#xabar #vaqf #muhokama
Shu yil 21 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida “Vaqf” xayriya jamoat fondi Vasiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda fondning joriy yilning shu davrigacha bo‘lgan ish faoliyati, xayriya ishlari ko‘lami va kelgusidagi istiqbolli dasturlari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan notiqlar fond tomonidan kam ta’minlanganlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan salmoqli ishlarni yuqori baholashdi. “Vaqf” fondi tomonidan amalga oshirilgan xayriya ishlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli oshgani qayd etilib, uyga muhtoj 43 ta oilaga homiylar ko‘magida to‘liq jihozlangan uy qurib berilgani, jarrohlik amaliyoti, davolanish va nogironligi bo‘lgan fuqarolar sog‘liklarini tiklash uchun 1200 nafar fuqaroga moddiy yordam ko‘rsatilgani ijobiy natija sifatida baholandi. Shuningdek, yordamga muhtoj oila farzandlariga o‘quv qurollari tarqatilgani va chekka hududlarda quduq qazib, suv chiqarish ishlari amalga oshirilgani hamda o‘quv markazlari, tibbiyot muassasalari va xorijiy hamkorlar bilan aloqalar ham e’tirof etildi.
Shundan so‘ng fond oldida turgan muhim vazifalar, jumladan “Vaqf” mulklarini shakllantirish va yangilarini xarid qilish, fond markaziy apparati va hududiy filiallar shtat jadvallarini qayta shakllantirish, fondning xalqaro aloqalarini rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilindi. Vasiylik kengashi a’zolari kun tartibidagi masalalar yuzasidan o‘z fikrlari va takliflarini bildirib o‘tishdi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi mulklarini shakllantirish, ularni ko‘paytirish bu sohada amalga oshirilayotgan xayriya ishlari salmog‘ining oshishiga xizmat qilishi qayd etilib, zarur hollarda chet eldagi vaqf mulklarini o‘rganish, xorijdagi vaqf fondlari bilan hamkorlik qilish kerakligi aytib o‘tildi.
Muftiy hazratlari fondning kelgusi faoliyatida har doimgidek ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish, o‘quv yurtlarida o‘qiyotganlarning to‘lovlarini qoplash va mehr-muruvvat tadbirlari salmog‘ini oshirish lozimligini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, fond faoliyatini ommalashtirish, ko‘chmas mol-mulklardan samarali foydalanish, xorijiy ilg‘or tajribalarni o‘rganish va mablag‘lar aylanmasida shaffoflikni ta’minlash kabilarga urg‘u qaratildi.
Yig‘ilishda tegishli qarorlar qabul qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Shayx Abdurahmon Sumaytning mashinasi shahardan uzoqroq joyda buzilib qoladi. Uning oldidan italiyalik pastor bir nechta hamrohlari bilan o‘tib qoladi. Shayx ulardan yordam so‘raydi. Ular shayxga masxaraomuz qilib: “Muhammadga ayt, yordam bersin!” deb o‘tib ketishadi.
Shayx mashinasini tuzatib yo‘lda davom etadi. Tasodifni qarangki, yo‘lda o‘sha pastorning mashinasi buzilib qoladi. Shayx yonidagi yosh hamrohlari bilan birgalikda uning mashinasini tuzatishga yordamlashib yuboradi. Pastor xijolatdan terning ostida qoladi. Shayx Sumayt unga: “Bu yaxshilikni biz o‘zimizcha qilmayapmiz, uni bizga Payg‘ambarimiz alayhissalom o‘rgatganlar”, deydi.
Keyinchalik shayx Sumaytga o‘sha mashinadagi barcha nasroniylarning musulmon bo‘lgani xabari yetib keladi. Shayx: “Biz ularga Islom haqida hech narsa demagan edik”, deya xotirlaydi, Alloh uni rahmat qilsin!
Allohga bo‘lgan da’vatda biz naqadar bu kabi ishlarga muhtojmiz!
Abdulazim AKROM,
Toshkent Islom instituti talabasi.