1. Og'iz so'lagini tashqariga chiqarmay yutib yuborsa ro'zasi ochilmaydi. So'lakni og'zidan tashqariga chiqarib, so'ngra qayta og'ziga solib yutsa, ro'zasi ochiladi (“Fatovoyi Olamgiriya”).
2. Og'zini suv bilan chaygandan keyin qolgan suv yuqini so'lagiga qo'shib ichiga yutib yuborsa, shuningdek, dimog'iga kelgan burun suyuqligini tomog'iga tortib yuborsa, ro'zasi ochilmaydi (“Fatovoyi Olamgiriya”, “Muhit”).
3. Ro'zador tishlari orasida qolgan taom qoldiqlarini yutsa, ular no'xotdan katta bo'lmasa, ro'zasi ochilmaydi. Ammo tishlari orasida qolgan taom qoldiqlarini tashqariga chiqarib, so'ngra qayta og'ziga solib yutsa, no'xotdan kichik bo'lsa ham ro'zasi ochiladi. Kafforat vojib bo'lish bo'lmasligida ixtilofli fatvolar mavjud. Vojib bo'lmasligiga faqih Abu Lays Samarqandiydan rivoyat bor (“Fatovoyi Olamgiriya”).
4. Ro'zadorning tomog'iga chang, tutun, pashsha, chivin kabi narsalar kirsa, ro'zasi ochilmaydi. Shuningdek, ro'zador kunduzi ehtilom bo'lib qolsa ham ro'zasi ochilmaydi (“Fatovoyi Olamgiriya”, “Muxtasar”).
5. Ro'zadorning bir ikki tomchi ko'z yoshi yoki yuzidan oqqan ter og'ziga kirib, tomog'idan o'tib ketsa, ro'zasi ochilmaydi. Ammo bu miqdordan ziyod bo'lib, og'zida ko'pgina sho'rlikni sezsa ro'zasi ochiladi (“Fatovoyi Olamgiriya”). \
6. Badanning tabiiy mayda teshikchalaridan (ikki maxrajdan boshqa) kirgan suv kabi narsalar bilan ro'za ochilmaydi. Ko'ziga dori tomizganda garchi tomog'ida uning ta'mi, mazasi bilinsa ham ro'za ochilmaydi (“Fatovoyi Olamgiriya”).
7. Gazlama to'quvchi ro'zador ish jarayonida bo'yalgan ip tolalarini og'ziga solganida ko'kmi, qizilmi, sariqmi yoki boshqa ranglarmi og'ziga yuqib, so'laklariga aralashib tomog'idan o'tib ketsa, ro'zasi ochiladi (“Fatovoyi Olamgiriya”).
8. Ro'zadorning tishi qonab, u qonni yutib yuborsa, kafforatsiz qazoning o'zini tutadi. Tish milkidan chiqqan qonni so'lak bilan birga qo'shib yutib yuborsa, qon bilan so'lakdan qaysi biri ortiq yoki kam miqdorda bo'lishiga qaraladi. Agar qon ortiq bo'lsa yoki so'lak bilan barobar bo'lsa, ro'za ochiladi. Bordi-yu so'lak ortiq bo'lsa, ro'za ochilmaydi (“Fatovoyi Olamgiriya”).
9. Fitr sadaqasi vojib bo'lgan kishi uni o'z vaqtida ado eta olmasa, zimmasidan soqit bo'lmaydi. Uni baribir ado etishi lozim bo'ladi (“Hidoya”).
Fatvo hay'ati
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida 2026-2027 o‘quv yilining 1-sonli Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni institut rektori, Kengash raisi Uyg‘un G‘afurov boshqardi.
Majlisda muassasaning yangi o‘quv yilidagi faoliyatiga oid quyidagi muhim masalalar ko‘rib chiqildi va tasdiqlandi:
Institut Kengashi, tarkibiy bo‘limlar va kafedralarning 2026-2027 o‘quv yiliga mo‘ljallangan yillik rejalari hamda o‘tgan o‘quv yilidagi buyruqlar va murojaatlar ijrosi tahlil qilindi.
Bitiruv malakaviy ishlari mavzulari tasdiqlanib, ilmiy rahbarlar biriktirildi; fan oyliklari, to‘garaklar tashkil etish hamda yangi o‘quv qo‘llanmalarini nashrga tavsiya etish masalalari hal etildi.
Talabalar turar joyi to‘lovlari, ichki tartib-qoidalar va professor-o‘qituvchilar navbatchiligi tasdiqlandi.
Ta’lim tizimida ilk bor “Faxriy doktor”, “Faxriy professor”, “Faxriy dots.nt”, “Faxriy ustoz” va “Faxriy talaba” maqomlarini ta’sis etish, tegishli nizom hamda ko‘krak nishonlari eskizlari ma’qullandi.
Institutning 55 yillik yubileyini keng nishonlash rejasi, muassasani xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish tayyorgarligi hamda 2030 yilgacha bo‘lgan rivojlanish strategiyasi ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish so‘nggida kun tartibidagi barcha yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinib, mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati