Bugungi kunda O‘zbekiston ochiqlik va xalqaro hamkorlik siyosatini izchil davom ettirar ekan, dunyo miqyosidagi yetakchi davlatlar va mintaqalar bilan amaliy muloqotni kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan strategik sheriklik aloqalari yangi mazmun kasb etib, iqtisodiy, investitsiyaviy va ma’naviy sohalarda yangi yo‘nalishlar ochilmoqda.
Shu yo‘nalishdagi muhim qadamlardan biri sifatida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning AQSHning Yuta shtatidagi Iso Masih Oxirgi zamon avliyolari cherkovi rahbari, oqsoqol Devid Bednar va "Stirling" xalqaro xayriya fondi raisi Mayls Xansendan iborat ishbilarmonlar delegatsiyasini qabul qilishi ham katta ahamiyat kasb etdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Shu jarayonda Yuta shtati bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, raqamlashtirish, ta’lim va ijtimoiy himoya sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, innovatsiyalar, tog‘-kon sanoati, xotin-qizlar tadbirkorligi, inklyuziv ta’lim, sog‘liqni saqlash, suv ta’minoti va sanitariya kabi yo‘nalishlarda hamkorlik uchun katta salohiyat mavjudligi qayd etildi. Uchrashuv yakunida hududlararo aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida Yuta shtati gubernatori boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Muzaffar Kamilov,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori,
xalqaro ICESCO tashkiloti Ijroiy kengashi a’zosi
Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi
2025 yil 23 noyabr kuni Polsha Respublikasi, Varshava shahridagi “Raszyn” masjidida yurtdoshlarimiz bilan samimiy va mazmunli uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov vatandoshlarimiz bilan suhbatlashdilar.
Suhbat davomida ustoz xususan hanafiy mazhabida mahkam turish, uzoq yurtda yashashlariga qaramay milliy an’ana va qadriyatlarimizni unutmaslik haqida ta’sirli fikrlar bildirdilar. Shuningdek, oila, qarindoshlar va vatan bilan bog‘liqlikni asrash har bir musulmon uchun muhim ekanligi alohida ta’kidlandi.
Shu bilan birga, kelgusida ham har qanday shubha yoki diniy savollar paydo bo‘lsa, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Fatvo bo‘limiga Telegram: @fatvo_call_1 / @fatvo_call_2
WhatsApp: +998 91 780 66 33 murojaat qilish tavsiya etildi.
Suhbat nihoyasida ustoz Zayniddin domla barcha yig‘ilgan yurtdoshlar uchun baraka, tinchlik, imon-e’tiqod mustahkamligini so‘rab duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati