Bismillahir Rohmanir Rohiym
Xodimiy aytadilar: «Ilmning inqirozga yuz tutishi sabablaridan biri muallimning haqqini rioya qilmaslikdir, o‘tgan azizlarimiz: “Kimdan ustozi ozor ko‘rsa, ilmning barakasidan mahrum bo‘ladi, undan ozgina foyda ololadi xolos”, deganlar».
Bu kabi odobsizlikka ayrim misollar keltirsak:
Olim bor davrada ilmsiz kishilarning so‘z boshlashi, ustozning oldida talabaning so‘zamollik qilishi, ilmda ustun bo‘lmasa-da, parhezkorligi yoki zuhdi yoki yoshi kattaligi sababli martabasi yuqoriroq kishining oldida gapdonlik qilish.
Ustozning gapiga e’tiroz bildirish. Garchi xato bo‘lsa-da, ustozning so‘ziga (keskin) e’tiroz bildirmaslik darkor. Ustozini noshar’iy ish ustida ko‘rib qolganda “Nega unday qilyapsiz?” degan shogird muvaffaqiyat qozona olmaydi, deyishgan ulamolarimiz. Agar e’tiroz bildirish kerak bo‘lsa, uni ochiqchasiga, keskin ohangda emas, ishora orqali bildirish kerak .
Imom G‘azzoliy aytadilar: “Ustozini zohiri nomaqbul bo‘lgan ish ustida ko‘rib qolsa gumonini yomon qilmasin, ustozi buning sir-asrorini undan ko‘ra yaxshiroq bilishi mumkin. Shu paytda Muso alayhissalom Hizr alayhissalomga: “Buni uning ahlini g‘arq qilish uchun teshdingmi?! Juda g‘alati narsa qilding-ku”, deb aytganlarini eslasin. Muso alayhissalom ishning zohiriga asoslangan holda e’tiroz bildirib xato qilgandilar”.
Prof. Dr. Saloh Abul Hojning “Til sayqali” kitobidan