Andijon viloyatida bo‘lib o‘tayotgan ilmiy-amaliy seminar doirasida viloyat bosh imom-xatiblari o‘zlariga biriktirilgan hududlarga chiqib, masjidlar va ulardagi imom-xatiblar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Bundan ko‘zlangan maqsad, imom-xatiblarning ma’naviy-ma’rifiy hamda masjidni boshqarish yo‘nalishidagi faoliyati bilan yaqindan tanishish, ular bilan birgalikda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish, ularga amaliy ko‘mak va maslahat berishdir.
Amaliy jarayonda ustav asosida ish va hujjat yuritish, jamoani boshqarish, masjidni toza va ozoda saqlash, unda qulay sharoitlar yaratish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, yong‘in xavfsizligi choralarini kuchaytirish kabi holatlar alohida ko‘rib chiqildi.
O‘rganishlar natijasiga ko‘ra masjidlarda yaratilgan sharoit hamda imom-xatib boshchiligida masjidlar jamoalarining faoliyatiga ijobiy baholar berildi.
Shuningdek, imom-xatiblarga masjidlarning moliyaviy ishlariga doir faoliyatni tartibga solish, tushumlar shaffofligini ta’minlash va muqobil energiya manbalaridan unumli foydalanish ishlariga doir zaruriy ko‘rsatma va muhim tavsiyalar berib o‘tildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi to‘g‘risida"gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida "Radikallashuv va yot g‘oyalarga qarshi kurashish hamda axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish" o‘n kunligi loyihasi doirasida "Soxta salafiylik: tarixi, g‘oyasi, belgisi, xatarlari" mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda bir qator mutasaddi tashkilotlar vakillari qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov ham ishtirok etdi.
"Ziyo" media markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu o‘n kunlik tadbirlaridan maqsad – yoshlarni radikalizm, terrorizm, ekstremizm, soxta da’volar, g‘arazli da’vatlar, axborot xurujlari, mafkuraviy tazyiqlar, ommaviy madaniyat ta’siridan himoyalash, ularda vatanparvarlik, sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishdir.
Tadbir mavzularini keng va atroflicha yoritib berish uchun ijtimoiy-siyosiy, diniy, madaniy-ma’rifiy sohada o‘z sohasining yetakchi ekspertlari ma’ruzalari bilan qatnashdi.
Aytish mumkinki, davlatimiz rahbarining: “Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzg‘unchi yot g‘oyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, ma’rifat o‘rnini jaholat egallashiga yo‘l qo‘ymaymiz”, degan so‘zlari o‘n kunlikning shioriga aylangan.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati