Muborak Ramazon oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan amalga oshirilayotgan xayriya tadbirlari salmog‘i ham oshib bormoqda. Bu jarayonda ko‘plab kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarga, yetim va miskinlarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilyapti.
Yaqinda fondning Farg‘ona viloyati filiali tomonidan tashkil etilgan xayriya tadbirida ham ana shu toifadagi yuzlab oilalarga Ramazon shukuhi kirib bordi.
Tadbir davomida viloyat hududida yashovchi 300 ta ijtimoiy-moddiy yordamga muhtoj oilaga 16 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi manzilma manzil yetkazildi.
Saxovatli homiylarimizdan yagona ROZZAQ rozi bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
"Vaqf" xayriya jamoat fondi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida juda muhim an’ana yo‘lga qo‘yilgan. Bu institut rahbariyatining talabalar bilan doimiy muloqotda bo‘lib turishini o‘z ichiga oladi. Kuni kecha mazkur an’ananing amaliy ko‘rinishi sifatida dolzarb mavzuda navbatdagi davra suhbati tashkil etildi.
Institut rektori Uyg‘un G‘afurov, Ilmiy ishlar va fan bo‘yicha prorektor Soatmurod Primov, “Qur’on ilmlari” kafedrasi mudiri Jahongir qori Ne’matov talaba-qizlar bilan bugungi kunning muhim masalalari, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasida turli salbiy holatlarning oldini olish borasidagi targ‘ibot ishlarida yangicha yondashuvlarni qo‘llash yuzasidan davra suhbati o‘tkazdi.
Uchrashuv ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy, axloqiy va siyosiy sohalarni o‘z ichiga qamrab oldi. Talaba-qizlarning ish samaradorligi nafaqat institut yoki diniy soha doirasida, balki ularning jamiyat oldidagi fuqarolik pozitsiyasi, Yangi O‘zbekistonning ma’rifatli ayoli timsolini shakllantirish yuzasidan mas’uliyatlari haqida to‘xtalib o‘tildi.
Talabalarga mahalliy va xalqaro miqyosda amalga oshiralayotgan muhim siyosiy jarayonlar haqida ma’lumot berilib, O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi, diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning mazmun-mohiyati ochib berildi.
Davra suhbati qizg‘in va faol muloqot shaklida o‘tkazilib, ustozlar talabalarni ilmiy jihatdan shijoatlantirdi hamda yuqori muvaffaqiyatlarga erishish usullari va ularning tadrijiy bosqichlari borasida tavsiyalar berildi.
Shuningdek, uchrashuvda institut rektori U.G‘afurov talabalarning ilmiy izlanishlari muhimligini ta’kidlab, Davlat Rahbarining O‘zbekistonda islom sivilizatsiyasi markaziga qilingan tashrif doirasida diniy-ma’rifiy soha vakillari oldiga qo‘ygan muhim vazifalarini va hamda talabalarning bu vazifalarni bajarishga salohiyatli kadr bo‘lishlari muhimligini eslatib o‘tdi.
Suhbat xayrli duo bilan yakunlandi. Unda ustozlar Yaratgandan talabalarning ilmiy faoliyatlariga muvaffaqiyat va baraka so‘radi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati