Odatda odam bir natija ko‘rsatsa, nimagadir erishsa bunda o‘zining kuch va imkoniyatlari, harakatlarini birlamchi sanay boshlaydi va shunda xatoga yo‘l qo‘yadi. Holbuki, Allohning fazlisiz hech kim hech bir narsaga ega bo‘la olmaydi.
UFC chempioni Joze Aldo 10 yil mobaynida hecham yengilmagan. Lekin Ligada yangi jangchi bilan urushganida esa 13 sekundda nokautga uchragan.
Krishtianu Ronaldo eng cho‘qqiga chiqqan edi. Lekin Liga chempionatida gol ura olmadi.
Yugurish bo‘yicha rekordchi Useyn Bolt finalda oyog‘i qayrilib, finishga yetib bora olmagan.
Mashhur Mixael Shumaxer esa oyog‘ini sindirib olib, chempionatni o‘tkazib yuborgan.
Afsonaviy shaxmatchi Robert Fisher hayotidagi eng muhim o‘yinda yosh bola qiladigan xatoga yo‘l qo‘yib, yutqazgan...
Demak, hayotda nima bo‘lishidan qat’iy nazar esda tuting: nasibada borini olasiz. Harakat va urinishlar sabablar, xolos.
Shunday ekan, har ishga siqilmang. Allohga suyaning. Hammasini Uning amridan, deb biling! Adashib, uloqib ketishdan panoh tilang. Zotan, inson baribir ojizdir.
Alloh taolo Haj surasining 73-oyatida bunday misol keltiradi: “...bir pashshani yarata olmaslar, agar pashsha ulardan biror narsani tortib olsa, uni undan ayirib ololmaslar”. Rostdan ham, bir pashsha chaqsa, uni tutishga, bizdan olganini qaytarib olishga qodir emasmiz. Bas, Rabbimizga tayanib, o‘zimizni, ishlarimizni havola qilib yashaylik, azizlar! Ishoning, bu eng ulug‘ saodatdir.
Akbarshoh Rasulov
So‘nggi yillarda mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va moliyaviy xizmatlarni ommalashtirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayon diniy muassasalar faoliyatida ham o‘z aksini topib, masjidlarga xayriya qilish va kommunal to‘lovlarni amalga oshirish tizimi raqamlashtirilmoqda.
Bugungi kunda Payme va Click to‘lov ilovalari orqali “Xayriya” bo‘limida masjidlar va jamoat tashkilotlariga onlayn mablag‘ o‘tkazish imkoniyati mavjud. Foydalanuvchi ilovada tegishli tashkilotni tanlab, ixtiyoriy miqdordagi mablag‘ni Uzcard yoki Humo kartalari orqali amalga oshiradi. Barcha operatsiyalar elektron chek va to‘lov tarixi orqali tasdiqlanadi.
Shuningdek, Domo ilovasi orqali ayrim hududlarda masjidlarning elektr energiyasi, gaz, suv va boshqa kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarini onlayn tarzda amalga oshirish imkoniyati yaratilgan. Bu esa qarzdorlikni nazorat qilish, hisob-kitoblarni tizimli yuritish va ortiqcha qog‘ozbozlikni kamaytirishga xizmat qiladi.
Raqamli yechimlar masjidlar faoliyatida moliyaviy shaffoflik, tezkorlik va samaradorlikni ta’minlab, fuqarolar uchun qulay shart-sharoit yaratadi. Kelgusida mazkur xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirish kutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati