Toshkent islom instituti 3–kurs talabasi Mashrabjon qori Abdurazzoqxo'jayev 30 pora Qur'oni karimni bir kunda, bir o'tirishda yoddan o'qib berdi.
Qur'oni karimni o'qish jarayonini “Tahfizul-Qur'on” kafedrasi mudiri Jahongir qori Ne'matov va kafedra ustozlari Ahmadxon qori Rashidov, Valixon qori Azimboyev, Islomxon qori Ubaydullayev, Adham qori Yusupov, Sodiqjon qori Qurbonov va boshqa ustoz hamda talabalar kuzatib bordilar.

Hatm yakunida “Tahfizul-Qur'on” kafedrasi mudiri Jahongir qori Ne'matov Oliy Ma'hadda an'anaga aylanayotgan ushbu tadbirning ahamiyati to'g'risida ma'lumot berdi.

TII rektori Uyg'un domla G'afurov, ustoz Soatmurod domla Primov, kafedra mudirlari Jahongir qori Ne'matov, Farhod domla Jo'rayev, o'qituvchilar: Fazliddin domla Suvonov, Muhammadrasul domla Abdullayev, Sobirjon domla Rustamov, Jahongir qori Ro'ziyev, Abdulhakim domla Olimov va barcha ishtirokchilar birgalikda Qur'oni karim xatmi duosi barobarida qori ustozlar hamda Mashrabjon qori haqiga duolar qildilar, Allohdan yurtimizga xayr-baraka va ofiyat so'radilar.


30 pora Qur'oni karimni bir kunda, bir o'tirishda yoddan o'qib bergan Mashrabjon qoriga Uyg'un domla G'afurov hadya sifatida noutbuk topshirdi.
“Tahfizul-Qur'on” kafedrasi qori ustozlarining tinimsiz mehnatlari evaziga Toshkent islom institutida Qur'oni karimni bir kunda to'liq o'qib berish an'anaga aylanmoqda. Ayni paytgacha Qur'oni karimni bir kunda o'qib bergan qori talabalar soni 26 nafarga etdi.
Eslatib o'tamiz, 2014 yilda Toshkent Islom instituti tarixida ilk bor Ixtiyor qori Abdurahmanov Qur'oni karimni bir kunda, bir o'tirishda to'liq o'qib bergan edi. Shuningdek, Ilhom qori G'ofurov, Adham qori Otaxonov, Fathulloh qori Dadayev, Ahmadulloh qori G'ofurjanov, Hikmatulloh qori Ro'zaliyev, Sardorbek qori Jiyamuratov, Sirojiddin qori Shodmonov, Azimjon qori Madaminjonov, Ilyosbek qori Sharofiddinov, Nurilloh qori Saydullayev, Oyatulloh qori Abduqodirov, Abdulloh qori Komilov, Saidburxon qori Fazliddinov, Abdulhay qori Jo'raqulov, Ahliddin qori Qurbonov va Nurislomxo'ja qori Umbarov, Ubaydulloh qori Habibullayev va Bahodir qori Ibrohimov Qur'oni karimni yoddan to'liq o'qib, ustozlar ko'rigidan o'tkazib olgan edi.
Shuningdek, ayol-qizlardan Robiya Najmiddinova, Gulruh Kenjabek qizi, Mirahmadova Husnora, Mahamatxanova Muxlisa, Qurbanova Hadicha va Abdullayev Fotima ham Allohning kalomini yuqoridagi uslubda o'qib bergan edi.
Ma'lumot: Qur'oni karimda 114 ta sura, 6236 ta oyat va taxminan 1015030 nuqta, belgi, 323670 harf va 77934 ta so'z bor. Qur'on sahifalanishiga ko'ra 30 pora (juz, qism)dan iborat bo'lib, mushafning har 10 varog'i bir pora hisoblanadi.
TII “Tahfizul-Qur'on” kafedrasi
o'qituvchisi Zafar qori Mahmudov








Joriy yilning 15 dekabr kuni Malayziyaning «Nasyrul Quran» markazi bosh ijrochi direktori Muhammad Ashharim bin Abdullatif boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondida bo‘ldi. Mehmonlarni fond rahbari Jahongir Salamov kutib oldi.
«Nasyrul Quran» markazi – dunyodagi Qur’on chop etish bo‘yicha yirik markaz bo‘lib, Malayziyada faoliyat ko‘rsatadi. Majmua Madinadagi Qirol Fahd majmuasidan keyin ikkinchi eng yirik Qur’oni Karim bosib chiqaruvchi markaz hisoblanadi.
«Nasyrul Quran» majmuasining faoliyati ichki va dunyo miqyosida Qur’on nusxalariga bo‘lgan ehtiyojni qondirish imkonini beradi.
Majmua har yili bir million nusxa Qur’on chop etishni maqsad qilgan bo‘lib, uning 70 foizi ichki foydalanish uchun, qolgan qismi esa ehtiyojmand boshqa mamlakatlarga taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Ta’kidlash joizki, «Nasyrul Quran» markazi vaqf tashkiloti hisoblanadi.
Uchrashuv davomida tomonlar bir necha masalalar yuzasidan fikr almashdi. Xususan, “Vaqf” xayriya jamoat fondi va vaqf tashkiloti hisoblanmish «Nasyrul Quran» markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, Qur’oni karim va qadimgi qo‘lyozma asarlarni o‘rganish bo‘yicha hamkorlik qilish, vaqf ishlarini raqamlashtirish, islomiy fintek sistemasi qo‘llash bo‘yicha birgalikda ishlash, vaqf mulklarini ko‘paytirish, ta’lim sohasi va vaqf sohasida tajriba almashish shular jumlasidandir.
Mazmunli va manfaatli bo‘lgan uchrashuv so‘nggida Muhammad Ashharim bin Abdullatif fond rahbariga minnatdorlik bildirdi. Tomonlar o‘zaro esdalik sovg‘alari almashishdi.
Vaqf.uz