Qashqadaryoda 15 juft yoshlarning nikoh va 160 nafar bolajonning sunnat to‘ylari o‘tkazib berildi.
Prezidentimizning e’tibori va tashabbusi bilan o‘tkazilgan nikoh va sunnat to‘yini viloyat hokimi Murotjon Azimov tabrik so‘zi bilan ochib berdi. Unda viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov, faxriylar, ziyolilar ishtirok etib, to‘y sohiblari va homiylari haqqiga xayrli duolar qilishdi.
Murotjon Azimov: "To‘y sababchilariga o‘zimizning samimiy tilaklarimizni bildiramiz. To‘ybolalarimiz ota-onalariga faqat obro‘ va rahmat yetkazadigan, Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun sadoqat bilan xizmat qiladigan mard va olijanob yigitlar bo‘lib yetishsinlar!
Yoshlarimiz qurayotgan oilalar mustahkam bo‘lsin, kelin-kuyovlarimiz baxtli-taxtli bo‘lib, qo‘sha qarishsin!".
To‘y munosabati bilan kelin-kuyovlarga zamonaviy televizor va 5 mln. so‘mlik sertifikat hamda sunnat to‘yi bo‘layotgan bolajonlarning har biriga velosiped va 1 mln. so‘mlik moddiy yordam berish haqidagi hujjat taqdim etildi.
Ushbu to‘y yoshlarimizning ijtimoiy hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ularni oilaviy hayotga munosib kirishishga yordam beradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun 3 dekabr kuni Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi ustoz va talabali uchun o‘zgacha xursandchilik bilan boshlandi. Ta’lim muassasasiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbuslari bilan 15 dona smart doskalari beg‘araz yordam sifatida taqdim qilindi.
Hadyalarni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom xatibi ustoz Rahmatillo Usmonov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining mas’ul xodimi Asliddin Rahmatullayev topshirdi.
Ta’lim sifatini yanada oshirish, zamonaviy uslub va metodlardan samarali foydalangan holda dars samaradorligini yanada kuchaytirish maqsadida hadya qilingan bu o‘quv jihozlaridan dinimiz ravnaqi, ilm-ma’rifati yo‘lida oqilona foydalanish borasida tavsiyalar berib o‘tildi.
Tadbir so‘ngida yurtimiz tinchligi, osoyishtaligi va mazkur o‘quv jihozlarini yetkazib berishda amaliy yordam berganlar, xususan, muftiy hazratlarining haqlariga xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati