Hanafiy mazhabimizga ko‘ra, takbiri tahrima bilan namozga kirishda o‘ng qo‘lni chap qo‘l ustiga qo‘yib, qo‘llarini bog‘laydi va kindik ostiga qo‘yadi. Bu amalni ulamolarimiz sunnat deganlar.
Alqama ibn Voil otalari Voil ibn Hujrdan rivoyat qiladi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam namozda o‘ng qo‘llarini chap qo‘llari ustiga qo‘yib, kindik ostiga qo‘yganlarini ko‘rdim”.
Abu Juhayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Ali roziyallohu anhu aytadilar: “Namozda qo‘lni qo‘lning ustiga qo‘yib, kindik ostiga qo‘yish – sunnatdir” (Imom Abu Dovud rivoyati).
@AhliSunnaValJamoaUz
Islom mutaassiblikka mutlaqo aloqasi bo‘lmagan dindir. U o‘ziga e’tiqod qiluvchilarni torlikka chaqirmaydi. Islom manbalari – Qur’on va sunnatda mutaassiblikka undovchi biror narsa yo‘q. Aksincha, kishilarni islomga undash Qur’oni karim ko‘rsatib berganidek, hikmat, go‘zal mav’iza va chiroyli bahs ila amalga oshiriladi. Bu esa mutaassiblik, biror masalani tor olishga butkul teskari bo‘lgan uslubdir.
Payg‘ambar alayhissalomdan rivoyat qilingan hadislarning birida: "Osonlashtiring – qiyinlashtirmang, xushxabar bering nafratlantirmang", - deya marhamat qilinadi. Ushbu chaqiriq mutaassiblikni inkor etadi. Zero, mutaassiblikdan nafrat, bag‘rikenglikdan esa xushxabar yuzaga keladi. Demak, islom mutaassiblikni inkor etar ekan, u terrorni, tinch aholi orasida vahima keltirib chiqarishni va begunoh insonlarning qonini to‘kishni ham qoralaydi. Islomning nazdida bir odamning joniga qasd qilish butun insoniyatning joniga qasd qilish bilan barobardir.
Qur’oni karimda bu haqda: "Kimki biron jonni o‘ldirmagan va yerda buzg‘unchilik qilib yurmagan odamni o‘ldirsa, demak, go‘yo barcha odamlarni o‘ldiribdi", - deyiladi. (Moida surasi, 32-oyat) Shunday ekan, islomni mutaassiblik bilan bog‘lash yanglishishdir. Din nomidan qo‘poruvchiliklar qilishning muqaddas islom ta’limotiga mutlaqo aloqasi yo‘q.
Abduvahob Yaqubboyev,
Namangan tumani "Mirzaboy Xolto‘raboy" masjidi imom-xatibi
@SOFTALIMOTLAR