Johilliklari va din dushmanlariga ergashganlari ilmoniylarni shu botqoqqa botirgandi. Ularni tushunsa bo‘ladi, ammo biz ahli sunnani malomat qilishga siz salafiylarni kim majbur qildi?
Ilmoniylarga o‘xshab islomni teran tushunmaslikmi? Yo din dushmanlarining nayrangiga o‘ynashmi?
Bu gaplarim bir toliba qiz so‘ragan savolga javob edi. Qiz: Ahli sunna val jamoa kimlardan iborat?” deb so‘raganida, ichimdan bir oh tortib, barcha toliba qizlarga aytdim:
“Buyog‘iga berkitib o‘tirish yo‘q. Endi haqiqatni yashirib o‘tirish ketmaydi. Endi ularga xushmuomalada bo‘lish ham yo‘q. Murosalashib ham o‘tirmaymiz.
Ahli sunnaga quyidagilardan boshqa hech kim kirmaydi:
• Fiqh va usulda to‘rt mazhabga ergashganlar, har asrda yangitdan chiqib turadigan masalalarda ularning fiqhi va usuliga suyanadiganlar.
• Aqida va usuli dinda Imom Ash’ariy va Imom Moturidiyga ergashadiganlar.
• Tasavvufda sunniy tariqatlarni tan oladiganlar.
Tarixda bu yo‘lda bo‘lmaganlar juda oz bo‘lishgani uchun, yo kamolga yetishmagani uchun ularni qo‘shib o‘tirmadim. Binobarin, to‘laqonli haq uzra bo‘lishga savodul a’zam (ya’ni, ummatning aksari) yurgan yo‘l munosibdir. Buni Nabiy sollallohu alayhi va sallam ta’kidlaganlar.
Qolganlar esa o‘rindiqlarida turib olib musulmolarni o‘ldirishyapti, masjidlarni undagi namozxonlarga qo‘shib portlatib yuborishayotganlardir. Olimlarni o‘ldirayotganlar ham ahli sunnadan tashqaridagilar.
Hoy ulamolar! Hoy da’vatchilar! Ey ixlosli, oqil kishilar! Endi berkitish yo‘q. Odamlarga haqiqatni baralla yetkazing. Butun olamga jar soling. Din dushmanlariga ham uqtirib qo‘ying. Ahli sunna val jamoa shular (moturidiy, ash’ariy, to‘rt mazhabga ergashuvchilar)dir. Tarix ham shularniki, islom ham.
Doktor Ahmad Muhammad Fozil,
Istanbuldagi Sulton Muhammad Fotih jome’asi,
islomiy ilmlar kulliyasi doktori
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi
Abdulbosit Abdulvohid o‘g‘li tarjimasi
Manba: http://t.me/muhaddisuz
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Birorta olim bu dunyoda hatto arzimas kichik narsani ham yo‘qdan bor qila olmaydi, bunga da’vo ham etolmaydi. Alloh taoloning koinotidagi zarracha narsani ham yo‘qdan bor qildim deb ayta olmaydi. Shunda Alloh taoloning quyidagi oyati karimasini yanada teranroq anglaymiz:
﴿يَا أَيُّهَا النَّاسُ ضُرِبَ مَثَلٌ فَاسْتَمِعُوا لَهُ إِنَّ الَّذِينَ تَدْعُونَ مِنْ دُونِ اللَّهِ لَنْ يَخْلُقُوا ذُبَابًا وَلَوِ اجْتَمَعُوا لَهُ وَإِنْ يَسْلُبْهُمُ الذُّبَابُ شَيْئًا لَا يَسْتَنْقِذُوهُ مِنْهُ ضَعُفَ الطَّالِبُ وَالْمَطْلُوبُ﴾
“Ey odamlar! Bir masal aytilmish, bas unga quloq solinglar. Albatta, sizlar Allohni qo‘yib topinayotgan narsalaringiz agar barchalari birlashsalar ham bitta pashsha yarata olmaslar. Va agar pashsha ulardan biror narsani tortib olsa, undan o‘sha narsani qutqara olmaslar. Talab qiluvchi ham, talab qilingan ham ojiz bo‘ldi” (Haj surasi, 73-oyat).
Bu ilohiy chaqiriq to Qiyomatga qadar o‘z kuchida qoladi. Qiyomat kunigacha butun insoniyat jamlansalar ham bitta pashshani yarata olishmaydi.
Bugun insonning qadami oyga, hatto Marsgacha yetdi. Balki bundan ham uzoq sayyoralar zabt etilar ham. Lekin hech kim bitta pashsha yaratishga qodir bo‘la olmaydi. Aniqrog‘i Alloh hech kimga yaratish qudratini bermaydi. Buni haqiqiy mo‘jiza desa bo‘ladi. Chunki yagona yaratuvchi Zot Allohdir. Ilm-fan qancha rivojlanmasin yo‘qdan bor qilish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Qur’oni karimda bunday deyilgan:
﴿ذَلِكُمُ اللَّهُ رَبُّكُمْ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ خَالِقُ كُلِّ شَيْءٍ فَاعْبُدُوهُ وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ وَكِيلٌ﴾
“Ana o‘sha Alloh Robbingizdir. Undan o‘zga iloh yo‘q. U barcha narsaning yaratuvchisidir. Bas, Unga ibodat qilinglar. U barcha narsaning egasidir” (An’om surasi, 102-oyat).
Jonsiz mavjudot, mayda hasharot va jonzotlarni Alloh yaratgan ekan, aqli bor, idrok eta oladigan, yaxshi-yomonning farqiga boradigan inson o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolishi mumkinmi?! Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿أَمْ خُلِقُوا مِنْ غَيْرِ شَيْءٍ أَمْ هُمُ الْخَالِقُونَ﴾
“Yoki ular boshqa narsadan yaraldilarmi yoki yaratuvchi o‘zlarimi?” (Tur surasi, 35-oyat).
Borliqdagi barcha narsani Alloh yaratgan ekan, shu borliqdagi qonuniyatlarni ham Alloh yaratgan. Olamdagi qonuniyatlarning barchasi Alloh taoloning yaralmishlaridir. O‘sha qonunlar doirasida yuz beradigan barcha narsalar ham Allohning yaratganlari sirasiga kiradi. Quyosh, oy, yer, yulduzlarning barchasi bashariyat o‘rnatgan qonunlar bilan emas, Alloh yaratgan nizom asosida harakat qiladi. Har birining koinotda o‘z vazifasi bor.
Quyosh koinotda harakat qiladi. O‘zi ham doimo harakatda. Oy, yer, yulduzlar ham shunday. Hatto daraxtlar, shamollar ham. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿الرَّحْمَنُ عَلَّمَ الْقُرْآَنَ خَلَقَ الْإِنْسَانَ عَلَّمَهُ الْبَيَانَ الشَّمْسُ وَالْقَمَرُ بِحُسْبَانٍ وَالنَّجْمُ وَالشَّجَرُ يَسْجُدَانِ وَالسَّمَاءَ رَفَعَهَا وَوَضَعَ الْمِيزَانَ﴾
“Rohman. Qur’onni o‘rgatdi. Insonni yaratdi. Unga bayonni o‘rgatdi. Quyosh va oy hisobdadir. O‘t-o‘lan ham, daraxtlar ham sajda qilurlar. Osmonni baland ko‘tardi va tarozu (adolat)ni o‘rnatdi” (Rohman surasi, 1-7 – oyatlar).
Demak, oy va quyosh juda aniq bir o‘lchovda harakat qiladi. Million yillarki quyosh bir soniya ham erta yoki kech chiqmagan. Oy ham xuddi shunday. Alloh taolo marhamat qiladi:
﴿لَا الشَّمْسُ يَنْبَغِي لَهَا أَنْ تُدْرِكَ الْقَمَرَ وَلَا اللَّيْلُ سَابِقُ النَّهَارِ وَكُلٌّ فِي فَلَكٍ يَسْبَحُونَ﴾
“Quyosh oyga yetib olmas, tun ham kunduzdan o‘zib ketmas. Barchasi falakda suzib yurur” (Yosin surasi, 40 oyat).
Ya’ni, bu narsalar falakda Alloh joriy qilgan qonunlar asosida harakat qiladi. Bashariyat ularni bir soniya oldinga ham, orqaga ham sura olmaydi yoki yerning harakatini birozga bo‘lsada o‘zgartira olmaydi.
Koinotdagi harakatlar juda aniq va bekami-ko‘stdir. Buni hech kim inkor eta olmaydi.
Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan