Yurtimizda yana bir masjid qayta barpo etiladi, inshaalloh. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyat vakili Xayrulla domla Abdullayev yangi loyihada barpo etiladigan masjidning poydevoriga ezgu niyat va xayrli duolar bilan tamal toshini qo‘ydi.
Bunyod etilayotgan masjid Xorazm me’morchilik an’analari asosida zamonaviy talablar uyg‘unligida quriladi. U 700 ga yaqin namozxonga mo‘ljallangan.
Tadbirda Qo‘shko‘pir tuman hokimi Shuhrat Ahmedov, tuman bosh imom-xatibi Mansurjon domla Mansurov, imom-xatiblar, nuroniy otaxonlar, mahalla faollari va homiylar ishtirok etdi.
Zamaxshariy.uz
Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda zamonaviy bank xizmatlarini joriy qilishga va xalqaro tajribani inobatga olgan holda bank tizimini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda moliyaviy xizmatlar qamrovini kengaytirish va xalqaro islomiy moliya standartlariga muvofiq yangi turdagi muqobil bank xizmatlarini joriy etish zarurati yuzaga kelayotgani ta’kidlab o‘tildi. Shundan kelib chiqib, mazkur Qonun bilan 2 ta kodeks hamda 7 ta qonunga islomiy bank faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini belgilovchi yangi normalar kiritilmoqda.
Xususan, Qonun bilan islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya turi joriy qilinib, unga oid talablar belgilanmoqda. Jumladan, mazkur litsenziya bilan banklar tomonidan to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshirish yoki bir vaqtning o‘zida ham an’anaviy, ham islomiy bank faoliyatini amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Shuningdek, islomiy moliya faoliyati bilan bog‘liq masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida Markaziy bank va islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarda islomiy moliya kengashini tashkil etish hamda uning faoliyatiga doir talablar belgilanmoqda.
Bundan tashqari, islomiy moliya operatsiyalarining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olib, Soliq kodeksiga islomiy moliya operatsiyalarini soliqqa tortish tartibini belgilovchi alohida bob kiritilmoqda. Unga asosan islomiy moliya faoliyatidan olingan daromadlar soliq solish maqsadlarida foizli daromadlarga tenglashtirilib, banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan mijozga realizatsiya qilinadigan tovarlarga qo‘yiladigan ustama QQSdan ozod qilinmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu Qonunning aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarining kengayishiga, mamlakatimizda raqobat muhitining yaxshilanishiga hamda bank-moliya sohasiga yangi strategik investorlarning kirib kelishiga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni ma’qulladi.
Senat.uz