Muqaddas oylar, tabarruk makonlar, muborak joylar bor. Yaqinlashib kelayotgan kunlar Mohi Ramazon hayitiga chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda rahmat va marhamatga to‘la kunlar deyiladi. Bu xushdarak onlar Yaratganning bizga bo‘lgan in’om va muruvvatini ulasharkan, ko‘ngildan himmat va saxovat, mehr va silai rahm toshadi. Ota-onalarimizga, qarindosh-urug‘larga, jamoalarimizdagi qadrdonlarimizga, vatandoshlarimizga yaxshiliklar ilingimiz keladi. Shirin so‘z bilan, ochiq yuz bilan ular dargohiga shoshamiz. Ramazon hayitida yetimlarni yo‘qlash, kam ta’minlangan va nogironligi bo‘lgan hamyurtlarimizning ko‘ngliga quvonch ulashish qadimiy qadriyatlarimiz, islomiy odoblarimizdan sanaladi. Bir oy ixlos bilan tutgan ro‘zalarimiz yakuniga yetarkan, ulug‘ kun munosabati bilan hadyalar ulashamiz. Haqdorlarga zakotu, sadaqotlarni yetkazishga harakat qilamiz.
Bu muqaddas bayram kunida himmatu saxovat qilish, o‘zgalar ko‘magiga muhtojlar holidan xabar olish ajr-savoblarni ziyoda etadi. Topganimiz - nonu shirinliklar olib darvozalar eshigidan kirib borarkanmiz, qadrdon chehralar, gulgun qiyofalardagi rizolik, bolalarning tabassumi yuragimizni yoritib yuboradi. Ana shu lahzalarda ko‘ngilda shukronani tuyamiz.
Ramazon taqvo, hilm, saxovat oyi sifatida bizlarni ezgu amallar qilishga chorladi. Alloh o‘zining Kalomida “Ehsonning mukofoti ehson”, - deb marhamat qiladi. Qo‘shnisiga ne’mat ulashgan, xastalar holidan xabar olgan, ilm talabida yurgan yoshlarga sharoit yaratgan, imkoniyatidan kelib chiqib, orttirgan mablag‘idan haqdorlarga himmat qilgan musulmon birodarlarimizning bu xayrli tashabbuslari ortida ulug‘ mukofot turibdi, inshaalloh. Xalqimiz ko‘zlarida quvonch bilan, yuraklari yashnab, tabarruk bayramni kutib olyaptilar. Keksalar hovuchlarini duoga to‘ldiradilar. Birni berganga Yaratgan mingni ulashsin. Kulib boqqanga olam kulsin. Ramazon hayitining tabarruk lahzalaridan dasturxonimizga rizqu ro‘z, xayru- barakot yog‘ilsin!
O‘zbekiston o‘zbeklar bilan bir qatorda mana shu zaminda kamol topayotgan boshqa millat vakillariga ham birdek aziz maskan. Bu zaminda dini va millatidan qat’iy nazar xalqlar o‘zaro ahillik, hamjihatlik bilan umr o‘tkazmoqdalar. Dunyo ayvonida sodir bo‘layotgan diniy-ekstremistik tahdidlar, notinchliklar barcha ezgu niyatli insonlarni o‘ylashga, mushohada qilishga da’vat etadi. Ona diyorimizning tinchligini ta’minlashga, Yangi O‘zbekistonda odamlarni rozi qilish yo‘lidagi islohotlar-u, tashabbuslarga labbay deya bel bog‘lashimiz, qo‘ldan kelgancha bir-birimizga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatishimiz, yaratuvchanlik ishqi bilan yashashimiz –ma’naviy kamolotimizdan darak beradi. Fazilat sohiblari, aql egalari bugungi hayotni tahlil etib, shukrona qilishadi. Yaxshiliklar, ne’matlar shunchalar ko‘pki, sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. O‘ksik ko‘ngillarni xursandchilikka to‘ldirish, xastalik shukrini qilayotgan odamlarni ziyorat qilish, otasiz o‘sayotgan bolalarga tirgak bo‘lish, onalarini yo‘qotgan qizaloqlarga silai rahm qilish har bir sof tabiatli insonning ko‘ngil amri. Ular bu amallarini xolis Haq yo‘lidagi mardonalik deb biladilar. Ramazon munosabati bilan ortgan bu kabi xayrli tashabbuslar yil davomida mard yigitlarimiz, hayot haqiqatini anglagan oila boshliqlarimizni harakatga solaveradi. Qo‘li ochiq vatandoshlarimiz saxovat-mardlar fazilati ekanini yaxshi tushunadilar. Ayniqsa, hayit kunlarida bunday ehsonlar ko‘payib ketishi, odamlarning ma’rifati komillashib borayotganidan dalolat. Rahmon Parvardigorning va’dasi haqiqat. Yeng ichida qilingan yaxshiliklar, sohibiga tuganmas quvonchlar keltirishi haqiqat. Bu ulug‘ bayramni xursandchilik ayyomi deb bilmoq kerak. Musibat yetgan xonadonlarga borib, yig‘i–sig‘ilar qilishlik bilan ularning dardini yangilash, turli bid’at va xurofotlarga aralashish kerak emas. Shundog‘am ozor topgan dillarga tashvish ortish, isrofga yo‘l ochib, ularning xarajatlari ortishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Ulug‘ kunlar fayzidan bebahra qolmaslik uchun ham xayrli ishlarga shoshmoq kerak. Bir oy ro‘zani ixlos bilan tutib, xayr topdim deya sevinsa-yu, keyin yana avvalgi sho‘xliklarni takrorlab, gunohkor bo‘lishdan saqlanmoq kerak. Nafsining tarbiyasi yo‘lidagi jiddu jahd odamzodning mashaqqatli yumushi bo‘lmog‘i lozim.To‘qlikka sho‘xliklar qilishdan avval o‘ylash kerak.
Sizga yetgan ne’mat shukrini ado qilishga vaqt borida savoblar tomon shoshilish lozim. Mazlumga madad bergan, musofirni suyagan, ko‘ngli yarimlarni ayagan odamlar kam bo‘lganini ko‘rmadik. Ehson qilganni boy topdik, berganni behojat ko‘rdik, xastani yo‘qlaganni salomat ekanini kuzatdik, deyishadi keksalar bilan suhbatlashsak.
Ha, Iydi Ramazon bu diyorda yashayotgan barcha vatandoshlarimiz ayyomi. Bu vatanda tinchligu osoyishtalik barqaror ekan, yaxshi kunlar bardavom bo‘laveradi. Yurtdoshlarimizga Saodat ayyomi muborak bo‘lsin. Marhabo, Iydi Ramazon, xush kelding, Iydi Ramazon! Olam ahliga mehr-shafqat, yaxshilik ulashadigan, bir birimizga odamiylik ehtiromini ko‘rsatadigan savobli onlar fayzidan bahramandlik muborak bo‘lsin!
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi
Alloh taolo aytadi: «Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir»[1].
O‘zingizdan boyroq bo‘lganlar bilan tenglashishga urinmang. Aks holda bo‘yningizgacha qarzga botib, malomatga qolasiz.
O‘zingizga, oila a’zolaringizga, shuningdek, qo‘li yupin kishilarga nisbatan ziqnalik qilmang.
Ziqna odam uchun ta’magir bo‘lmasdan yashayotganining o‘zi katta gap. Alloh taolo aytadi: «(Baxillik qilib) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang. Aks holda malomat va mahrumlikda o‘tirib qolursiz»[2].
Men juda katta maosh oladigan, biroq oy tugamasidanoq oyligidan bir chaqa ham qolmaydigan kishilarni bilaman. “Ular shuncha pulni, mol-dunyoni qayerga sarflashyapti ekan”, deb hayron qolaman. Alloh taolo aytadi: «...va mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki isrofgarlar shaytonlarning do‘stlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukr edi»[3].
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu: “Ancha kunga yetadigan ro‘zg‘orlikni bir kunda ishlatib yuboradigan oilaga achchig‘im keladi”, deganlar.
Muoviya roziyallohu anhu: “Zoye bo‘lgan, birovning haqqi o‘tib ketgan narsani “isrof” deb hisoblayman”, deganlar.
Sarf-xarajatda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yadiganlar, ziqnalik qiluvchilar dunyoda har kuni qanchadan-qancha musulmon ochlikdan o‘layotganini nahot bilishmasa?!
Kimdir e’tiroz bildirib: “Ular bizdan uzoqda-da” desa, “Axir ular bizning Islomdagi birodarlarimiz, din qardoshlarimiz-ku!” – deymiz. Biz erta qiyomat kunida ular borasida ham so‘roq qilinmaymizmi? Qolaversa, oramizda ro‘zg‘origa ora-sirada go‘sht kiradiganlar bor. Gohida shu ozgina go‘shtni olishga ham imkon topa olmay, oylab go‘sht yemaydilar.
Bir jamoa odamlar Qays ibn Uboda roziyallohu anhuning oldilariga ozroq yegulik so‘rab kelishdi. U zot bog‘larida to‘kilgan mevalarni terib, yaxshisini chirigidan ajratib saralayotgan edilar. Ular Qays roziyallohu anhuga nima uchun kelishganini aytishdi. Sahobiy ularga so‘raganlarini berdilar. Kelgan jamoa bir-birlariga ajablanib qarab: “Nochor hayot kechirayotgan bo‘lsangiz, yana qizg‘anmay infoq qilishingiz qiziq bo‘ldi-ku”, deyishdi. U zot: “Sizlarga ehson qilish uchungina shunday yashayman”, dedilar (ya’ni, sahobiy roziyallohu anhu men iqtisod qilaman va isrof qilmaganim holda, siz kabi muhtojlarga yordam berishga ham ortinaman demoqchi bo‘ldilar).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Chiqimda iqtisod qilish tirikchilikning yarmidir. Odamlarga muhabbatli bo‘lish aqlning yarmidir. Chiroyli savol berish esa yarim ilmdir”, [4] dedilar.
Ulug‘lardan biri aytadi: “Kim farzandiga iqtisod qilib yashashni o‘rgatsa, unga ko‘p meros qoldirishdan ham ko‘proq yaxshilik qilibdi”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Furqon surasi, 67-oyat.
[2] Isro surasi, 29-oyat.
[3] Isro surasi, 26–27-oyatlar.
[4] Imom Tabaroniy rivoyati.