#xabar
Bugun yurtimiz bo‘ylab muborak Ramazon oyining ilk taroveh namozi asnosida boshlangan xatmi Qur’onlar ko‘tarinki ruh va o‘zgacha fayz ila ado etildi.
Jome masjidlarga jam bo‘lgan mo‘min-musulmonlar xufton namozidan keyin mohir qorilarimizning go‘zal qiroatlaridan bahra olib, duoyu iltijolar bilan qalblari munavvar bo‘ldi.
Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bu yilgi ilk taroveh namozini Toshkent shahridagi "Hazrati Imom" jome masjidi jamoati bilan birga ado etdilar.
Jamoat namozidan oldin Muftiy hazratlari ushbu jomega jam bo‘lgan mo‘min-musulmonlarga Ramazoni sharif va xatmi Qur’onning fazilatlariga oid ta’sirli mav’iza qilib berdilar.
Eslatib o‘tamiz, ulug‘ oy davomida yurtimiz bo‘ylab 2101 ta masjidda ado etiladigan taroveh namozlari, xususan, 1762 ta jomeda o‘qiladigan xatmi Qur’onlar yurtimizga fayzu baraka yog‘ilishiga sabab bo‘ladi, insha Alloh.
Alloh taolo diyorimizdagi tinchlik va osoyishtalikni bardavom aylab, muborak oyni barchamiz uchun rahmat, mag‘firat va baraka oyi qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan ustoz sifatida keyingi yillarda mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar alohida e’tiborga loyiq ekanini ta’kidlamoqchiman. Ayniqsa, ma’naviy-ma’rifiy hayotni yuksaltirish, diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash hamda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan tashabbuslar o‘zining amaliy samarasini ko‘rsatmoqda.
Joriy yilgi muborak Ramazon oyida davlat tomonidan ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratilgan mablag‘lar, joylarda iftorlik va xayriya tadbirlarining keng tashkil etilayotgani jamiyatda mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yanada kuchaytirishi shubhasiz. Bu tarixda ham ko‘p ko‘rilgan natija. Mamlakat rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar xalq farovonligi yo‘lida davlat va jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikning amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, diniy ta’lim muassasalarini rivojlantirish, masjidlarni obod etish, imom-xatiblar hamda soha vakillarining bilim va malakasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham izchil davom etmoqda. Ma’rifiy targ‘ibot ishlarining zamonaviy yondashuvlar asosida yo‘lga qo‘yilishi esa, ayniqsa, yosh avlodning sog‘lom va to‘g‘ri bilim olishida muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekistonda yashayotgan bir xorijlik inson sifatida aytishim mumkinki, mazkur islohotlar jamiyatda o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va ijtimoiy barqarorlik muhitini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ham katta ahamiyatga egadir.
Shayx Ahmad Rajab Ahmad Adaviy,
Mir Arab Oliy madrasasi o‘qituvchisi