“Duo” arabcha so'rash, iltijo, chaqirish ma'nolarini anglatadi. Alloh taolo bu haqda bunday marhamat qiladi:
وَإِذَا سَأَلَكَ عِبَادِي عَنِّي فَإِنِّي قَرِيبٌ أُجِيبُ دَعْوَةَ الدَّاعِ إِذَا دَعَانِ فَلْيَسْتَجِيبُواْ لِي وَلْيُؤْمِنُواْ بِي لَعَلَّهُمْ يَرْشُدُونَ
Ya'ni: “Sizdan (ey, Muhammad!) bandalarim Mening haqimda so'rasalar, (ayting) Men ularga yaqinman. Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman. Bas, ular ham Meni (da'vatlarimni) ijobat (qabul) etib, Menga imon keltirsinlar, shoyad (shunda) to'g'ri yo'lga tushib ketsalar” (Baqara, 186).
ادْعُواْ رَبَّكُمْ تَضَرُّعًا وَخُفْيَةً إِنَّهُ لاَ يُحِبُّ الْمُعْتَدِينَ
“Robbingizga tazarru' ila maxfiy duo qiling. Zotan, U haddan oshuvchilarni sevmas” (A'rof, 55).
Ushbu oyati karimada Alloh taolo mo'min bandalariga duo qilish odoblarini o'rgatmoqda. Duoda tazarru' – yolborish va maxfiylik bo'lishi zarurligini ta'kidlamoqda.
Huddi shu ma'no Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam))ning hadisi shariflarida ham o'z ifodasini topgan.
Imom Buxoriy va Imom Muslim Abu Muso al Ash'ariy r.a.dan rivoyat qilgan hadisi sharifda quyidagilar bayon qilingan:
“Odamlar baland ovoz bilan duo qilgan edilar, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ey, odamlar, o'zingizga shafqat qiling, sizlar kar yoki g'aybga duo qilayotganingiz yo'q. Siz duo qilayotgan Zot eng yaxshi eshituvchi va eng yaqin Zotdir”, dedilar.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Duo ibodatdir”, dedilar va (G'ofir surasining 60-oyati) “va Robbingiz: “Menga duo qilinglar, sizni ijobat qilurman. Albatta, ibodatimdan takabburlik qiladiganlar tezda jahannamga bo'yin eggan hollarida kirurlar”oyatini qiroat qildilar.
Ushbu hadisda keltirilgan oyati karimada duo ma'nosi ibodat ma'nosi bilan bir xilda ishlatilgan. Binobarin, duoning ibodat ekanini Alloh taoloning o'zi bandalariga bildirmoqda. Buni quyidagi hadislar ham quvvatlaydi:
قال رسول الله (صعلم) : ليس شيءٌ أكرم على الله تعالى من الدعاءِ
“Alloh taoloning nazdida duodan ko'ra mukarramroq narsa yo'q”.
قال رسول الله (صعلم) : الدعاءُ مُخُّ العبادةِ
“ Duo ibodatning mag'zidir”.
قال رسول الله (صعلم) : مَنْ لم يسألِ اللهَ يغْضَبْ عليه
“Kim Alloh taolodan so'ramasa, U zot undan g'azablanadi”.
قال رسول الله (صعلم) : "من فُتح له مِنْكم بابُ الدعاءِ ففُتحتْ له أبوابُ الرحمةِ و ما سُئِلَ اللهُ شياءً يعنى أحبّ إليه مِنْ أن يُسألَ العافيةَ"
“Kimga duo eshigi ochilsa, unga rahmat eshiklari ochilgan bo'ladi. Alloh taolo beriladigan narsalar ichida eng mahbub bo'lgani ofiyatni so'rashdir”, dedilar”.
Imom Jazariy duolarning qabul bo'lish borasida yozgan asarlarida bir nechta shartlarni zikr qilganlar, jumladan:
– eydigan, ichadigan, kiyadigan narsalari va yashaydigan erlari haromdan bo'lmasligi.
– Ixlos bilan duo qilishi.
– Tahoratli bo'lishi va qiblaga yuzlanmoq.
– Avval nafl namoz o'qimoq.
– Hayrli ishlar qilish.
– Kambag'allar va tolibi ilmlarni xursand qilish.
– Alloh taologa hamdu sanolar aytish.
– Eng afzal salavot namozda o'qiydiganmiz “Allohumma solli...” va “Allohumma borik...”dir. buni qancha ko'p o'qisa, duo shuncha tez qabul bo'ladi.
– Qo'llarni ko'tarib duo qilish, duoni qo'llari bilan yuzini silab tugatish.
– Hushu va tazarru' bilan Alloh taologa yolvorish.
– Asmoul husnani – Alloh taoloning ismlarini o'qib tilak tilash. Payg'ambarlar yoki solih kiishlarni vasila qilib duo qilish mumkin.
– Gunohlarini e'tirof etib, Alloh taolodan avf va mag'firat so'rash
– Payg'ambarlardan va avliyolardan vorid bo'lgan sahih duolarni o'qish
– Qalb huzuri bilan tilagini so'ramog'i lozim.
– Hamdu sano bilan hamda salovotlar bilan duosini yakunlamog'i.
– Umid va qo'rquv bilan duo qilish.
Ana shunday odoblarga rioya qilmoq kerak va shuni ham unitmaslik kerakki Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) duoda dunyo va oxirat saodatini tilamoqni tavsiya etganlar. Alloh taolo barchalarimizni duolari ijobat bo'ladigan zotlar qatorida qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari 2026 yil 5 yanvar kuni Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud nomidagi Hadisi sharif akademiyasi Ilmiy Kengashiga a’zo bo‘ldilar.
Bu quvonchli voqea Yangi O‘zbekistonda davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning xalqaro darajadagi yuksak e’tirofi bo‘lib, Muftiy hazratlarining din rivoji, ummat saodati va xalqlar hamjihatligi yo‘lidagi xizmatlariga berilgan yuksak bahodir.
Zero, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi yirik hadis ilmi olimlari – buyuk muhaddislar zaminidagi ulamoning Islom olamidagi eng nufuzli muassasa hisoblangan Hadisi sharif akademiyasi a’zoligiga qabul qilinishi haqli e’tirofdir. Yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli ishlar natijasida, kelgusida yana buxoriylar, termiziylar yetishib chiqadi, insha Alloh.
Ushbu xalqaro akademiya Muftiy hazratlari a’zo bo‘lgan oltinchi xalqaro tashkilot bo‘lib, bundan avval (https://www.forumforpeace.net/ar/home)Abu Dabi tinchlik forumi (BAA, 2023 y.), Xalqaro musulmon ulamolari kengashi (https://t.me/muslimuzportal/34021) (Qatar, 2023 y.), Musulmon donishmandlar kengashi (https://t.me/muslimuzportal/36463) (BAA, 2024 y.), Islomiy fiqh akademiyasi (https://t.me/muslimuzportal/37344) (Saudiya Arabistoni, 2024 y.) va Islom olami uyushmasi (https://t.me/muslimuzportal/37365) (Saudiya Arabistoni, 2024 y.) a’zoligiga qabul qilingan edilar.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, akademiya hadislarni jamlash, tasniflash, tadqiq etish, nashr qilish va mazkur yo‘nalishlarda o‘quv dasturlari va kadrlar tayyorlash, anjumanlar, musobaqalar o‘tkazish, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, xalqaro hamkorlik qilishga e’tibor qaratadi. Shuningdek, tashkilot dinda chuqur ketish, mutaassiblik kabilardan qaytaradi va mo‘tadillikka targ‘ib etadi.
Akademiya 2017 yilda Podshoh Salmon farmoni bilan tashkil etilgan bo‘lib, qarorgohi Madina shahrida joylashgan. Mazkur akademiya va uning huzuridagi Ilmiy Kengashga Saudiya Arabistoni yirik Ulamolar Hay’ati a’zosi Shayx Muhammad ibn Hasan Oli Shayx rahbarlik qiladi.
Qayd etish kerakki, Muftiy hazratlarining ushbu nufuzli tashkilotga a’zo bo‘lishlari Alloh taoloning irodasi bilan 35 yildan ziyod vaqt mobaynida Islom dini ma’rifatini keng yoyish va mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta’minlashdagi mehnatlari samarasidir. Faoliyatlariga oid batafsil ma’lumot bilan quyidagi havola (https://muslim.uz/oz/e/post/44277-xalq-saodati-vatan-ravnaqi-va-din-rivoji-yo-lidagi-xizmatlar-mukofoti-2) orqali tanishish mumkin.
Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlariga Hadisi sharif akademiyasidagi faoliyatlarida Alloh taolodan kuch-quvvat va muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati