Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Mart, 2026   |   13 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:38
Quyosh
06:56
Peshin
12:40
Asr
16:30
Shom
18:19
Xufton
19:30
Bismillah
02 Mart, 2026, 13 Ramazon, 1447
Yangiliklar

Xushxabar: Muftiy hazrat Podshoh Salmon nomidagi hadis akademiyasiga a’zo bo‘ldilar

08.01.2026   15124   2 min.
Xushxabar: Muftiy hazrat Podshoh Salmon nomidagi hadis akademiyasiga a’zo bo‘ldilar

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari 2026 yil 5 yanvar kuni Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud nomidagi Hadisi sharif akademiyasi Ilmiy Kengashiga  a’zo bo‘ldilar.

Bu quvonchli voqea Yangi O‘zbekistonda davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning xalqaro darajadagi yuksak e’tirofi bo‘lib, Muftiy hazratlarining din rivoji, ummat saodati va xalqlar hamjihatligi yo‘lidagi xizmatlariga berilgan yuksak bahodir.

Zero, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi yirik hadis ilmi olimlari – buyuk muhaddislar zaminidagi ulamoning Islom olamidagi eng nufuzli muassasa hisoblangan Hadisi sharif akademiyasi a’zoligiga qabul qilinishi haqli e’tirofdir. Yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli ishlar natijasida, kelgusida yana buxoriylar, termiziylar yetishib chiqadi, insha Alloh.

Ushbu xalqaro akademiya Muftiy hazratlari a’zo bo‘lgan oltinchi xalqaro tashkilot bo‘lib, bundan avval  (https://www.forumforpeace.net/ar/home)Abu Dabi tinchlik forumi (BAA, 2023 y.), Xalqaro musulmon ulamolari kengashi (https://t.me/muslimuzportal/34021) (Qatar, 2023 y.), Musulmon donishmandlar kengashi (https://t.me/muslimuzportal/36463) (BAA, 2024 y.), Islomiy fiqh akademiyasi (https://t.me/muslimuzportal/37344) (Saudiya Arabistoni, 2024 y.) va Islom olami uyushmasi (https://t.me/muslimuzportal/37365) (Saudiya Arabistoni, 2024 y.) a’zoligiga qabul qilingan edilar.    

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, akademiya hadislarni jamlash, tasniflash, tadqiq etish, nashr qilish va mazkur yo‘nalishlarda o‘quv dasturlari va kadrlar tayyorlash, anjumanlar, musobaqalar o‘tkazish, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, xalqaro hamkorlik qilishga e’tibor qaratadi. Shuningdek, tashkilot dinda chuqur ketish, mutaassiblik kabilardan qaytaradi va mo‘tadillikka targ‘ib etadi.

Akademiya 2017 yilda Podshoh Salmon farmoni bilan tashkil etilgan bo‘lib, qarorgohi Madina shahrida joylashgan. Mazkur akademiya va uning huzuridagi Ilmiy Kengashga Saudiya Arabistoni yirik Ulamolar Hay’ati a’zosi Shayx Muhammad ibn Hasan Oli Shayx  rahbarlik qiladi.

Qayd etish kerakki, Muftiy hazratlarining ushbu nufuzli tashkilotga a’zo bo‘lishlari Alloh taoloning irodasi bilan 35 yildan ziyod vaqt mobaynida Islom dini ma’rifatini keng yoyish va mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta’minlashdagi mehnatlari samarasidir. Faoliyatlariga oid batafsil ma’lumot bilan quyidagi havola (https://muslim.uz/oz/e/post/44277-xalq-saodati-vatan-ravnaqi-va-din-rivoji-yo-lidagi-xizmatlar-mukofoti-2) orqali tanishish mumkin.

Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlariga Hadisi sharif akademiyasidagi faoliyatlarida Alloh taolodan kuch-quvvat va muvaffaqiyatlar tilaymiz.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

 

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Hissiyotga emas, aqlga ergashing

27.02.2026   9819   2 min.
Hissiyotga emas, aqlga ergashing

Bugungi axborot asrida inson ongi va qalbi uchun kurash yangi bosqichga chiqdi. Ayniqsa, diniy qadriyatlarga hurmat kuchli bo‘lgan jamiyatlarda kishilarning muqaddas tuyg‘ularidan g‘arazli maqsadlarda foydalanish, ya’ni manipulyatsiya holatlari tez-tez bo‘y ko‘rsatmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar bunday ta’sir o‘tkazishning eng qulay maydoniga aylanib qoldi.

Diniy hissiyotlar orqali ommani junbushga keltiruvchilar, odatda, xolis tahlil va ilmiy asoslarga emas, balki insonning ehtiroslariga urg‘u beradilar. Ularning asosiy quroli emotsional chaqiriqlardir. Masalan, biror ijtimoiy muammoni diniy bo‘yoqlar bilan bo‘rttirish orqali odamlarda himoyalanish yoki agressiya instinktini uyg‘otishadi.

Bunday vaziyatda inson aql bilan fikrlashdan to‘xtaydi va o‘zi bilmagan holda fitnachilarning qo‘lidagi qurolga aylanadi. Vaholanki, Islom dini har bir xabarni tekshirishga va aql bilan ish tutishga chaqiradi: “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar...” (Hujurot surasi, 6-oyat).

Bugungi kunda yetarli ilmi bo‘lmay, ammo notiqlik mahorati bilan ommani ergashtirayotgan qatlam shakllandi. Ular ko‘pincha murakkab fiqhiy yoki aqidaviy masalalarni yuzaki va populistik tarzda talqin qiladilar. Buning natijasida jamiyatda ixtilof paydo bo‘ladi, ulamolarga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otiladi.

Diniy hissiyotlarni suiiste’mol qilish jamiyatni ichdan yemiradi. Birinchidan, bu jarayon yoshlarni manipulyatsiya qiladi. Ikkinchidan, jamiyat muvozanatini buzishga qaratilgan xurujlarga yo‘l ochadi. Eng yomoni, bunday harakatlar dinning asl mohiyati tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat ekanini chetga surib, uni nizolar manbai sifatida ko‘rsatishga xizmat qiladi.

Bunday xavflarga qarshi eng samarali raddiya, bu savodxonlikdir. Har bir musulmon axborot gigiyenasiga amal qilishi, internetda eshitgan har qanday ta’sirli gapni mutlaq haqiqat deb qabul qilmasligi lozim.

Din najot va sakinat manbai bo‘lib, kimlarningdir g‘arazli yoki shaxsiy manfaatlari yo‘lida qo‘llaniladigan boshqaruv vositasi emas. Muqaddas tuyg‘ularimizni virtual firibgarlardan himoya qilish bugungi kunning eng dolzarb vazifasidir.

Shermuhammad Boltayev,

Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo

masjidi imom-xatibi

MAQOLA