Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan tashkil etilayotgan mazkur nufuzli xalqaro ma’naviy-ma’rifiy kongressda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari tashriflari ham kutilmoqda.
“Markaziy Osiyoda ma’naviy meros va ma’rifatparvarlik” mavzusidagi mazkur xalqaro kongress mintaqaning 300 ga yaqin ilm, san’at, ma’rifat, madaniyat vakillari, tadqiqotchilaru olimlarini bir maqsad yo‘lida birlashtirmoqda.
Mazkur xalqaro kongress O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan mintaqaning madaniy va tarixiy merosini birlashtirish, boy ma’naviy, madaniy va ilmiy merosga ega hudud sifatidagi ahamiyatini ko‘rsatish hamda yangi integratsion tashabbuslar uchun zamin, bir so‘z bilan aytganda, yagona madaniy makon sifatida targ‘ib qilish kabi muhim maqsadlar yo‘lidagi muhim qadamdir.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida qator vazirlik va tashkilotlarning mas’ullari ishtirokida ushbu nufuzli xalqaro tadbirni yuqori saviyada o‘tkazishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda mas’ul vazirlik va tashkilotlarning mazkur xalqaro tadbirdagi vazifalari va ularning ijrosini ta’minlash borasidagi majburiyatlari ko‘rib chiqildi.
Kongress qatnashchilari va mehmonlari uchun nufuzli tadbir maqsadiga hamohang madaniy-ma’rifiy tadbirlar, qator ilmiy mavzularda muhokama yig‘ilishlarini tashkil etish kabi masalalar muhokama qilindi.



O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov kongressning ilmiy va ma’naviy ahamiyatini ta’kidlarkan, “Bu forum Markaziy Osiyo xalqlarining umumiy madaniy ildizlarini yanada yaqinlashtiradi” dedi.
Kongress doirasida yalpi yig‘ilish va bir nechta sho‘ba yig‘ilishlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularda xalqaro va mahalliy ekspertlar, ilm-fan, madaniyat sohasi vakillari ishtirok etadilar.




Shuningdek, anjuman doirasida ko‘rgazmalar, madaniy dasturlar va ilmiy nashrlar taqdimoti ham tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Ko‘rgazmalarda Markaziy Osiyo mamlakatlarining mashhur mualliflarning durdona kitoblari, badiiy va hujjatli filmlar namoyishi, rassomlarning fotoko‘rgazmalari kutilyapti.
Shuningdek, xalqaro kongressning madaniy tadbirlari doirasida Markaziy Osiy va Ozarbayjon kino kunlari o‘tkazilishi ham rejalashtirgan.
Yig‘ilish yakunida barcha idoralardan ushbu belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash, xalqaro kongressni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha mas’ul vakillar belgilanib, tadbirni muvofiqlashtiruvchi Maxsus shtab tuzilishi haqida qaror qabul qilindi.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, bu tadbir nafaqat ijodkorlar va olimlar muloqotini kengaytiradi, balki mintaqaviy madaniy aloqalarni mustahkamlab, O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yanada oshiradi.
https://cisc.uz/ky/news-item/692/
#xabar #qabul #murojaat
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan olib borayotgan ochiq va samimiy muloqotlari fuqarolar muammolarini hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qabullar jarayonida har bir murojaat e’tibor bilan o‘rganilib, aksariyati o‘z vaqtida ijobiy hal etilayotgani quvonarlidir.
Jumladan, bugun 17 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Diniy idoraga kelgan fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaat, arz va takliflarini tingladilar. Qabul davomida imom-xatiblar faoliyati, haj va umra masalalari, oilaviy muammolar hamda moddiy yordam bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Xususan, oilaviy masalalar bo‘yicha murojaat qilganlarga muammolar yechimi yuzasidan maslahatlar berildi, shar’iy savollarga atroflicha tushuntirishlar qilindi hamda moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak ko‘rsatildi.
Samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, xayrli duolar qilishdi.
Darhaqiqat, inson dardiga sherik bo‘lish va uning tashvishini yengillatish — savobi ulug‘ amaldir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi", deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Shu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududiy vakilliklari hamda barcha jome masjidlarida haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati