Kecha, 7 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtirokida imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Qur’oni karim tilovati bilan boshlangan tadbirda dastlab Muftiy hazratlari nutq so‘zlab, ushbu keng qamrovli tadbirlarning ahamiyati, mohiyati, unda erishilgan yutuqlar, natijalar, tajriba almashinuvlarning din peshvolari uchun tarixiy va juda foydali bo‘lishini e’tirof etdilar.
Ikki kunlik tadbirlar davomida kasb mahoratini oshirish, aholi bilan muloqot qilish, mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta’minlash hamda xayriya yordamlari uyushtirishdagi uyushqoqlik, yuzma-yuz muloqotlar orqali o‘zaro birdamlik muhiti yanada mustahkamlanishi aytib o‘tildi.
Viloyatning 16 ta shahar va tumanidagi 182 ta masjidda bo‘lingani, jamoatga suhbat qilish, masjidni boshqarish va targ‘ibot tadbirlari, ayniqsa, musulmonlarning ruhiy-ma’naviy ehtiyojini qondirish bo‘yicha mahalliy imom-xatiblarga ko‘rsatilgan yo‘l-yo‘riqlar tez orada o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatishiga umid bildirildi.
Ishtirokchilarga ularning o‘rganishlar davomida to‘plagan bilim va ko‘nikmalari, ish uslublari va ilg‘or tajribalarini keng ommalashtirishga doir tavsiyalar berib o‘tildi.
Yig‘ilish davomida har bir bosh imom-xatib o‘z hududi masjidlarida hujjat yuritish, imom-xatiblar faoliyati, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari, aholi vakillari bilan uchrashuvlar, suhbatlar va amaliy ko‘maklar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlari hisobotini berdi.
Seminar yakunida ilmiy-amaliy seminar davomida to‘plangan tajriba va natijalarni tizimda keng ommalashtirish bo‘yicha xulosalar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, 9 oktyabr kuni Namangan viloyati bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbasiddinov boshchiligida viloyatda faoliyat olib borayotgan barcha imom-xatiblar faoliyati samaradorligini yanada oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi.
Uchrashuvda Andijon viloyatida bo‘lib o‘tgan ilmiy-amaliy seminarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining har bir imom-xatibning faoliyati davomidagi tadbirlarning qamrovi va ahamiyati, mohiyati, erishilgan yutuqlar, natijalar, tajriba almashinuvlarning diniy xodimlar uchun manfaatli bo‘lishi e’tirof etilgani, shu bilan birga, berilgan topshiriq va tavsiyalari bo‘yicha Viloyat bosh imom-xatibi tomonidan monitor orqali jonli ko‘rgazmali tarzda amaliy seminarda olingan ko‘nikmalarni viloyatda ommalashtirish uchun ko‘rsatma berildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida o‘z ustida muntazam ishlash, ilmiy saviyani yanada oshirish, aholi bilan muloqot qilish, mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta’minlash hamda xayriya yordamlari uyushtirishdagi uyushqoqlik, tizimdagi xodimlar o‘rtasida o‘zaro birdamlik muhiti yanada mustahkamlash zarur ekani alohida ta’kidlandi.
Viloyatimizning barcha masjidlarida namozxonlar uchun suhbatlarni olib borish, ayniqsa, har dushanba va payshanba kunlari masjid jamoasi ko‘p to‘planadigan vaqtda namozidan keyin suhbatlar tashkil etish, masjidlar ishlarini boshqarish, obodonchilik va tozalikka alohida e’tibor qaratish takidlab o‘tildi. Belgilab o‘tilganidek, hududlardagi imom-xatib va imom-noiblar payshanba o‘quvlarini samarali tashkillashtirish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi.
Joriy yilning 23 sentyabrdagi Muftiy hazratlarining taman-shahar bosh imom-xatiblari ishtirokidagi video selektor yig‘ilishida bergan ko‘rsatma va topshiriqlarini amaliy va samarali ijro etishlari, joylarda amaliy natijaga erishishlari uchun berilgan topshiriq xati o‘qib eshittirildi.
Yig‘ilish davomida har bir tuman-shahar bosh imom-xatibi imom-noiblar faoliyatiga ham e’tibor qaratishlari lozimligi, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini sifatli yakunlash va o‘z vaqtida vakillik mas’ullariga ma’lumot taqdim etishlari alohida aytib o‘tildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi Matbuot xizmati