Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi to‘g‘risida"gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida "Radikallashuv va yot g‘oyalarga qarshi kurashish hamda axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish" o‘n kunligi loyihasi doirasida "Soxta salafiylik: tarixi, g‘oyasi, belgisi, xatarlari" mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda bir qator mutasaddi tashkilotlar vakillari qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov ham ishtirok etdi.
"Ziyo" media markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu o‘n kunlik tadbirlaridan maqsad – yoshlarni radikalizm, terrorizm, ekstremizm, soxta da’volar, g‘arazli da’vatlar, axborot xurujlari, mafkuraviy tazyiqlar, ommaviy madaniyat ta’siridan himoyalash, ularda vatanparvarlik, sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishdir.
Tadbir mavzularini keng va atroflicha yoritib berish uchun ijtimoiy-siyosiy, diniy, madaniy-ma’rifiy sohada o‘z sohasining yetakchi ekspertlari ma’ruzalari bilan qatnashdi.
Aytish mumkinki, davlatimiz rahbarining: “Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzg‘unchi yot g‘oyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, ma’rifat o‘rnini jaholat egallashiga yo‘l qo‘ymaymiz”, degan so‘zlari o‘n kunlikning shioriga aylangan.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Bir hadisda “Bani isroil haqida gapiringlar”, deyilgan ekan. Shu so‘zning ma’nosini tushuntirib bersangiz. Ayrim ma’ruzalarda Muso alayhissalom, Bani Isroil haqida aytilayotgan gaplar shu hadisga tushadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mazkur hadisi sharifning to‘lig‘ini quyidagicha:
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
بَلِّغُوا عَنِّي ولو آيَةً وَحَدِّثُوا عن بَنِي إِسْرَائِيلَ وَلَا حَرَجَ وَمَن كَذَبَ عَلَيَّ مُتَعَمِّدًا فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ.
“Mendan bir oyat bo‘lsa ham yetkazinglar. Bani Isroil haqida gapiringlar, tanglik yo‘q. Kim menga qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdan joyini tayyorlayversin”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Mazkur hadisi sharifni sharhlagan ulamolar, “Bani Isroil haqida gapiringlar, tanglik yo‘q”, degan ibora borasida turli gaplarni aytganlar.
Ko‘pchilik ulamolar bu ibora Bani Isroil haqida Qur’oni karim va hadisi shariflarda zikr qilingan qissalarni aytsangizlar bo‘ladi, degan ma’noda deyishgan. Chunki bunda odamlar uchun ibrat va va’z-nasihatlar bor.
Shuningdek, sahihligi borasida aniq hukm aytilmagan, lekin insonlarni yaxshilikka targ‘ib qiladigan rivoyatlarni gapirish ham mumkin. Ammo ulardagi Islom shariatiga zid kelgan shar’iy hukmlarni aytish mumkin emas, chunki avvalgi shariatlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kelishlari bilan bekor bo‘lib, amaldan qolgan.
Shuningdek, ular haqidagi to‘qimaligi, yolg‘on ekani aniq bo‘lgan gaplarni ham aytish joiz emas. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi