Chumoli eng mehnatkash jonzotlardan biri. Islomda chumoliga alohida e’tibor berilgan bo‘lib, Qur’onda ham zikr qilingan. Hatto bir suraning nomi “An-Naml” - “Chumolilar” deb ataladi.
Hadislarda ham chumolining o‘ziga xos maqomi ta’kidlangan. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam to‘rt xil jonzotni o‘ldirishni man qilganlar: chumoli, asalari, hudhud va surrodni (to‘rg‘ayga o‘xshash qush). (Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyati).
Ko‘pchilik odatda chumoli chaqsa, darhol bosib o‘ldiradi. Aslida bu noto‘g‘ri. Chumolini o‘ldirmaslik kerak, chunki u ham tirik mavjudot va uni nobud qilish bekorga man qilinmagan. Qolaversa, chumoli chaqishi inson organizmi uchun bir qator foydalarga ega ekani ham aytiladi.
Chumoli chaqishining ba’zi foydalari:
Qon aylanishini rag‘batlantiradi. Chaqish natijasida qon aylanishi yaxshilanadi, qizil qon hujayralari ko‘payib, organizmda faollik ortadi;
Miya nerv hujayralarini uyg‘otadi. Chumoli chaqqanida yuz bergan sensor signallar miyaga yetib borib, ayrim neyronlarni jadalroq ishlashga undaydi.
Terini chidamli qiladi. Olimlarning fikricha, bir joyni bir nechta chumoli bir vaqtda chaqsa, o‘sha joydagi terining harorat va bakteriyalarga nisbatan chidamliligi mustahkamlanadi;
Qon ivishini faollashtiradi. Chaqish ayrim hollarda qonning tezroq ivishiga yordam beradi;
Toksinlarga chidamlilikni oshiradi. Chaqish natijasida hosil bo‘lgan qon qatlami tomirlarni zaharli moddalarga nisbatan chidamli qiladi, bu esa jigarga tushadigan yukni kamaytiradi;
Semirishga qarshi ta’sir. Urg‘ochi chumoli chaqish paytida chiqaradigan maxsus ionli shilliq miqdori chaqilgan joydagi yog‘ to‘qimalarini yo‘q qilishga yordam beradi. Masalan, chumoli qo‘lni chaqsa, ushbu modda qo‘l bo‘ylab tarqalib, yog‘larning katta qismini eritishda yordam beradi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir chumoli payg‘ambarlardan birini tishlab oldi. Shunda chumolilar inlarini yondirishga buyurdi. Alloh taolo unga vahiy qildi: “Seni bir chumoli tishlasa, tasbeh aytadigan ummatni halok qilasanmi?”, dedilar. (Imom Muslim rivoyati).
Po‘latxon Kattayev,
Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 25 noyabr kuni ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonlari bilan tanishish hamda kelgusidagi vazifalarni faollar ishtirokida belgilab olish uchun Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari Samarqandga tashrifini taomilga ko‘ra, Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilish bilan boshladi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.
Prezidentimizning tashabbusi bilan mazkur majmua buyuk muhaddis bobomizning islom olamida tutgan yuksak mavqei, ulkan salohiyatiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi. Umumiy maydoni 45 gektarni tashkil etadigan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid va ma’muriyat binosi, muzey, kirish va chiqish ayvonlari qurildi. Ziyoratgohning 4 burchagidagi 75 metrlik minoralar unga mahobat bag‘ishlagan.
Bu joy faqat ziyorat emas, ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘lishi, Imom Buxoriyning buyuk izlanishlari, bilimi hamda kamoloti ziyoratchilar, ayniqsa, yoshlar uchun ezgu namuna bo‘lishi kerakligi e’tiborga olinib, majmuada innovatsion muzey tashkil etildi. U islom olamida muhaddislar sultoni deya e’tirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi.
Majmua avval bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozir 65 ming nafar mehmonga xalqaro standartlarga mos xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan.
Bundan tashqari, hududda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi joylashgan.
Ziyoratgoh atrofida 570 milliard mablag‘ sarflanib, mehmonxonalar va savdo-servis nuqtalari tashkil etildi. Bunda 1 ta to‘rt yulduzli, 2 ta uch yulduzli hamda 22 ta oilaviy mehmon uyi qurilgan. Mazkur obyektlar to‘liq kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlanib, hududi obodonlashtirilgan. 2026 yilga qadar hududda ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish hamda avtoturargohlarni tashkil etish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari Imom Buxoriy ziyoratgohi xalqimizning boy ma’naviy merosi va bunyodkorlik salohiyatining yorqin namunasi bo‘lganini ta’kidlab, majmuada ayni paytda olib borilayotgan so‘nggi obodonlashtirish ishlarini sifatli va o‘z vaqtida bajarish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berdi.