Odamlarga xitob qilayotganingizda eng chiroyli so'zlardan foydalanib, chiroyli tarzda gapiring. Zero, Alloh taolo marhamat qiladi: “Odamlarga yaxshi gaplar aytingiz”(Baqara surasi, 83-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Yarimta xurma bilan bo'lsa ham o'zingizni do'zaxdan saqlang. Agar kimki buni topolmasa, shirin so'z bilan!”.
Gapingiz orasida to'xtab-to'xtab, shoshmasdan gapiring, toki eshitayotgan odam maqsadingizni tushunsin, uning mag'zini chaqsin!
Oisha roziyallohu anhodan bunday deganlari rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xuddi sizlardek gapirardilar, lekin gap orasida to'xtalish(pauza) qilib gapirardilar va shu orqali o'tirganlar u zotning gaplarini yodlab qolishardi”.
Oisha onamiz yana shunday degan ekanlar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday ohista gapirar edilarki, gaplarini sanashga ham imkon bo'lardi”.
Sizni tinglayotgan odamning fahmiga loyiq tarzda xitob qiling. U tushunadigan so'zlarni ishlatib gapiring. Yo'qsa yomon gumonga borib qoladi, ya'ni agar siz uning ilmiy saviyasidan yuqoriroq saviyada gapirib qo'ysangiz, u buni istehzo qilish, pastga urish deb o'ylab qoladi.
Kamgap bo'lishga harakat qiling. Iloji bo'lsa, savolga javob berish, nasihat qilish, amri ma'ruf, nahyi munkar qilish yoxud Allohga chaqirishdan tashqari holatlarda gapirmang. Zotan Alloh taolo marhamat qilib aytdiki: “Ularning ko'pgina maxfiy suhbatlarida yaxshilik yo'q, magar kim sadaqaga, yaxshilikka va odamlar orasida islohga amr qilsagina, yaxshilik bor. Kim o'sha ishni Allohning roziligi uchun qilsa, albatta, unga ulug' ajr berurmiz” (Niso surasi, 114-oyat).
Ko'p gapirib, Allohning zikridan g'aflatda qolmangiz! Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Allohning zikri bo'lmagan gaplarni ko'paytirmangiz. Chunki Allohni yod etmagan holda ko'p gapirish qalbni qoraytiradi. Allohdan eng uzoq banda qalbi qotgan (qoraygan) bandadir”.
Sergaplikdan, bekorchi va maqsadsiz gaplardan chetlaning! Zero Robbimiz taolo Mo'minun surasining 1-3-oyatlarida aytadi: “Batahqiq, mo'minlar najot topdilar. Ular namozlarida xushu' qiluvchilardir. Ular behuda narsalardan yuz o'giruvchilardir”.
Gapirishdan oldin gapingizni, uning oqibatini o'ylab olib, keyin gapiring. Maqsadingizni yaxshi qamrab olmasdan, aniqlik kiritib olmasdan turib gapirmang!
Bu haqida Alloh taolo aytadi: “Biror so'z aytmas, magar huzurida hoziru nozir borlar”(Qof surasi, 18-oyat).
Gapirayotgan odamingizning yuziga qarab gapiringki, unga bo'lgan e'tiboringizni his qilsin! Telefoningizni titib yoki o'ngga-chapga qarab gapirsangiz, bu uning parvosini ham kamaytiradi.
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Davlatimiz Rahbarining «Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi» g‘oyasi asosida ayni kunlarda viloyatimizda saxovat tadbirlari izchil davom etyapti.
Bu jarayonda o‘zga millat, boshqa din vakillariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu yil 16 mart kuni Ramazonning 16-kuni (16 mart) Ohangaron tumani bosh imom-xatibi Husniddin domla Boyniyozov boshchiligida tumandagi imom-xatiblar ishtirokida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, nogiron parvarishlanayotgan 36 ta oila holidan xabar olindi.
Homiylar ko‘magida ularning har biriga 300 ming so‘mlik, jami 11 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Ular orasida rus, tatar, koreys millatiga mansub xonadon vakillari ham bor.
Alloh taolo marhamat qiladi: «Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir» (Saba’ surasi, 39 oyat).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam esa: «Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasam, sadaqa bilan mol kamaymaydi», deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo ehsonlarni qabul qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati