Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Iyun, 2025   |   7 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:09
Quyosh
04:51
Peshin
12:26
Asr
17:34
Shom
19:54
Xufton
21:30
Bismillah
03 Iyun, 2025, 7 Zulhijja, 1446

Alloh bunday bandalarni yaxshi ko‘radi

19.05.2025   6173   5 min.
Alloh bunday bandalarni yaxshi ko‘radi

Har bir ishni puxta qilish – bu insonning o‘z vazifasiga jiddiy, mas’uliyatli va professional yondashishini anglatadi. Puxta ishlash nima? Puxta ishlash – ishni yuzaki emas, balki chuqur o‘ylab, reja asosida, kerakli bilim va mahorat bilan mukammal bajarishdir.

Shu bilan birga, bu sifatga e’tibor berish, mas’uliyatni his qilish, har bir qadamni aniq rejalashtirish, tafsilotlarga e’tibor qaratish va natijadan qoniqish hissini olish deganidir.

Puxta ishlash bir necha omillarga ko‘ra muhim sanalib, ulardan:

  1. Ish sifatli chiqadi – xatolar kamayadi, qayta tuzatishga ehtiyoj qolmaydi;
  2. Ishonch paydo bo‘ladi – odamlar sizga ishonadi, biror yumushni ishonib topshiradi;
  3. Vaqtni tejaydi – ilk bosqichda puxta bajarilgan ish yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etadi.
  4. Raqobatbardoshlik oshadi – ishda muvaffaqiyat ehtimoli oshib, xizmatga talab yuqori bo‘ladi.

Islom nuqtayi nazaridan qaraganda, har bir ishni puxta bajarish insonning imoniy burchlaridan biridir. Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Alloh birortangiz ish qilsangiz, uni puxta bajarishingizni yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Mazkur hadisdan ma’lum bo‘ladiki, har qanday ishni puxta, sidqidildan bajarish islomda ham katta fazilat sanaladi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ham ishni puxta va sidqidildan bajarish zarurligi to‘g‘risida “Ijtimoiy odoblar” asarida quyidagi fikrlarni bildirgan:

Musulmon inson jamiyat yuzidagi eng ko‘rkam va go‘zal xol bo‘lishi lozim. U inson zoti chiroyini ochib turuvchi omil bo‘lishi kerak. Bu esa, ijtimoiy odoblar orqaligina yuzaga chiqadi.

Mo‘min kishining har bir ishni yaxshilab va puxta qilishi maqbuldir. Bu barcha insonlarga sevikli Nabiyning islom ummatiga amri, farmoni, tavsiyasi va nasihatidir.

عَنْ عَائِشَةَ : قَالَ النَّبِيُّ ﷺ: «إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ إِذَا عَمِلَ أَحَدُكُمْ عَمَلًا نْ يُتَّقِنَهُ». رَوَاهُ الْبَيْهَقِيُّ.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh sizlardan biringiz ish qilganda, uni yaxshilab, puxta qilishingizni sevadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Alloh taoloning sevgisiga sazovor bo‘lay degan inson katta-kichik har bir ishni faqat va faqat yaxshilab, chin dildan puxta bajarishga urinadi. Bu sifat esa ijtimoiy odoblarni o‘rniga qo‘yish bilan yuzaga chiqadi[1].

Qanday qilib har bir ishni puxta qilish mumkin?” Bu borada quyidagilarni tavsiya qilish mumkin:

  1. Fikr so‘rash, maslahatlashish. Agar mumkin bo‘lsa, har bir ishni bajarishdan oldin tajribali va olim insonlar fikrini olish, ular bilan maslahatlashish zarur. Bu kishining shaxs sifatida kamol topishi, rivojlanishi va bajarilayotgan ishning mukammal bo‘lishiga yordam beradi.
  2. Aniq maqsad qo‘yish. Bu ish nima uchun kerak? Yaxshi natija nima? kabi savollarga javob topish, zarur bo‘lsa, tajribali insonlar bilan maslahatlashish.
  3. Reja tuzish. Ishga kirishishdan avval vazifalar ro‘yxatini tuzish lozim.
  4. Ish paytida diqqatni jamlash va xalaqit beruvchi omillarni bartaraf etish.
  5. Mas’uliyatni his qilish. Kishi o‘zi bajarayotgan ishning oxiratda so‘rovi borligini unutmasligi, unga sidqidildan yondashishi lozim.
  6. Bajarilgan ishni tekshirish. Ish tugagach, uni qayta ko‘rib chiqish va xatolarini tuzatish lozim. Bu esa ishni puxta bajarishning asosiy omili hisoblanadi.

Har bir ishni puxta bajarish – bu muvaffaqiyatning asosiy omillaridan biridir. Chunki hozirgi kunda bozor munosabatlari sharoitida o‘z o‘rniga ega bo‘lish uchun ishni puxta bajarish, eng mayda detallariga qadar e’tibor qaratish muhimdir.

Har bir ishni puxta bajarish quyidagi natijalarga olib keladi:

  1. Mas’uliyatni ko‘rsatadi – har qanday ishni puxta, chuqur o‘ylab, yuksak mas’uliyat bilan bajarish insonning kasbiy yetukligi va shaxsiy madaniyatini namoyon etadi.
  2. Sifat kafolati – puxta bajarilgan ish mahsulot yoki ko‘rsatilgan xizmat sifatining yuqori bo‘lishini ta’minlaydi.
  3. Ishda samaradorlik – puxta rejalashtirilgan holda bajarilgan ish vaqt va resurslarni tejashga yordam beradi.

Xulosa qilganda, har bir ishni puxta qilish nafaqat shaxsiy o‘sish, balki jamiyat rivoji uchun ham muhimdir.

[1]Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ijtimoiy odoblar. “Hilol-Nashr”. Toshkent 2024. –B.26-27

Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Boshqa maqolalar

Qurbonlik – qurbat hosil qilishdir

27.05.2025   4778   1 min.
Qurbonlik – qurbat hosil qilishdir

O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da: “Qurbonlik (arabcha so‘z)-qurbonlik; qurbon berish, fido qilish. Xudo yo‘lida qurbonlikka so‘yilgan yoki so‘yiladigan jonliq” deb izohlanadi.   


“Qurbonlik” so‘zining istilohiy ma’nosi esa Alloh taologa qurbat, yaqinlik hosil qilish uchun  so‘yiladigan jonliqdir.  


Barchamizga ma’lumki, Islom dinida qurbonlik qilish vojib amaldir.


Alloh taolo “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling” deydi. ( Kavsar surasi, 2-oyat).

Ushbu suraning tafsirida: “Kavsarni tafsirchilarimiz “ko‘p yaxshilik” deb aytishlari. bu esa payg‘ambarlik, Qur’on, hikmat, ummatning ko‘pligi, shafoat va Payg‘ambarimizga berilgan boshqa son-sanoqsiz yaxshiliklardan iboratdir. 

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: “Qurbonlik qilinglar! Albatta, u otamiz Ibrohim alayhissalomning sunnatlaridir” ( Imom Abu Dovud rivoyati).


Albatta, qurbonlik qilishda Alloh taologa xolis e’tiqod bilan Uning amrini bajarib, roziligini qo‘lga kiritishni maqsad qilamiz. Qur’oni karimda bunday deyiladi: “Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin U zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli U zotni ulug‘lashlaringiz uchun ularni sizlarga bo‘ysundirib qo‘ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!” ( Haj surasi, 37-oyat). 
 

  Mana sanoqli kunlardan so‘ng Qurbon oyi ham kirib keladi. Bu oyda har birimiz Alloh uchun qurbonlik qilishni niyat qilib turibmiz. Alloh taolo niyat qilib turgan qurbonliklarimizni O‘z dargohida qabul aylasin!

                                                                    Ruhiddin Akbarov,

O‘MIning Qashqadaryo viloyatdagi vakillik xodimi