Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Chilonzor tuman hokimligi hamda Ma’rifiy targ‘ibot markazi hamkorligida Chilonzor tumanidagi 195-maktabda "Xo‘ja Alambardor" jome masjidi imomi Rahimberdi domla Rahmonov ishtirokida "Ne’matlar shukri ila ziyoda bo‘ladi" mavzusida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Ma’ruza davomida shukr – bu faqat til bilan "shukr" deyish emas, balki ne’matni o‘z o‘rnida ishlatish, noshukrlikdan saqlanish va doimo minnatdorlik hissi bilan yashash kerakligi to‘g‘risida aytildi.
Shuningdek, jaholatning salbiy oqibatlari va uning oldini olishda ilm-ma’rifatning o‘rni hamda Islom dinining haqiqiy mohiyati va insonparvarlik tamoyillari haqida tushunchalar berildi.
Bugungi davrda yoshlarni jamiyatga zid bo‘lgan yot g‘oyalardan asrash haqida to‘xtalib o‘tildi.
Tadbir so‘ngida aholi tomonidan berilgan savollarga javoblar berildi.
Bugun, 1 iyun kuni Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia taklifiga binoan Jidda shahrida tashkil etilgan 49-haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi vazirlar, muftiylar, ulamolar va haj xizmatiga aloqador turli sohalar yetakchilari bilan birga ishtirok etdi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, “Haj” va “Umra” bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy va bir qator soha mutasaddilari qatnashdi.
Qur’oni karim tilovati bilan boshlangan anjumanni mamlakat Haj va umra ishlari vaziri kirish so‘zi bilan ochib, martabali mehmonlarni Makkai mukarramaga tashriflari va nufuzli tadbirdagi ishtiroki bilan qutlab, haj mavsumini yuqori darajada o‘tkazish yuzasidan amalga oshirilayotgan yangi loyihalar to‘g‘risida so‘zladi.
Xalqaro anjuman doirasida haj ibodatini yengillashtirish, ziyoratchilarga qulay sharoit yaratish, joriy haj mavsumi yozning issiq kunlariga to‘g‘ri kelayotgani, hojilar salomatliklariga e’tibor qilishlari, Arafot hududidagi Rahmat tog‘iga chiqishdan saqlanishlari, shuningdek, haj xizmatidagi tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash kabi muhim mavzular muhokama qilindi.
Xalqaro anjumanda Saudiya Arabistoni Podshohligining ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sohasida amalga oshirayotgan ko‘lamli ishlari haqida so‘z yuritildi. Musulmonlarga xizmat qilish uchun Ikki Muqaddas Masjiddagi eng muhim loyiha va katta o‘zgarishlar taqdimot qilindi. Shuningdek, haj amalini ado etishda qonuniy ruxsatnomalarga va amaldagi qoidalarga rioya qilish alohida ta’kidlab o‘tildi.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu simpozium 1970 yildan buyon har yili o‘tkaziladi. Bu yilgi anjumanda 50 dan ortiq davlatdan 500 dan ziyod olim va mutafakkirlar mavzu yuzasidan muhim masalalarni muhokama qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati