Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Fevral, 2026   |   22 Sha`bon, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:05
Quyosh
07:25
Peshin
12:42
Asr
16:08
Shom
17:54
Xufton
19:08
Bismillah
10 Fevral, 2026, 22 Sha`bon, 1447
Yangiliklar

"O‘zbekiston musulmonlari idorasi kubogi" musobaqalariga qur’a tashlandi

09.02.2026   3171   2 min.

#xabar #Idora_kubogi

 Joriy yilning 9-10 fevral kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbusi bilan diniy soha xodimlari o‘rtasida sportning voleybol va shaxmat turlari bo‘yicha “O‘zbekiston musulmonlari idorasi kubogi” musobaqalarining respublika bosqichi o‘tkaziladi.


Shu munosabat bilan bugun, 8 fevral kuni poytaxtimizdagi “Le Grande Plaza Hotel (Tata)” mehmonxonasida musobaqalarning qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, O‘zbekiston voleybol va shaxmat federatsiyalari vakillari, hakamlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyatlar bosh imom-xatiblari, turnir ishtirokchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.  


Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosarlari Zayniddin domla Eshonqulov, Obidjon Qodirov, O‘zbekiston voleybol federatsiyasi bosh kotibi Farhod Alimov  hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi mas’ul xodimi Baxtiyor Jumayev so‘zga chiqishdi. 


Notiqlar mamlakatimizda keyingi yillarda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, buning sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda ahamiyati katta ekanini ta’kidladilar. Shuningdek, diniy soha xodimlari sportda ham faol ekani e’tirof etildi. 


Qur’a natijalariga ko‘ra, jamoalar quyidagi tartibda o‘zaro bellashadigan bo‘ldi: 

1-o‘yin: O‘zbekiston musulmonlari idorasi va “Shamsuddinxon Boboxonov” nashriyoti jamoasi. 
2-o‘yin: Samarqand va Toshkent viloyatlari jamoalari.  
3-o‘yin: Andijon va Qashqadaryo viloyatlari jamoalari.  
4-o‘yin: Farg‘ona viloyati va Toshkent shahar jamoalari. 
5-o‘yin: Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Sirdaryo viloyati jamoalari. 
6-o‘yin: Xorazm va Namangan viloyatlari jamoalari. 
7-o‘yin: Buxoro va Jizzax viloyatlari jamoalari. 
8-o‘yin: Navoiy va Surxondaryo viloyati jamoalari. 


Aqlni charxlovchi sport – shaxmat bo‘yicha ham bahslar yuqoridagi tartib asosida bo‘lib o‘tadi.  


Ma’lumot o‘rnida, bellashuvlar O‘zbekiston voleybol va shaxmat federatsiyalari tartib-qoidalari asosida o‘tkaziladi. Voleybol bo‘yicha har bir jamoa tarkibi 6 nafar asosiy, 1 nafar zaxiradagi o‘yinchi hamda 1 nafar murabbiydan tashkil topadi. Shaxmatda esa jami 16 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashadi. Musobaqa nim chorak final, chorak final, yarim final va final bosqichlarida o‘tkaziladi.  
 

Alloh taolo mazkur musobaqalarni xayrli va manfaatli qilsin!  

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Qur’ondan ta’sirlangan Zurora ibn Avfo

10.02.2026   896   1 min.
Qur’ondan ta’sirlangan Zurora ibn Avfo

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ismlari Zurora ibn Avfo Omiriy Haroshiy, kunyalari Abu Hojib, yashagan joylari Basra bo‘lib, Basra shahrining qozisi bo‘lganlar. Obid va ishonchli kishilardan edilar. Hijriy 93 yilda Basrada vafot etganlar.

Abu Janob Qassob aytadi: “Bir kuni Zurora ibn Avfo Qushayr masjidida bizga imomlik qildi.

فَإِذَا نُقِرَ فِي النَّاقُورِ

“Va qachonki dudga puflansa” (Muddassir surasi, 8-oyat) oyatiga yetganda, joni uzilib, yerga yiqildi. Uni ko‘targanlar orasida men ham bor edim”.

Solih Murriy aytadi: “Zurora ibn Avfoni vafotlaridan keyin tushimda ko‘rdim. U kishiga: “Alloh sizni rahmatiga olsin! Siz haqingizda nima deyildi?” dedim. U kishi mendan yuzlarini burdilar. Keyin men u kishidan: “Alloh sizni nima qildi?” deb so‘radim. Shunda u kishi menga yaqin keldilar va: “Men bilan fazli, juvdi, karami ila muomala qildi” deb javob berdilar. Men yana u kishidan: “Sizning nazdingizda qaysi amal afzalroq va yetukroq” deb so‘rasam, “Rizo va orzuni qisqa qilish” deb javob berdilar”.

Ahmad ibn Ibrohim Sa’labiyning
"Qur’on oshiqlari" kitobidan

Maqolalar