkoni yanada oshib, jamoaviy ibodat va birdamlik hissi kuchayadi.

Ramazon – shukr, sabr va saxovat oyi bo‘lib, aynan shu fazilatlar oilada muhabbat va iliq muhitni shakllantiradi. Quyida Ramazonda oilaviy muhitni mustahkamlash yo‘llari va ularning islomiy hamda ilmiy asoslari haqida batafsil ma’lumot beriladi.

1. Birgalikda iftorlik va saharlik qilish.

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: "Odamning ertalab va kechki ovqatini birga yeyishi – barakadir" (Imom Muslim rivoyati).

Har kuni bir dasturxon atrofida jam bo‘lib ovqatlanish oila munosabatlarini mustahkamlashda katta ahamiyatga ega. Kundalik hayotda ish, o‘qish va boshqa majburiyatlar tufayli bu doimiy amalga oshmaydi. Biroq Ramazon oyi buni odatga aylantirish uchun ajoyib imkoniyatdir.


Amaliyotda qo‘llash yo‘llari:

Iftor va saharlikni barcha oila a’zolari birgalikda tayyorlashi lozim.

Bolalarni kichik vazifalarga jalb qilib, ularni jamoaviy ishga o‘rgatish.

Iftordan avval duolar o‘qish va oilaviy ma’naviy suhbatlar o‘tkazish.


2. Birgalikda ibodat qilish.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kim Ramazonda iymon va ixlos bilan ro‘za tutsa, uning oldingi gunohlari kechiriladi" (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Ramazon oyi ibodatga e’tiborni kuchaytirish uchun eng mos vaqtdir. Oila a’zolari birgalikda namoz o‘qishi, Qur’on tilovati qilish va diniy suhbatlar uyushtirishi – ularning o‘zaro munosabatlarini yanada mustahkamlaydi.


Amaliyotda qo‘llash yo‘llari:

Kamida bir vaqt namozni birgalikda o‘qish.

Qur’on o‘qishga va duolarni yodlashga rag‘batlantirish.

Taroveh namozini jamoat bilan masjidda yoki uyda o‘qish.


3. Oilaviy sabr va qanoatni rivojlantirish.

Qur’onda bunday marhamat qilinadi: "Albatta, sabr qiluvchilarga mukofotlari hisob-kitobsiz beriladi" (Zumar, 10).

Ro‘za – sabr va shukrni shakllantiradigan eng muhim ibodatlardan biridir. Oila a’zolari Ramazon oyida o‘zlarini tarbiyalab, sabrni kundalik hayotning ajralmas qismiga aylantirishlari lozim.


Amaliyotda qo‘llash yo‘llari:

Kelib chiqqan muammolarga xotirjam va sabr bilan yondashish.

Farzandlarni sabrga o‘rgatish uchun ularga kichik vazifalar berish (masalan, bir hafta davomida har kuni duolarni yodlash).

Ramazonda sabr va qanoat haqida oilaviy suhbatlar tashkil etish.


4. Saxovat va mehribonlikni kuchaytirish.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: "Eng yaxshi odam – oilasi uchun eng yaxshisidir" (Imom Termiziy rivoyati).

Ramazon oyi – saxovat va mehr-muhabbat oyidir. Oilaviy muhitni yaxshilashning eng yaxshi usullaridan biri – bir-biriga va boshqalarga saxovatli bo‘lish, muhtojlarga yordam berishdir.


Amaliyotda qo‘llash yo‘llari:

Birgalikda xayriya ishlarini amalga oshirish.

Farzandlarga sadaqa qilish odatini o‘rgatish.

Oila a’zolari bir-biriga mehribon va samimiy munosabatda bo‘lishlari kerak.


5. Oilaviy an’analarni shakllantirish oilani birlashtirishning eng yaxshi usullaridan biri – Ramazon oyida birgalikda amalga oshiriladigan an’analarni shakllantirishdir.


Amaliyotda qo‘llash yo‘llari:

Har kuni iftordan keyin oilaviy hikoya yoki tajriba almashish odatini joriy qilish.

Farzandlar bilan Ramazon taqvimi tuzish va ularning ibodatini kuzatib borish.

Ramazon oxirida oilaviy yig‘ilish o‘tkazib, yil davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan yaxshi ishlarga reja tuzish.

Ramazon oila a’zolarini birlashtirish, mehr-muhabbatni kuchaytirish va umumiy diniy muhitni mustahkamlash uchun ajoyib imkoniyatdir. Iftor va saharlikni birga qilish, ibodatni jamoaviy ado etish, sabr va qanoatni shakllantirish, saxovat va mehribonlikni rivojlantirish, shuningdek, oilaviy an’analarni yaratish orqali oila munosabatlarini mustahkamlash mumkin.

Ramazon – faqatgina ro‘za oyi emas, balki oilani mustahkamlash, mehr-oqibatni kuchaytirish va Allohga yaqinlashish uchun eng go‘zal davrdir. Shunday ekan, bu muborak oyda oila muhitini yanada iliq va samarali qilishga harakat qilaylik!


Osimxon Muhiddinov,
Yangi Namangan tumani “Hazrati Bilol” jome masjidi imom noibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Muslimaligingiz - sharafingizdir

27.02.2026   3261   1 min.
Muslimaligingiz - sharafingizdir

Shodlik kelmog‘idan umidingmi uzding,
Ulug‘
zot taqdiriga qani iymoning?

Allohning yo‘lida sizga yetgan barcha narsa Uning izni ila gunohlaringizga kafforot bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: إذا صلت المرأة خمسها وصامت شهرها وحفظت فرجها وأطاعت زوجها قيل لها ادخلي من أي أبواب الجنة شئت

«Agar ayol besh vaqt namozini o‘qisa, farz ro‘zasini tutsa, nomusini saqlasa va eriga itoat qilsa unga “jannat eshiklaridan xohlaganingdan kiraver deyiladi”» (Imom ibn Hibbon rivoyati).

Bu ulug‘ amallarni bajarsangiz mehribon va rahmli Zotga yo‘liqasiz hamda U sizga dunyo va oxiratda yordam beradi.

Shariat belgilagan o‘rinda to‘xtang. Allohning kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari yo‘lidan yuring. Siz muslimasiz. Bu esa ulug‘ sharaf, ulkan faxrdir. Sizdan boshqalar esa nasroniy, yahudiy, dinsizlik yoki umuman Islomga muxolif bo‘lgan millat va elatlarda tug‘ilgan. Ammo sizni Alloh muslima qilishni ixtiyor etdi. Sizni Muhammad sollallohu alayhi vasallamning izidan boruvchilardan qildi hamda Oisha, Xadija va Fotima roziyallohu anhumga ergashganlardan qildi. Sizni besh mahal namoz o‘qishingiz, Ramazon ro‘zasini tutishingiz va har tomonlama iffatingizni saqlashingiz yoqimli emas-mi? Allohni Robb, Islomni din va Muhammad alayhissalomni payg‘ambar deb bilishingiz eng qadrli ne’mat, baxtingiz emas-mi?!

Shu’la: Sizning diningiz oltiningiz, axloqingiz bezagingiz va odobingiz esa mol-mulkingizdir.

Doktor Oiz al-Qarniyning
"Ro‘zadorlar uchun darslar" kitobidan

Maqolalar