Biror kimning ziyoratiga bormoqchi bo'lsangiz, ziyoratga munosib vaqt tanlang hamda ko'p o'tirib qolmang. Yengil o'tirib qaytish payida bo'ling. Chunki mezbonning shaxsiy ishlari, vazifalari bo'lishi mumkin, sizga aytishdan hijolat bo'lib turgan bo'lishi mumkin. Ana shunday holatda uning oldida uzoq qolib ketishingiz unga og'irlik bo'ladi.
Shayx Aliy Tantoviy rahimahulloh aytadi: “Erta tongdan uyg'onib ishga otlanadigan odam qolganlarni ham o'ziga o'xshatadi. Bitta odam bir kuni tonggi oltida eshigimni taqillatdi, nima bo'ldi ekan deb o'rnimdan turib qarasam, meni ko'rgani kelgan ekanlar. Menga qarab: “Bezovta qilmadimmi, kettik birga ketamiz!” deydi! Huddi odam uyqudan uyg'ongach, to'shagidan sakrab turib to'g'ri ko'chaga chiqib ketadigandek. Bu baraka topkur o'ylamaydiki, odam degan o'rnidan turgach mundoq yuvinadi, nonushta qiladi, kiyinadi. Men uyg'ongach shularni qilmasam qiynalaman.
Yana ba'zi odamlar o'zi kech uxlagani uchun boshqalarni ham shunday deb o'ylaydi. Shunaqalardan bittasi bir kuni tungi soat o'nda eshigimni taqillatibdi. Uyqimni tashlab u bilan tunning yarimigacha o'tirib chiqdim. Kuni bo'yi ishlab charchagan uy bekasini ham uyg'otib oldim, janobi oliylariga kofe, choy damlab berish uchun, ehtimol og'irlik qilmasa kechki ovqat ham qilib berar dedim.
Yana ba'zilar men ishga yoki biror uchrashuvga ketgan paytim to'satdan kelib qoladi-da, u bilan o'tirishim uchun ortimga qaytaradi.
Hoy birodarlar! Bunaqada vaqtning qadrini qachon bilamiz? Qachon tushunib etamiz bitta odamning bir soat vaqtini o'g'irlasak, cho'ntagidan bir dinor o'g'irlagandek bo'lishimizni?
Qachon Qur'oniy odoblar bilan xulqlanamiz?! Axir Alloh taolo Qur'oni karimda: “O'z uylaringizdan boshqa uylarga to izn so'ramaguningizcha kirmang”(Nur surasi, 27-oyat), degan-ku.
Keyingi oyatda esa: “Agar sizga qayting, deyilsa, bas, qayting, o'sha siz uchun pokdir. Alloh nima amal qilayotganingizni o'ta biluvchidir”(Nur surasi, 28-oyat) deb marhamat qilgan”.
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Namanganda «Inson qadri» kitobi taqdimoti va soha xodimlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Namangan shahridagi taqdimot marosimida Musoxon domla Abbosiddinov va boshqa mutasaddilar ishtirok etib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining yangi asari mazmun-mohiyatini tahlil qildilar. So‘zga chiqqanlar kitob jamiyatda mehr-oqibat va odob-axloq tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim dasturilamal bo‘lishini ta’kidladilar.
Shuningdek, tadbir doirasida viloyat va tuman bosh imom-xatiblari uchun yangi dizayndagi maxsus liboslar taqdim etildi.
Tadbir yakunida yil davomida eng faol bo‘lgan imom-xatib va otinoyilarga tashakkurnomalar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati