Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Noyabr, 2025   |   17 Jumadul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:42
Quyosh
07:03
Peshin
12:12
Asr
15:29
Shom
17:14
Xufton
18:29
Bismillah
08 Noyabr, 2025, 17 Jumadul avval, 1447
Maqolalar

Jismu jon – rabboniy omonat

08.10.2025   3187   3 min.
Jismu jon – rabboniy omonat

Islom aqidasiga ko‘ra, butun olamni va undagi jamiki mavjudot va maxluqotni yo‘qdan bor qilib yaratgan zot Alloh taolodir. Shu jumladan, insonning jismi va ruhini ham Parvardigor yaratgan. Garchi insonga juz’iy ixtiyor berilgan bo‘lsa-da, bandalik chegarasidan chiqishga, salomatligu hayotini isrof qilishga uning haqqi yo‘q.

Islom shariatida o‘z joniga qasd qilish og‘ir gunoh bo‘lib, aqliy va naqliy dalillarga ko‘ra, bilittifoq, haromdir. Alloh taolo marhamat qiladi: «O‘zingizni halokatga duchor qilmang» (Baqara surasi, 195-oyat), «O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang. Albatta, Alloh sizlarga rahmlidir» (Niso surasi, 29-oyat).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Kim o‘zini-o‘zi bo‘g‘ib o‘ldirsa, do‘zaxda ham shu xil azobga qoladi. Kim o‘zini tig‘ bilan o‘ldirsa, do‘zax olovida ham xuddi shunday azoblanadi”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Jundub ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Sizlardan oldin o‘tgan qavm orasida yaralangan bir kishi bor edi. U og‘riqqa chiday olmasdan, qo‘liga pichoq olib, yaralangan qo‘lini kesdi. Oqibatda u ko‘p qon yo‘qotishi tufayli halok bo‘ldi. Shunda Alloh taolo: “Bandam o‘zini-o‘zi o‘ldirib (unga bergan umrimga shukr qilmay), shoshildi. Shuning uchun unga jannatni harom qildim”, dedi» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Sobit Zahhokdan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Kimki biror narsa bilan o‘zini o‘ldirsa, jahannam otashida ana shu bilan azoblanadi”, deganlar.

Ushbu hadis sharhida Ibn Daqiq Iyd rahimahulloh aytadi: “Bu (mazkur hadis), oxiratdagi azob-uqubatlar dunyoda qilingan jinoyatlar bilan bir xil ekanini anglatadi”. Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh aytadi: “Bu hadisdan olinadigan xulosa shuki, insonning o‘z joniga nisbatan qilgan jinoyati gunohu ma’siyatda xuddi boshqa bir insonga nisbatan qilgan jinoyatidek e’tiborga olinadi. Chunki uning joni mutlaq o‘zining mulki emas. Balki u Alloh taoloning mulkidir. Shuning uchun inson o‘z joni borasida faqat Alloh izn bergan tartibda tasarruf qilish huquqiga ega”.

Bugungi kunda buzg‘unchi radikal guruhlarning “peshvolari” tomonidan Islomdagi “shahidlik” tushunchasini buzib talqin qilishmoqda. Ular o‘zini-o‘zi portlatish orqali xudkushlik sodir etishga nisbatan “shahidlik” deya fatvo berib, o‘zlarining ta’siriga tushib qolgan qanchadan-qancha ilmsiz yoshlarning dunyoyu oxirati kuyishiga, ko‘plab insonlarning o‘limiga sabab bo‘lishyapti. Bunday g‘arazli fatvolar na dinimiz manbalariga, na sog‘lom aqlga to‘g‘ri keladi. Aksincha, Alloh taoloning rizosiga qarshi borish, Rabboniy omonatga xiyonat qilish hisoblanadi.

Bu hayot har bir insonga uni so‘nggi nafasigacha ehtiyot qilish sharti bilan berilgan. Uni faqat Alloh taolo buyurgan va rozi bo‘ladigan ishlarga safarbar etish lozim.

Asrorxon MAHMUDOV,
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Ehtiyojmand oilaga “Vaqf” uyi topshirildi

07.11.2025   3493   1 min.
Ehtiyojmand oilaga “Vaqf” uyi topshirildi

Ijara haqini o‘z vaqtida to‘lolmaganingiz uchun bor budingiz, bolalaringiz bilan ko‘chaga haydalganmisiz? 

Ba’zi-ba’zida uy topolmay ko‘chalarda, bekatlarda yotib qolganmisiz? 

Farzandlaringiz «qachon bizning ham uyimiz bo‘ladi», deya sovol berganida qanday javob berishni bilmay, ularning ko‘ziga qarashga botinolmay qolgan paytlaringiz bo‘lganmi?


Bugun sizga aytmoqchi bo‘layotgan bu oila, bu ona bunday kunlarni ko‘p bora boshidan o‘tkazgan. Turmush o‘rtog‘i uch nafar qizi bilan tashlab ketganidan keyin ona ne-ne qiyinchiliklarni ko‘rmadi deysiz? Qishning qirovli kunlarida, yozning jaziramalarida bir xonali bo‘lsada uyimiz, boshpanamiz bo‘lsaydi, deya orzu qilishdi. Allohga hamd bo‘lsinki, bugun o‘sha kunlar ortda qoldi.

«Vaqf» xayriya jamoat fondining Buxoro viloyati filiali tomonidan mazkur oilaga e’tibor qaratilib, har tomonlama yordam ko‘rsatilishi belgilandi. Birinchi o‘rinda oilaning uy-joyga muhtojligi hisobga olinib, ko‘p qavatli uydan ta’mirlangan yashashga tayyor bir kvartira ajratildi. «Vaqf» fondi balansida bo‘lgan ushbu uy ona va bolalarga bir umrga tekin foydalanishga berildi. Filial tomonidan oilaga zarur oziq-ovqat mahsulotlari ham topshirildi.

Bugundan boshlab hech kim bu uydan chiq, deb eshik tepib kelmaydi. Ona, ayniqsa bolalar juda xursand. Shunday uyni sovg‘a qilgani, xursandchilik ulashgani uchun «Vaqf» fondi va homiylarni duo qilishmoqda.

Aslida bu dunyo, mol-mulk hammamizdan qolib ketadi, azizlar! Hali ham nimanidir o‘zgartirish, kimgadir yordam qilish uchun juda ko‘p imkoniyatimiz bor. Faqat siz xohlasangiz, chin qalbdan istasangiz bo‘lgani. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
"Vaqf" fondi
Matbuot xizmati

Ehtiyojmand oilaga “Vaqf” uyi topshirildi Ehtiyojmand oilaga “Vaqf” uyi topshirildi
O'zbekiston yangiliklari