Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Sentabr, 2025   |   8 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:00
Quyosh
06:19
Peshin
12:18
Asr
16:21
Shom
18:11
Xufton
19:22
Bismillah
30 Sentabr, 2025, 8 Rabi`us soni, 1447

XALQ SAODATI, VATAN RAVNAQI VA DIN RIVOJI YO‘LIDAGI XIZMATLAR MUKOFOTI

08.09.2025   6597   32 min.
XALQ SAODATI, VATAN RAVNAQI VA DIN RIVOJI YO‘LIDAGI  XIZMATLAR MUKOFOTI

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining eng asosiy faoliyatlari

(19.10.2021 – 31.08.2025)

 

Islom dini ta’limotini keng yoyish, xalqimizni dinu diyonatli, halol-pok, elu yurtiga muhabbatli qilib tarbiyalash, yoshlarni rushdu hidoyatga boshlash yo‘lidagi xizmatlari inobatga olinib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Mustaqilligimizning o‘ttiz to‘rt yillik bayrami munosabati bilan Prezident farmoniga muvofiq “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlandilar.

Buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy nomidagi ushbu mukofotning Muftiy hazratlariga taqdim etilgani yuksak ehtirom va ulkan sharafdir. Zero, Yangi O‘zbekiston bunyodkori bo‘lgan Prezidentimiz tomonidan Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining ushbu nufuzli mukofotga munosib deb topilishi bejiz emas. Alloh taoloning inoyati ila Vatan ravnaqi, din rivoji va xalq saodati yo‘lidagi 35 yildan ziyod vaqt mobaynidagi mehnat samarasidir.

Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari mehnat qilib kelayotgan qariyb 4 yillik muftiylik davrida amalga oshirgan eng asosiy faoliyat yo‘nalishlarini quyida muxtasar bayon etamiz.

 

Ilm olish va xalq xizmatidagi mashaqqatli yo‘q

Muftiy hazratlari ziyoli oilada tavallud topib, mustabid tuzum davridagi murakkab sharoitga qaramasdan, avval Buxoroi sharifdagi Mir Arab madrasasi, keyin esa Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutini “a’lo” baholarga tamomlab, o‘zlarining husni xulqlari, go‘zal odoblari, samarali mehnat faoliyatlari va intizomli hayot tarzlari bilan barchaga ibrat bo‘lib kelganlar. O‘z vaqtida Andijon tibbiyot instituti va Farg‘ona davlat universitetida ham tahsil olganlar.

Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari payg‘ambarlarning merosxo‘ri, shariat xodimi sifatida yon-atrofni ilm nuri, ma’rifat ziyosi bilan yoritib, og‘ir davrlarda ham murosa yo‘lidan yurib, bir qo‘lda qalam, ikkinchisida shariatni mahkam tutib, xalqqa xizmat qilish maqsadida butun ilmu salohiyatlari, katta hayotiy tajribalari va bor kuch-quvvatlarini dinimiz ravnaqi yo‘liga safarbar qildilar. Natijada Muftiy hazratlarining va’z-nasihatlari, ruhiy tarbiyaga oid chiqishlari va Rasul alayhissalomning siyratlariga oid go‘zal suhbatlari ila nafaqat yurtimiz mo‘min-musulmonlari, balki qardosh xalqlar hamda o‘zbekzabon millatlar o‘rtasida ham kuchli voiz sifatida tanilib, “Nuriddin domla” nomi ila ma’lumu mashhur bo‘ldilar.

Shunday fidokorona va serqirra xizmatlarini inobatga olib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarini 2021 yil oktyabr oyida muftiy lavozimiga sayladi. Muftiy hazratlari mas’uliyatli lavozimga kirishganlarining dastlabki kunlaridanoq Diniy idora tarkibiy tuzilmasi tubdan yangilanib, Fatvo markazi hamda Haj va umra markazi tashkil etildi. Muhim bo‘g‘inlar malakali, tashabbuskor va ilg‘or kadrlar bilan ta’minlandi, xodimlarning shaxsiy fazilatlarida tavozelik, taqvo, xushmuomalalik shakllanib, o‘z vazifasiga nisbatan fidoyilik, jonkuyarlik sifatlari sayqal topib, jamoada uyushqoqlik, inoqlik va ahillik fazilatlari namoyon bo‘ldi.

 

Markaziy Osiyoda yagona markaz

Xolis e’tirof etish kerak, nafaqat Markaziy Osiyoda, ayni paytda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari orasida ham yagona bo‘lgan va 2022 yil mart oyida asos solingan O‘zbekiston musulmonlari idorasi qoshidagi Fatvo markazining ish boshlashida Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari va bevosita sa’y-harakatlari beqiyos.

Bugun alohida binoda joylashgan ushbu Fatvo markazida 25 nafar yetuk ulamo yetti yo‘nalish – “Aqida”, “Ibodatlar”, “Oila va ijtimoiy masalalar”, “Islom moliyasi”, “Taqvim va qibla”, “Qo‘ng‘iroqlar markazi”, “Yozma murojaatlar va media” kabilarda faoliyat yuritmoqda. Diniy savol-javoblarga ixtisoslashgan Koll-markazda bir necha mutaxassislar haftaning har kuni turli masalalar yuzasidan beriladigan savollarga javob qaytarmoqda.

2025 yildan ishlash yoki o‘qish maqsadida chet davlatlarda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning savollariga ijtimoiy tarmoqlar orqali javob berish imkoni yaratildi. Ijtimoiy, moliyaviy va oilaviy masalalarda Markazga kelgan fuqarolarning murojaati doimo e’tiborda. Bir kunda o‘rta hisobda 1000 ta savolga javob berayotgan Markaz o‘tgan faoliyat davrida bir milliondan ortiq savolga asosli javobni taqdim etdi. Ta’kidlash kerakki, markaz faoliyatiga qo‘shni va xorijiy davlatlarning yetuk ulamolari yuqori baho bermoqdalar.

Fatvo markazi faoliyati bilan yaqindan tanishgan kishining xayoliga Alloh taoloning: “Agar bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rang...” (“Nahl” surasi 43-oyat) deb marhamat qilgan oyati karimasi keladi. Aminmizki, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham aynan mo‘min-musulmonlarning e’tiqodiy birligini ta’minlash, shar’iy masalalarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, ularning ma’naviyati va ma’rifatini yanada yuksaltirish maqsadida mazkur xayrli ishga bosh bo‘lganlar.

 

Obod bo‘layotgan masjidlar

So‘nggi yillarda yurtimizda barpo etilayotgan muhtasham binolarga mos tarzda milliy me’morchilikni o‘zida mujassam etgan go‘zal masjidlar yurtimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda. Hozirga qadar 114 ta yangi masjid ro‘yxatdan o‘tkazilib, mo‘min-musulmonlar ixtiyoriga topshirildi, 389 ta masjid qaytadan bunyod etilgan bo‘lsa, 227 tasi joriy ta’mirdan chiqarildi. Ma’rifat maskanlarida mo‘min-musulmonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar barchaning, xususan xorijlik mehmonlarni ham havasini keltirayotgani ayni haqiqat. Shunday tarovatli masjidlarni obod etish va qayta ta’mirlash ishlari Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari muftiy bo‘lib saylanganlaridan so‘ng yanada jadal tus oldi. Aholi uchun zarur bo‘lgan hududlarda yangi masjidlar ochish, foydalanish uchun yaroqsiz holga kelib qolgan jomelarni tubdan qayta qurish va ta’mirlash borasida erishilgan natijalar ham kishi qalbiga katta quvonch kiritadi.

Zero, Alloh taolo Tavba surasining 18-oyatida bunday marhamat qiladi: «Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan, namozni barkamol o‘qigan, zakot bergan va faqat Allohdangina qo‘rqqan kishilar obod qilurlar. Aynan o‘shalar hidoyat topuvchilardan bo‘lishlari mumkin». Bu kabi mujdalar hadisi shariflarda ham kelgan bo‘lib, masjid qurgan va obod etgan kishiga ulug‘ mukofotlar va’da qilingan. Usmon ibn Affondan rivoyat qilingan hadisi sharifda bunday deyiladi: Nabiy sollallohu alayhi vassalam: «Kim Alloh taolo uchun bir masjid qursa, Alloh uning uchun jannatda bir uy quradi», dedilar (Imom Muslim rivoyati).

 

Imomlik martabadir

Imom-xatiblarning ilmiy salohiyati, bilim-ko‘nikmasi hamda kasb-mahoratini oshirish borasida tizimli ishlar qilinmoqda. Har yili 800-900 nafar imom-domlaning malakasi oshirilib, shu kunga qadar 3,5 ming nafar mehrob egalarining ilmiy saviyasi yanada yuksaldi.

Imomlik sharaf va martaba bo‘lib, ayni paytda juda katta mas’uliyatli vazifadir. Payg‘ambar alayhissalom: «Imom zomin (zimmasiga oluvchi), muazzin omonatdordir. Allohim, imomlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlagin va muazzinlarni mag‘firat qilgin”, deya xitob qilganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi 2 145 masjidda imom-xatiblar, imom noiblari xizmat qilmoqda. Xatiblarning 935 nafarini, noiblarning 393 nafarini oliy ma’lumotli qilishga erishildi.

4 nafar falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgan va 100 nafar magisratura yo‘nalishini tamomlagan imom-domlalar xalq xizmatida bo‘lmoqda.

Xalqimizning diniy savodxonligini oshirish va Islom ma’rifatidan bahramand etish maqsadida har kuni namoz oldi va undan so‘ng suhbat hamda savol-javobga alohida vaqt ajratilayotgani yangi joriy etilgan ana’nadir.

Bugun barqaror ish haqiga ega bo‘lgan hamda turli darajadagi moddiy-moliyaviy rag‘batlantirishlardan bahra olayotgan imom-xatiblar – islom ma’rifatining tarqatuvchilari – ilg‘or ish uslublarini o‘rganish va tajriba almashish maqsadida, Rossiya Federatsiyasi, AQSH, Misr, Turkiya, Iordaniya, BAA, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlarga xorijiy safarlarga ham yuborilmoqda.

14 hudud, 160 tuman va shaharda aholi savodxonligini oshirish, ayol-qizlar, yoshlar tarbiyasini yaxshilash, oilalarni isloh qilish va diniy rasm-rusumlarni tartibli o‘tkazish bilan shug‘ullanayotgan otinoyilar ham munosib ish haqi bilan ta’minlangan holda bosh imom-xatiblarning ayol-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchilari sifatida samarali mehnat qilmoqdalar.

 

“Qur’on va tajvid” o‘quv kurslari faoliyati

Qur’oni karimni o‘rganish, tilovat qilish, oyatlari mazmunini tafakkur va tadabbur qilish har bir musulmon uchun chinakam saodat. Yangi O‘zbekistondagi xayrli islohotlardan yana biri mo‘min-musulmonlarning Qur’oni karimni tajvid qoidalari asosida o‘qishni o‘rganishga bo‘lgan talab va istaklarini inobatga olgan holda O‘zbekiston musulmonlari idorasida “Qur’on va tajvidni o‘rgatish bo‘limi” va hududlarda “Qur’on va tajvid” o‘quv kurslari tashkil etilishidir.

Ayni kunlarda mamlakatimizning 28 hududida “Qur’on va tajvid” o‘quv kurslari faoliyat yuritmoqda. Ushbu bo‘limga qiroat ilmi bo‘yicha o‘nta ijoza sohibi Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li rahbar etib tayinlangan. Shu kunga qadar ushbu o‘quv kurslarida 70 mingdan ziyod yurtdoshimiz ilm oldi. Yana bir necha ming kishi Qur’onni tajvid bilan o‘qish bo‘yicha savod chiqarmoqda.

Mazkur bo‘lim yurtimiz qorilarini xalqaro Qur’on musobaqalariga tayyorlab, Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Qatar, Qozog‘iston kabi davlatlarda tashkil etilayotgan Qur’oni karim musobaqalaridagi ishtiroklarini ta’minlashga ham erishdi.

 

Diniy ta’limdagi quvonchli yangiliklar

Mamlakatimizda yoshlarimizga professonal diniy-ta’lim olishlari uchun keng imkoniyat yaratish, madrasalarda ta’lim sifatini oshirish va dars berish uchun xorijlik ulamolarni jalb etish yo‘nalishlarida bir qator yangiliklar joriy etildi.

Alohida ta’kidlash lozimki, davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan Surxondaryo viloyatida Imom Termiziy nomidagi islom institutining tashkil etilishi bilan yurtimizdagi oliy diniy ta’lim muassasalarining soni 4 taga yetdi.

Toshkent islom institutida Magistratura bosqichi yo‘lga qo‘yilib, barcha qulayliklarga ega qo‘shimcha binolar ajratildi.

2000 nafarga yaqin talaba Oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarida tahsil oladi. Jumladan, 2025-2026 o‘quv yilida oliy diniy ta’lim muassasalarida 742 nafar talabalar tahsil olmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi ilmiy nashrlar ro‘yxatidan o‘tgan Toshkent islom instituti muassisligida «Islom ma’rifati» ilmiy-adabiy, ma’naviy-ma’rifiy jurnali chop etish yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu institut ilmiy-tadqiqotchilarining dissertatsiya mavzularini tasdiqlash va himoya qilishgacha bo‘lgan jarayonlarni amalga oshirish imkoni yaratildi.

Oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalaridagi talabalarga ta’lim beruvchi professor o‘qituvchilar soni va tarkibi oshirilib, ularning jami soni 523 nafarga yetkazildi. Ular orasida DSc darajadagi 7 nafar pedagog-o‘qituvchi, 51 nafar PhD darajasidagi pedagog-o‘qituvchilar bor. Shuningdek, 6 nafar arab millatiga mansub professor-o‘qituvchilar ham talabalarga saboq berishga jalb etildi.

Professor-o‘qituvchilar tomonidan joriy o‘quv yilida 10 ga yaqin ijtimoiy-gumanitar fanlar hamda 20 tadan ortiq mutaxassislik fanlar bo‘yicha yangi avlod darsliklari, monografiya, o‘quv, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar yaratilishi yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida mehnat qilayotgan DSc ilmiy darajasiga ega bo‘lganlarga 50 foiz, PhD ilmiy darajasi mavjudlarga esa 30 foiz ustama haq to‘lash joriy etildi.

Bahouddin Naqshband xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ta’sis etilishi natijasida ilmiy markazlar soni ham to‘rtta bo‘ldi. Markaz ilmiy xodimlari tomonidan bugungi kungacha 10 dan ortiq mahalliy va xorijiy konferensiyalarda ishtirok etildi, 4 ta seminar tashkil etildi, 18 ta ilmiy-nazariy maqolalar nashr etildi, 30 ga yaqin allomalarning ilmiy merosi tadqiqoti olib borilmoqda.

“Ko‘kaldosh”, “Xadichai Kubro” madrasalari va Mir Arab oliy madrasasi zamonaviy sharoitlarga ega bo‘lgan yangi binolarga ko‘chib o‘tdi. “Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy”, “Sayyid Muhyiddin maxdum”, “Xoja Buxoriy”, Mir Arab, “Jo‘ybori Kalon” madrasalarining binolari kapital ta’mirlandi.

2024-2025 o‘quv yilida 166 nafar Qur’oni karimni to‘liq yodlagan talaba ta’lim muassasalarini muvaffaqiyatli tamomladi. Ularning 16 nafari ijoza oldi. 7 nafari esa xalqaro Qur’oni karim musobaqalarida munosib ishtirok etdi.

Oliy diniy ta’lim muassasalari Hemis ta’lim tizimiga ulandi. O‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida o‘quv yilining birinchi yarmi yakuniga qadar mazkur platformaga ulash ishlari rejalashtirilgan. Hemis axborot tizimiga ulanish natijasida professor-o‘qituvchi va talabalarga quyidagi imkoniyatlar yaratildi:

- elektron hujjat almashinuvi yo‘lga qo‘yildi;

- my.gov.uz portalidan ma’lumotnoma olish imkoni berildi;

- transfer.edu.uz tizimi orqali o‘qishni qayta tiklash mumkin bo‘ldi;

- yoshlar daftarida ro‘yxatda turgan va nogironligi bor shaxslar tegishli imtiyozlardan foydalana olishi mumkin;

- mehnat.uz portalidan bitiruvchilar haqida ma’lumot olish imkoniyati bor;

- diplom.edu.uz tizimi orqali elektron diplom taqdim etish imkoni mavjud.

Toshkent islom instituti va Iordaniya Hoshimiylar Qirolligining “At-Tanal al-arabiy” “Arab tilini bilish xalqaro sertifikati”ni beruvchi tashkiloti o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumi asosida ushbu oliy dargohda xalqaro til sertifikatini berish joriy etildi. Natijada bugungi kunga qadar 794 nafar fuqaro imtihon topshirib, ularning barchasi “At-Tanal al-arabiy” “Arab tilini bilish xalqaro sertifikati”ni qo‘lga kiritgan. 

 

Internet va mediamakonda ilmu ma’rifat tarqatish

Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari faoliyatlari davomida Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda diniy, ijtimoiy va ahloqiy mavzularda muntazam chiqishlar qiladilar. Muftiy hazratlarining video va audio kontentlari e’lon qilinadigan ijtimoiy tarmoqlardagi kanal va sahifalarining jami obunachilari soni qariyb 3 millionga yetdi. Birgina 2025 yilning birinchi yarmida kontentlar kuzatuvlari soni 450 mln.ni tashkil etgani chiqishlar naqadar ommalashganiga yaqqol dalolat beradi.

Hazratning islom tarixi, siyrat va komil inson sifatlariga oid chiqishlari azaldan qo‘shni mamlakatlar, xususan, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistonda istiqomat qiladigan o‘zbekzabon kishilarning sevib tinglaydigan mav’izalariga aylangan. Ayniqsa, “Tasadduq, Yo Rasululloh” nomli turkum suhbatlari qardosh xalqlarning doimiy eshitadigan mavzusi sanaladi.

Markaziy Osiyo davlatlarining aksar muftiylari O‘zbekiston muftiysini shar’iy, aqidaviy va ijtimoiy masalalarda o‘zlarining muhim maslahatgo‘ylari deb hisoblashadi. Ayniqsa, Ramazon oyi va hayitini belgilashda O‘zbekiston tomonining xulosasiga alohida e’tibor qaratishadi.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tish lozim, Misr, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kabi davlatlarda ish yoki o‘qish bilan bo‘lib turgan mehnat migrantlarimiz ham o‘z e’tiqodlari talabidan kelib chiqqan holda Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining video va audio ma’ruzalarini ixlos bilan kuzatib borishadi. Muftiy hazratlarining muxlislari vatandan tashqarida ham bir necha millionni tashkil etadi. Shu bois, u kishining xorijiy safarlari mobaynida qadam ranjida qilgan barcha jome masjidlar minglab vatandoshlar va xorijlik muxlislar qurshovida bo‘ladi.

Shayx Nuriddin Xoliqnazarning xalqaro tashkilotlar faoliyatidagi dolzarb mavzulardagi chiqishlari keng jamoatchilik va dunyoning yetakchi ulamolari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanib kelayotganligi ayni haqiqat. Masalan, Musulmon donishmandlar kengashining muslim-elders.com sayt va ijtimoiy tarmoqlaridagi musulmon ummati birligi, adolat va tenglik to‘g‘risidagi murojaatlari barcha musulmon mamlakatlarining olimlari va ekspertlarida katta qiziqish uyg‘otdi. Arab tilida e’lon qilingan mazkur chiqishlar tashkilotlarga a’zo bo‘lgan boshqa ulamolar chiqishlariga nisbatan bir necha o‘n ming marta ko‘p ko‘rilgani hamda iliq munosabatlarga sazovor bo‘lganiga bevosita guvohmiz.

Shayx Nuriddin Xoliqnazarning musulmon dunyosida katta nufuzga ega bo‘lgan Islom hamkorlik tashkilotining "OIC Journal" jurnali, Iordaniyaning markaziy “Ammon” veb-nashridagi ilmiy maqolalari, shuningdek, arab nashrlarida, xususan, Saudiya Arabistoni va Misr matbuotida keng yoritilgan chiqishlari (cgscholar.com, muslim-elders.com, swiftnewz.com, aawsat.com, arab-sahafahh-net, news.gulf365.net, www.al-madina.com, www.alriyadh.com, shahdnow.sa, www.unitedmuslimworld.com, www.youm7.com, www.elmwatin.com, www.alalam.ir, www.uaebarq.ae) ham alohida e’tiborga molik.

Yurtimizda faoliyat yuritayotgan teleradiokanallar, jumladan, “O‘zbekiston 24”, “O‘zbekiston”, “UzReport”, “Madaniyat va ma’rifat”, “Mahalla”, “MY 5 (Mening yurtim)”, “Sevimli” va “Milliy” singari kabilar tomonidan efirga uzatiladigan dasturlarda ham o‘z chiqishlari bilan muntazam ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning tasarrufidagi tashkilotlar tomonidan yuritiladigan saytlar soni 48 ta, “Meta” ijtimoiy tarmog‘ida – 335 ta sahifa, “Instagram” ijtimoiy tarmog‘ida – 152 ta, “Telegram” messendjerida - 1570 ta kanal/ 1733 ta guruh, “Youtube” platformasida – 134 kanalni tashkil etadi. Mazkurlarning doimiy obunachilari soni 16,5 mln. nafarga yetdi. Media makondagi “Qur’on saboqlari”, “Onlayn diniy savol-javob” kabi to‘g‘ridan to‘g‘ri efirlari va foydali loyihalar omma e’tiborini qozongan.

Muftiy hazratlari ruhiy tarbiya, odob-ahloq, ixlos, samimiylik, shukronalik, ilm-ma’rifat, farzand tarbiyasi, ota-onani e’zozlash, ustozga ehtirom, Vatanga muhabbat tuyg‘usi kabi mavzular go‘zal tarzda bayon qilingan bir nechta adabiyotlarni ta’lif etdilar. “Ixlos – amallar ziynati”, “Islomda vatan tushunchasi”, “Haj – buyuk ibodat”, “Tasadduq, yo Rasulalloh”, “Umra – ulug‘ amal”, “Fitna – ko‘z ilg‘amas xatar”, “Nikoh yo‘riqnomasi”, “Ramazon – g‘animat oy”, “Alloh meni ko‘rib turibdi”, “Rabboniy nidolar”, “Ey bandalarim”, “Yoshlarga nasihatim”, “Inson qadri”, hammualliflikda "Fatvolar to‘plami" (1, 2-juzlar), "Ro‘zaga oid fatvolar", "Tahoratga oid fatvolar", “Namozga oid fatvolar”, “Qurbonlikka oid fatvolar”, “Zakotga oid fatvolar” va "Fiqh va aqidaga oid ixtilofli masalalar yechimi" singari 20 ta kitoblari nashr etilgan.

“Yangi O‘zbekiston”, “Xalq so‘zi” kabi markaziy bosma nashrlar hamda “Hidoyat”, “Mo‘minalar”, “Islom nuri” singari diniy-ma’rifiy nashrlarda ma’naviy-ma’rifiy mavzulardagi maqolalari nashr etilgan.

Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Diniy idoraning davriy nashrlari (“Hidoyat”, “Mo‘minalar”, “Islom nuri”) Tahrir hay’ati raisi sifatidagi faoliyatlari natijasida gazeta va jurnallar har oyda chop etiladigan adadi o‘rtacha 150 ming nusxaga yetdi. Mazkur davriy nashrlarning jami adadi bir yilda 1 mln. 800 ming tani tashkil etadi.

Yurtimizda juda ko‘p qo‘lyozma kitoblar jamlangan bo‘lib, ularning bir qismi Diniy idora kutubxona-muzeyida saqlanadi. Qo‘lyozmalar fondida arab, fors-tojik, eski o‘zbek, eski turk tili va boshqa sharq tillarida bitilgan 3 mingdan ziyod qo‘lyozma, 9 mingdan ortiq toshbosma va 8 mingdan ortiq yangi nashrlar mavjud. Eng noyob qo‘lyozmalar hisoblangan VII asrga tegishli “Hazrati Usmon Mus'hafi” va “Katta Langar Qur’oni” yaxshi holatda saqlanmoqda. “Katta Langar Qur’oni” fransiyalik mutaxassislar tomonidan ta’mirlanib, ayrim sahifalari Parijdagi “Luvr” va Jidda shahridagi nufuzli ko‘rgazmalarda namoyish etildi.

 

Musulmon olami bilan samarali hamkorlik

Shayx Nuriddin Xoliqnazar janoblarining dunyoda tinchlikni qaror toptirish, xalqlar o‘rtasidagi birodarlikni mustahkamlash, bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik yo‘lidagi salmoqli xizmatlari va yurtimizdagi diniy-ma’rifiy islohotlar munosib e’tirof etilib, Muftiy hazratlari xalqaro tashkilot hisoblangan Abu Dabi tinchlik forumi (BAA), Xalqaro musulmon ulamolari kengashi (Qatar), Musulmon donishmandlar kengashi (BAA), Islomiy fiqh akademiyasi va Islom olami uyushmasi (Saudiya Arabistoni) a’zoligiga qabul qilindilar.

Mazkur tashkilotlarga a’zolik O‘zbekistonning musulmon dunyosi bilan o‘zaro hamkorligini yanada kuchaytirish, muammolarga yechim topish va islom ummatining birdamligini mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Saudiya Arabistoni, Misr Arab Respublikasi, Birlashgan Arab Amirligi, Janubiy Koreya, Finlandiya, Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Afg‘oniston davlatlaridagi yirik xalqaro tadbirlar va keng aholi vakillari bilan uchrashuvlarda tinchlik, do‘stlik, mehr-oqibat, insonparvarlik va bag‘rikenglik borasidagi tashabbuslari bilan musulmon olamida e’tibor qozongan Shayx Nuriddin Xoliqnazar Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining Xalqaro Ilmiy hay’ati raisi vazifasiga saylandi hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Ilmiy kengashi tomonidan “Faxriy doktor” ilmiy unvoniga munosib deb topildi.

 

Haj va umra jannatga yetaklovchi amallar

Haj va umra safarlarini uyushtirish, ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish va ibodatlarni dinimiz ahkomlariga muvofiq ado etishni tashkil etish ishlari sifat, mazmun va xizmatlar jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Haj” va “Umra” tarbirlarini tashkil etish va o‘tkazish markazi tashkil etildi.

Ta’kidlash joizki, haj ziyoratchilari soni avvalgiga qaraganda 3 karra oshirildi. So‘nggi yillarda har yili 15 ming nafar fuqaro ulug‘ amalni bajarayotgan bo‘lsa, oxirgi yillarda jami 75 mingdan ziyod yurtdoshimiz haj qilish baxtiga erishdi. 2024 yilda 800 ming nafar hamyurtimiz umra amalini ado etdi.

Yangi O‘zbekiston ziyoratchilari uchun muborak zamindagi sharoitlar sifat va xizmat ko‘rsatish jihatidan yuqori darajaga olib chiqildi. Yurtdoshlarimiz muborak amallarni risoladagidek ado etishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo qilindi. Xususan, mehmonxonalarda zamonaviy va qulay sharoitlar hozirlandi, shuningdek, tibbiyot xonasi va ishchi guruhi shtabi tashkil etilgan bo‘lib, malakali shifokorlar va tajribali mutaxassislar uzluksiz ziyoratchilar xizmatida bo‘lmoqda. Harami sharifga 24 soat davomida avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilmoqda.

Aytish joizki, ziyoratchilarimiz haj ibodatini bekamu ko‘st ado etishlari uchun Mino, Arofat va Muzdalifa vodiylarida ham sharoitlar yaxshilandi. Xususan, Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq o‘tkazmaydigan panellar bilan o‘raldi, sovutish tizimi o‘rnatildi, gilam va to‘shaklar solindi.

Haj mavsumi davomida muhtaram Prezidentimiz muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bilan telefon muloqoti qilib, hojilar uchun yaratilgan sharoitlar, nuroniylarning salomatligi va kayfiyati haqida so‘rashlari xayrli ana’na tusiga kirdi. O‘z navbatida mana shunday ehtirom va g‘amxo‘rlik uchun hojilar O‘zbekistonga qaytgach, mahallalarda ijtimoiy muhitni mustahkamlash, ehtiyojmand insonlarga ko‘mak berish, yoshlarni ilm-ma’rifatga targ‘ib etishda namuna ko‘rsatish ishlarida ibrat ko‘rsatmoqdalar.

Mana shunday sa’y-harakatlar yurtimizdagi “Inson qadri – ulug‘”, degan yuksak tamoyil fuqarolarimiz dunyoning qaysi burchagida bo‘lsa ham amalda ekanini yaqqol namoyon etadi.

 

«Ey turkiy elim...»

Qadimiy turk davlati asoschilaridan biri Bilga Xoqon turkiy xalqlarga yuzlanib: “Ey turkiy elim, o‘zligingga qayt, o‘zingni angla – yanada yuksalgaysan!” – degan edi. Bugun ana shu tarixiy hayqiriq yana baralla yangramoqda. Bu jarayonda Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo davlatlarning Musulmonlar idoralari hamkorligi ham jadal rivojlanmoqda. Turkiy davlatlar muftiylari orasida O‘zbekiston muftiysining chiqishlari esa alohida e’tiborga molik. 2021 – 2024 yillarda bo‘lib o‘tgan muftiylar yig‘ilishidagi chiqishlar qardosh ulamolar tomonidan qizg‘in xayrihohlik ila qo‘llab-quvvatlandi. Jumladan, Turkiy davlatlar Fatvo hay’atini tuzish, har yili ana’naviy ilmiy anjuman o‘tkazish va Islomning terrorizmga qarshi munosabatini anglatish borasidagi takliflar amaliyotga tadbiq etildi.

Tashqi aloqalar yo‘nalishida Turkiya, Singapur, Pokiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston kabi davlat rahbarlari bilan muloqot, xalqaro tashkilot va idora rahbarlari bilan uchrashuv, chet el davlat elchilari bilan muzokaralar, turli mamlakat muftiylari bilan hamkorlik hamda xalqaro anjuman va tadbirlarda faol ishtirok etgan Shayx Nuriddin Xoliqnazar janoblari YUNISЕF tashkiloti hamda Janubiy Koreya, Turkiya, Litva, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Kavkaz musulmonlari idorasi bilan hamkorlik memorandumlari imzolanishida tashabbuskor bo‘lganlar.

Davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari asosida Misr Arab Respublikasi va Birlashgan Arab Amirligidagi nufuzli tashkilotlar bilan dolzarb yo‘nalishlarda “Yo‘l xaritasi” tuzilib, diniy-ma’rifiy sohada ham muhim ishlar amalga oshirilmoqda.

 

Mehr-muruvvat, xayru saxovat ishlarining ko‘lami keng

Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan yurtimizda kambag‘allikni qisqartirish, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga ko‘maklashish, ularning holidan xabar olish, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga yordam qo‘lini cho‘zishdek savobli ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilgan.

Bunday xayrli ishlarga dinimiz ham targ‘ib qiladi. Alloh taolo Qur’oni karimda: «Mollarini Alloh rizoligini istab, samimiy dillaridan chiqarib sarf qiladigan kishilar adirdagi boqqa o‘xshar: unga jala quygach, hosilini ikki barobar yetishtirar. Agar unga jala yog‘magan bo‘lsa, tomchilab yoqqan yomg‘ir ham (o‘ziga yarasha undirar). Alloh qilayotgan amallaringizni ko‘rib turuvchidir» (“Baqara” surasi, 265-oyat) deb marhamat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi va “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamda soha xodimlari tashabbusi bilan homiylarni jalb etgan holda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, moddiy ko‘makka muhtoj oilalar, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotganlar, yetimlar, nogironligi bor shaxslar va Mehribonlik uylariga har yili o‘rta hisobda 170 mlrd. so‘m miqdoridagi xayriya ishlari amalga oshiriladi.

 

“Odamiy ersang, demagil odami, onikim, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami”

Ushbu hikmatni hayot qoidasiga aylantirgan Hazrati Alisher Navoiy ham, “Bori elga yaxshilig‘ qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q”, deya taqdir va tadbirni birlashtirgan Zahiriddin Muhammad Bobur ham oddiy odamlar bilan doimiy muloqot qilib, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishni oliy maqsad, hayot mazmuni, deb bilgan.

Davlatimiz rahbari bugun barchamizni xalq qalbiga quloq solishga, insonlarning dardu tashvishlarini astoydil tinglashga, muammolarini hal qilishda amaliy yordam berishga da’vat etayotgani, buyuk shoirimiz aytganidek, quchoq ochib xalq ichiga borish, uning armonlarini ushaltirish, orzularini ro‘yobga chiqarishdek ulug‘ maqsadlarga xizmat qiladi.

Yangi O‘zbekistonda Islom dini ta’limoti va milliy qadriyatlarimizdan suv ichayotgan “Inson qadri” tamoyili umummilliy harakatga aylandi. Haq taolo Moida surasida xushxabar o‘laroq aytadi: «Alloh yaxshilik qiluvchi bandalarini yaxshi ko‘radi». Mana shu ilohiy ko‘rsatmaga hamohang ravishda o‘lkamizda “Odamlarni hayotdan rozi qilish – asosiy mezon” degan ezgu shior asosida amalga oshirilayotgan har bir ish el-yurtga manfaatli bo‘lmoqda.

Muftiy hazratlari xalq bilan muloqot qilib, odamlarning dardu tashvishlari bilan yashash va ishlash yo‘lida samarali mehnat qilmoqdalar. Jumladan, har haftaning chorshanba kuni Diniy idorada, barcha masjidlarda hamda alohida reja asosida olis va chekka tuman-shaharlaridagi sayyor uchrashuvlar chog‘ida mahallalardagi fuqarolar bilan dildan suhbatlar, jome masjidlar qavmiga mav’izalar qilinadi. Bir yilda o‘rta hisobda tizimdagi mutasaddilar tomonidan 100 ming fuqaro qabul qilinadi.

Safarlar davomidagi keng xalq ommasi bilan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv, aholi vakillari bilan yuzma-yuz muloqotlar, jome masjidlarda chiroyli mav’izalar bilan birga ehtiyojmand oilalar holidan xabar olib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatib kelinayotgan ishlardan xalqimiz mamnun bo‘lmoqda.

Darhaqiqat, dini mubinimizda muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zishga doimo targ‘ib etiladi. Muftiy hazratlari mana shunday insonlar bilan dildan suhbat qilib, hadyalar ila ularning dillarini ravshan etmoqdalar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadislarida: “Alloh taologa farzlardan keyingi eng sevimli amal musulmonning qalbiga xursandlik kirgizishdir”, deganlar.

Hazrat Alisher Navoiy aytadilar:

Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay,

Oncha borkim, Ka’ba vayron o‘lsa, obod aylagay.

Ha, mana shunday fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot, sayyor uchrashuv va xayriya ishlari orqali insonlarning siniq ko‘ngillarini ko‘tarib, dillariga mamnunlik ulashish har bir vijdonli inson uchun huzurbaxsh amallardan hisoblanadi.

Rag‘bat – xayrli ishlarga madad

Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari muftiylik faoliyatlaridagi mana shunday salmoqli ishlar va yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning munosib e’tirofi sifatida xalqaro miqyosda Rossiya markaziy diniy idorasining “Al-Igtisam” (“Hamjihatlik”) medali, Qirg‘iziston musulmonlari diniy idorasining “Ыntimak” (Birdamlik) medali, Shimoliy Kavkaz musulmonlarini muvofiqlashtirish markazining “Ummat oldidagi xizmatlari uchun” ordeni, “Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi 30 yilligi” medali, respublika miqyosida esa “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni va “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar.

Shubhasiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 23 avgustdagi Farmoni asosida Mustaqilligimizning o‘ttiz to‘rt yillik bayrami munosabati bilan Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari «Oliy darajali Imom Buxoriy» ordeni va o‘tgan qisqa davrda o‘n nafar ulamolarimiz “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlanishlari esa eng sharafli mukofot, juda katta ehtirom va ulkan tarixiy voqea bo‘ldi.

E’tirof etamizki, muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan din peshvolariga ko‘rsatilayotgan bunday ehtirom diniy sohaga qaratilayotgan e’tiborning yorqin ifodasi bo‘lib, inson qadri ulug‘langan Yangi O‘zbekistonda ulamolar qadr topdi, munosib e’tirof etildi.

Bunday olamshumul voqea ona Vatan obodligi va din rivoji yo‘lida xizmat qilayotgan ulamoi kiromlar, ustozu mudarrislar va imom-domlalarga bo‘lgan e’tibor ortayotganining yorqin isbotidir.

Ulamolarga ko‘rsatilayotgan shunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).

Xulosa

To‘rt yil – tarix sahnida juda qisqa fursat. Lekin shu yillarga ulkan muvaffaqiyatlarni sig‘dira olish faqat Alloh taoloning inoyati hamda yurt Rahbarining adolati, qo‘llab-quvvatlovi ila amalga oshishi mumkin.

Ta’kidlaganimizdek, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari muftiylik lavozimiga saylanishlari bilan, avvalo, niyatni xolis qilib, «Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun» xayrli ishlarga ixlos va taqvo bilan ummat saodati yo‘lida yeng shimarganlar. Darvoqe, buyuk muhaddis bobomiz o‘zining shoh asari – «Sahihi Buxoriy»ning dastlabki hadisini «Amallar niyatlarga ko‘radir», degan muborak hadis bilan boshlaganlar. Islomning madori deb ataluvchi ana shu hadisni qalbiga jo qilgan Muftiy hazratlariga «Oliy darajali Imom Buxoriy» ordeni taqdim etilishi, u kishining faoliyatlari davomida erishgan natijalari samarasi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.  

Fursatdan foydalanib, Muftiy hazratlarini yana bir bor oliy mukofot bilan qutlaymiz. Alloh taolo u kishining din rivoji, Vatan ravnaqi va musulmon ummatining saodati yo‘lidagi xizmatlariga ulkan muvaffaqiyatlar ato etsin, omin Yo Robbal alamiyn.

 

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi,

 

2025 yil 3 sentyabr / Hijriy 1447 yil 11 rabi’ul avval

Boshqa maqolalar

Modernistlik oqimi haqida

26.09.2025   7953   18 min.
Modernistlik oqimi haqida

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining bir hadislarida ummatlari 73 firqaga bo‘linishini va ulardan faqat bittasigina najot topishini aytganlar. Ushbu hadisdan musulmon ummatida bo‘linish, oqimlar yuzaga kelishi oldingi ummatlarnikidan ko‘p bo‘lishi ta’kidlanadi. Darhaqiqat, shunday bo‘ldi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bamisoli dunyoni yoritib turgan oftob edilar. U zot odamlar orasida yashab turgan kezlarda qalblar ham o‘zgacha edi. Anas roziyallohu anhu bejizga: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni dafn qilib, qo‘llarimizning changini hali qoqmay turib qalblarimizni tanimay qoldik», demagan edi. Qolaversa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam hayotlik chog‘larida musulmonlar o‘rtasida vujudga kelgan har qanday ikkilanish, noaniqlik yoki toyilish bo‘lsa, u zotning so‘zlari bilan komil yechimini topar edi. Shuning uchun ham bu davr bashariyat tarixidagi eng nurafshon zamon o‘laroq «Saodat asri» deya atalib qolgan.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam rafiqi a’loga rihlat qilib, musulmonlar soni keskin oshib, turli xalq va elatlar Islomga kirgach, musulmonlar orasida turli firqalar paydo bo‘la boshladi. Biroq, Alloh taolo Islomni va uni tutgan ushbu ummatni qiyomatgacha salomat saqlashni iroda qilgani uchun musulmonlarning aksar qismi ahli sunna va jamoa, ya’ni sunnatni ushlagan va jamoani tutgan kishilar o‘laroq haqda sobit turib, sof Islomni saqlab keldilar. Shunga qaramay, ilohiy iroda iymon egalari uchun yana bir sinov o‘laroq Islomda turlicha oqimlar chiqib turishini ixtiyor qilgan ekan, son-sanoqsiz firqalar paydo bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan ayrimlari yo‘qolib, yangilari chiqishda davom etib kelmoqda. Oxirgi asrda, xususan, so‘ngi paytlarda G‘arbu Sharqda tarqagan va tarqatilayotgan oqimlardan biri modernistlik oqimi bo‘lib, arab tilida «al-hadasah» yoki «al-hadasiyyun» (modernistlar) deb ataladi.

Ko‘pchiligimiz Islomdagi oqimlar yoki firqalar deganda faqatgina dinda g‘uluvga ketgan, radikal tutumli musulmonlarni tushunadigan bo‘lib qolganmiz. Aslida Islomga g‘uluv bilan emas, aksincha, bepisandlik bilan munosabatda bo‘lish orqali haq yo‘ldan, vasatiylikdan oqqan, natijada musulmonlarning jumhuridan ayrilib chiqib, alohida oqimga aylangan toifalar ham borki, ko‘pchilik ularni bilmaydi, tanimaydi va ularning xatarini payqamaydi ham. Masalan, qadimda murjiiylar oqimi mo‘tadillikdan, haq yo‘ldan og‘ib, musulmon olamining boshiga ko‘plab tashvishlar keltirgan. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning bobokalon ustozi Ibrohim Naxaiy rahmatullohi alayh bejizga: «Ularning, ya’ni murjialarning fitnasi ushbu ummat uchun xavorijlarning fitnasidan ko‘ra qo‘rqinchlidir», deya tashvishlanmagan. Zero, ular dinda bepisandlik yo‘lini tutib, axloqsizlik va jinoyatlar botqog‘iga botib ketgan edi. Shuning uchun imom Moturidiy o‘z asarlarida nishonga olgan adashgan toifalardan biri aynan murjialar bo‘lgan. Bugungi kunda ana shunday usulsiz xatarli oqimlardan biri modernistlik oqimi hisoblanadi.

Shuni aytish lozimki, modernistlarning shahvoniy g‘oyalari, xitoblari bashariyatga yangilik emas, qadimdan bo‘lib kelgan, ilgargi payg‘ambarlar va musulmonlarga ham qaratilgan. Shu’ayb alahissalomning qavmi shunday degan edi: «Ey Shu’ayb! Namozing senga ota-bobolarimiz ibodat qiladigan narsalarni yoki biz mol‑dunyomizda xohlaganimizni qilishimizni tark etishimizni buyurmoqdami? Sen juda halim, to‘g‘ri odamsan-da» (Hud surasi, 87-oyat).

Demak, Qur’oni Karim ilohiy amrlardan tarqab, ularni qabul qilishga ko‘nmaydigan ana shunday toifalar va g‘oyalardan musulmon ummatini ogohlantirgan ekan.

Modernistlik oqimi musulmon ummati uchun ham yangilik emas, uning fikrlari, yondashuvlari adashgan toifalarning mafkuralarida ilgaridan mavjud. Masalan, ularning ayrim qarashlarini, jumladan, aqlga haddan ziyod suyanish, aqlni naqldan ustun qo‘yish holatlarini jahmiylar va mo‘tazilalarda topish mumkin. Bunday adashgan g‘oyalarga qarshi Islom ulamolari hamisha keskin kurash olib borganlar va xalqni bundan ogohlantirib kelganlar. Biroq, so‘ngi asrlarda jamiyatni dunyoviylashtirish g‘oyasining ayrim joylarda chegaradan chiqib, radikallashuvi, tashqi kuchlarning ko‘magi va targ‘iboti ostida modernistlik oqimi rivojlantirilib, turli jim-jimador shiorlar bilan musulmonlarning e’tiqodiga, axloqiga, qadriyatlariga zarba berishga harakat qilishmoqda. Bu oqim tarafdorlari bilib-bilmagan holda musulmon o‘lkalarni ko‘r-ko‘rona g‘arblashtirish, xalqlarni o‘z qadriyatlaridan uzoqlashtirib, ommaviy madaniyat girdobiga tortishda qurol vazifasini o‘tab kelmoqda.

Modernistlikning asosiy g‘oyasi ‒ barcha narsani yangilash, dinni ham yangilab, zamonaga tobelashtirishdir. Ular yangilashga shunchalar kirishib ketishadiki, hatto kechagi qilganlarini bugun o‘zgartirib, yangicha narsaga intilishadi va o‘zgarmas qonuniyatlarga aylangan qadriyatlarga, dinning qat’iy belgilangan asoslariga nisbatan ham shu zaylda yondashishadi. Ular barcha masalada aqlga haddan ziyod suyanib, fahmlariga kelgan fikrni shar’iylashtirishga urinishadi va odatda nafs iskanjasiga tushib qolishadi.

Modernistlar odatda balandparvoz shiorlar, vatanparvar g‘oyalar, zohirda ilmiy bo‘lib ko‘rinadigan uslublardan juda ustamonlik bilan foydalanishadi. Ular dastlab bexatar, xalqchil, zamonga mos bo‘lib ko‘rinishi ham mumkin. Ular o‘zlarining asl e’tiqodlari, maqsadlari va hollarini musulmonlar ommasidan yashirishadi va o‘zlarini musulmonlar uchun juda ham mehribon, bag‘rikeng qilib ko‘rsatishga urinishadi. Biroq, bu oqimning xatari anavi ekstremist toifalarnikidan kam emas, faqat buning zararlari ko‘z ilg‘amas tarzda yuzaga keladi va kasallik surunkali holga kelgandan keyin bo‘y ko‘rsatadi. Kuzatuvlarga ko‘ra, so‘ngi yillarda ushbu oqim vakillarining O‘zbekistonga ham hujumi paydo bo‘lgan ko‘rinadi. Shu bois, ushbu mavzuda qisqacha bo‘lsa-da, ma’lumot berishni lozim topdik.

Modernistlarning bir qator belgilari bor. Jumladan:

1. Ular ateistlar kabi dinni birato‘la inkor qilmaydi, shuningdek, Islom ahkomlarini qoralab ham o‘tirmaydi. Balki, shar’iy matnlarni o‘z ra’ylariga burib, «bu matnda shariatning maqsadi faqihlar aytganidek emas, balki bunday-bundaydir» deya da’vo qilishadi. Ular go‘yo shu paytgacha o‘tgan ming yillar osha e’tirof etib kelinayotgan yuzlab, minglab Islom olimlari shariat maqsadlarini tushunmaganu, bular anglab qolgandek so‘z surishadi. Ular bu borada g‘uluvga ketib, «Islomda asosiy maqsad ota-onaga yaxshilik qilish, zulmga qarshi turish va hokazolardir, namoz, hijob va shu kabi masalalar shariatda keyinchalik joriy bo‘lgan, ular asosiy masalalar emas», deya safsata sotishadi. Shu tarzda nafslari istagan dinni paydo qilishga urinishadi.

2. Qur’oni Karimni ma’lum bir sharoitga, aniqrog‘i, arablar sharoitiga tushirilgan, uni boshqa joy va zamonga tatbiq etish to‘g‘rimas, deyishadi. Ular hatto oyat-hadislarda ochiq va qat’iy aytilgan, shu paytgacha butun Islom ummati yakdil tushunib, tushuntirib kelgan masala ‒ oilada erkak rahbar hisoblanishini ham «arablarda erkaklar faol bo‘lgani uchun shunday bo‘lgan, bu ularga xos», degan iddao bilan amaldan chetlatishadi. Shu zaylda ular Islomning zamon va makonga qaydlanmaslik xususiyatini yo‘qqa chiqarishadi. Holbuki, Qur’on, Sunnat va ummatning ijmo’i bilan Islom dini butun bashariyat uchun tushirilgan oxirgi dindir, buni inkor qilish mumkin emas. Modernistlar so‘zda Islomning olamshumulligini e’tirof etishsa-da, amalda bunga zid yo‘l tutishadi.

3. Salafi solihlar, mujtahid imomlarga bepisandlik bilan qarashadi va ularning so‘zlarini shariatning izohi deb emas, o‘sha olimlarning shaxsiy fikri, demak bu din emas, Qur’on emas, Sunnat emas, deya odamlarni oyat‑hadislarga ummatning ustunlari bo‘lgan allomalar tarafidan berilgan asl ma’nolardan chalg‘itishga urunishadi. Bu toifaning eng katta xatari ham shunda.

4. Qadimgi ulamolarga, fuqaholarga ta’na toshi otib, ularni ayblashadi, ularga nisbatan bepisand, odobsiz munosabatda bo‘lishadi. Qo‘yib bersangiz, imom Buxoriy, imom Moturidiylarni ham shariatni tushunmaganga chiqarishadi. Islom shariatini asrlar osha saqlab kelgan zabardast ulamolarni «Qur’on va hadisni o‘z sharoitlariga ko‘ra sharhlashgan», degan ayblov bilan obro‘sizlantirishga, ularning diniy matnlarni anglashdagi izohlarini shaxsiy fikrga chiqarishga urinishadi. Shu tariqa dunyoni ilmga to‘ldirgan, musulmon ummatining faxri bo‘lgan buyuk shaxslarni qadrsizlantirishadi va bu orqali musulmonlarni shonli tarixlariga zarba berishga, ajdodlarga bo‘lgan ishonch va ehtiromlarini sindirishga urunishadi. ....«Tarixsiz kelajak yo‘q», deganlaridek, shu yo‘l bilan musulmonlarni o‘tmishlaridan ayrishadi va natijada o‘zlariga tobe qilishga kirishishadi.

Ular hatto imom Shofeiy va u kishi qatori mujtahidlarni, usul ulamolarini ham qoralashadi. Sababi ‒ aynan usul ilmi va ulamolari bularning qing‘ir maqsadlari, betayin safsatalari oldini tog‘ bo‘lib to‘sib turadi. Ular o‘zlaricha «usul ilmi va olimlari Qur’on va Sunnatni tushunishni cheklab qo‘ygan», deya yozg‘irishadi. Axir, mutaxassis olimlar agar diniy matnlarni tushunishni tartibga solib bermasa, kerakli hududni ko‘rsatib bermasa, johillar dinni barbod qilishi, odamlarni adashtirishi turgan gap-ku. Balki ular aynan shu natijani o‘z oldilariga maqsad qilib olgandir?

5. Ularda usul, ya’ni oyat-hadisni anglash qonuniyatlari bo‘lmaydi, bo‘lsa ham, usulsiz usul bo‘ladi va ularning bu usullarini birorta ham mo‘tabar olim e’tirof etmaydi. Sababi ‒ ularda tayinli manhaj o‘zi yo‘q bo‘lgani uchun usullari bir tizimga tushmaydi va barcha hukmlarni qamray olmaydi.

6. An’anaviy din olimlarini Qur’on va Sunnatni yaxshi anglamaslikda, matnga yopishib olishda ayblashadi. Ularga ko‘ra, sahobayu tobeinlar va asrlar osha o‘tgan minglagan olimlar ham Qur’onni yetarlicha tushunmagan, anglamagan ekan. Ba’zan ularning fikrlari ustidan ochiqchasiga kulishadi. Shu tariqa ular o‘zlarining soxta «din»larini tiqishtirishga harakat qilishadi. «Islom innovatsion din», «Islomning mohiyatini anglash kerak» deganga o‘xshash jim-jimador so‘zlar bilan ilmsiz kishilarni aldab, haqiqiy Islomdan g‘arbcha yasama «islom» tomon burishadi. Buning uchun oyat va hadislarni o‘z ra’ylariga moslashga urunishadi, diniy matnlarni ming yillik sharhu amali bir chetda qolib, o‘z xohishlariga ko‘ra talqin qilishadi. Afsuski, ko‘pchilik ularning bu kabi faoliyatlarini tushuna olmaydi.

7. Ayrim sahih hadislarga ohod yoki zaif degan da’vo bilan ishonchsizlik bildirishadi. Hatto «Sahihul Buxoriy»dagi hadislarni ham isroiliyot, ya’ni ahli kitoblarning rivoyati deya pastga urishadi. Holbuki, ohod va hatto zaif hadislarga ham o‘rni bilan amal qilinishini barcha olimlar birdek ta’kidlaydilar.

8. Islom shariatida yengillik, erkinlik, bag‘rikenglik tushunchalarini suiste’mol qilishadi, shariat qattiq olgan masalalarga ham yengil qarashadi. Shu zaylda halol-haromni, farzu mubohni aralashtirib, bir martabaga olib kelishadi.

9. Ular birinchi bo‘lib muhokama qiladigan, ko‘taradigan masala ayollarga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, ayollarning satri avrati, hijobi, oiladagi o‘rni va erkak-ayollarni bir xillashtirish, feminizmni qo‘llab-quvvatlash masalalari kabi. Ular bu bilan jamiyatning nozik tarafiga zarba berish, bo‘shroq, ta’sirchan qismidan kirib borishni nazarda tutishadi.

Bular barchasi quruq da’volar bo‘lib, bir tiyinlik qiymati yo‘q, ilmiy va tarixiy haqiqatlarga ochiq ziddir.

Bu toifa kishilar ichida bir nechta universitetlarni tugatgan, turli mavzularda doktorlik yoqlagan kishilar ham bo‘lishi mumkin. Biroq, yo‘llari manhajsiz bo‘lgani uchun so‘zlari o‘zaro ziddiyatlarga to‘lib, o‘zlari ham gangib yurishadi.

Hadosiylarning jamiyat uchun xatarlari talaygina. Ayrimlarini eslab o‘tish joiz:

1. Musulmon xalqlarni o‘z o‘tmishiga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazishadi. Bu bilan jamiyatda g‘oyaviy bo‘shliq hosil qilinadi. Keyin bu bo‘shliqni soxta e’tiqodlar bilan to‘ldirishga urinishadi. Xalqni o‘z tarixidan ayirib, boshqalarga qaram bo‘lishga mahkum etiladi.

2. Musulmonlarning ming yillik qadriyatlariga bepisandlik qilish oqibatida odamlar o‘rtasida nizo va janjallar keltirib chiqarishadi. Ular bor joyda doimo jamiyat parokanda bo‘ladi. Chunki ularning uslublari sof tabiatga, nafaqat diniy, balki insoniy qadriyatlarga ham zid. Shu bois, o‘zligini asragan qatlam bilan ularning o‘rtasida hamisha ziddiyat kelib chiqaveradi.

3. Shariat ahkomlaridan ma’lumlarini, ayrim hadislarni shubha ostiga olgach, ya’ni din binosining bitta g‘ishtini buzgach, qolganiga darz ketishi tabiiy. Shu zaylda dinni astalik bilan nuratgandan keyin jamiyatda dinning mavqei butkul yo‘qoladi. Boshqacha qilib aytganda, ular dinning o‘q tomirlariga zimdan zarba berish orqali uni falaj holga keltirishga urinishadi. Bunda ko‘rinishda dinning jasadi turaveradi, ammo endi u o‘z vazifasini bajarmaydigan haykalga aylangan bo‘ladi. Oqibatda jamiyatni din bilan tarbiyalash va boshqarishga imkoniyat qolmaydi, biror nimadan qo‘rqitish, ogohlantirish, biror yaxshilikka targ‘ib qilish yo‘qqa chiqadi. Bu esa jinoyatlar ortishiga, buzuqlik ommalashishiga, natijada hozirda ayrim davlatlarda bo‘lib turganidek, aholining qirilishiga olib keladi.

4. Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, dinning talab va qaytariqlari yo‘qolayozgach, bunga qarshi ravishda radikal dindorlik vujudga keladi va ekstremistik, terroristik oqimlar paydo bo‘lishiga zamin yaratiladi.

Din ta’qiq va buyruqlari bilan jozibali. Insonning sof tabiati ana shunday dindan qanoatlanadi. Islom shariatidagi buyruq va ta’qiqlar aslida mo‘tadildir. Ularni yo‘qqa chiqargach, insonlar dindan qanoat qilmay qoladi va endi o‘zboshimchalik bilan dinda g‘uluvga ketish urchiydi.

5. Modernistlarning tashviqoti borib-borib fahsh va buzuqliklarni yoqlashgacha yetib borishi ham mumkin. Hatto bir jinsli nikohni yoqlab chiqadiganlari ham topiladi. Bu holat esa musulmon jamiyatni xalok qilishi tayin.

Ochig‘ini aytganda, ko‘pchilik, xususan, dunyoviy yoki zamonaviy davlat namoyandalari va tarafdorlari ba’zan modernistlarning shiorlari, da’volariga mahliyo bo‘lib, ayrim fikrlarini ma’qullab qolishadi va ularni zamonaviy dunyo, zamonaviy musulmon jamiyatlar uchun diniy jihatdan maqbul deb o‘ylashadi. Biroq, bu qarash o‘zini oqlamagan va bundan keyin ham oqlamaydi. Chunki modernistlarning yo‘nalishlari ba’zi bir muammolarga yechimdek ko‘rinsa-da, hech qachon ko‘zlangan maqsadga erishtira olmaydi, gohida aksincha natija beradi. Zero, ular taqdim qilgan mafkura to‘laqonli din bo‘la olmagani bois odamlarning, xususan, musulmonlarning diniy talablarini qondira olmaydi. Ming yillar osha sinovlarda toblangan, metin asoslarga ega shar’iy tamoyillarni buzib qo‘yib, keyin o‘rniga boshqa biror asosli manhaj keltira olmay, xalqni parokanda holga solishadi. Ustiga-ustak jamiyatda diniy omillar o‘z vazifasini bajarmasligi oqibatida axloqsizlik, beboshliklar kelib chiqadi. Bu hol esa dinda radikal guruhlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Aslini olganda zamonaviy dunyoda zamonaviy jamiyat yaratish uchun yoki zamonaviy jamiyat osudaligi uchun qandaydir yangicha «din» paydo qilish shart emas, balki Islomni to‘g‘ri anglab, to‘g‘ri tatbiq etsa, mo‘tadil yo‘lni tutsa kifoya.

Aytish joizki, biz bu yerda ushbu mavzuda qisqacha to‘xtaldik, xolos, tafsilotlarga kirishmadik. Umid qilamizki, boshqa ahli ilmlarimiz ham vaqt ajratib, bu mavzuni to‘liqroq yoritib beradilar. Alloh nasib qilsa, bu mavzuda yana so‘z yuritamiz. Jumladan, Islomda yangilanish, zamonaviylik qanday bo‘lishi haqida ham to‘xtalamiz.

Xulosa qilib aytganda, modernistlik oqimi juda ham xatarli, ko‘pincha geosiyosiy kuchlar ta’siri ostida bo‘lib, o‘z tabiatiga ko‘ra radikal ko‘rinishlarga ham ega. Bu toifaning faoliyati juda ko‘p mamlakatlarda davlat to‘ntarish, tartibsizlik keltirib chiqarishgacha yetib borgan. Ularga juda ham hushyor qarash kerak, buzuq fikrlardan uzoq bo‘lish, xalqni asrash, juda ham ehtiyot bo‘lish lozim va ularga qarshi o‘laroq ilmiy saviyani ko‘tarish darkor.

Modernistlarga qo‘yib bersangiz, Islomning barcha asoslarini barbod qilib, o‘zlari qadriyat deb bilgan, aniqrog‘i, G‘arb mafkurasi ma’qullagan g‘oyalarni birlamchi masalalar deb urg‘ulashadi. Odam alahissalomdan beri barcha samoviy dinlar, xususan, Islomning asosiy tamoyillari hisoblangan namoz, satri avrat, mahram-nomahram, halol-harom masalalarini quyi darajaga tushirib, Qur’ondan keyingi eng ishonchli kitob hisoblangan «Sahihul Buxoriy»dagi bilittifoq sahih hadislarni isroiliyot rivoyatiga chiqarishgacha borishadi. Ular shu zaylda kufrga ketib qolayotganlarini ham sezmay qolishadi. Shu bois, ularning qancha ilm dargohini tugatganiyu, qanchali mashhur bo‘lishi hech narsani hal qilmaydi, bunday zohiriy omillarga aldanib qolmaslik kerak.

Oxirgi so‘z sifatida Imom Muslim o‘z «Sahih»ida rivoyat qilgan ushbu hadisi sharifni eslashni lozim topdik:

«Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Oxir zamonda dajjol kazzoblar bo‘ladi. Ular sizlarga sizlar ham, otalaringiz ham eshitmagan gaplarni aytishadi. Ulardan saqlaninglar, sizlarni adashtirib, fitnaga solib qo‘yishmasin!»

Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda sobiq aylasin, adashtirmasin.

Hasanxon Yahyo Abdulmajid