Madinai Munavvaradagi Masjidun Nabaviyda o'tgan haftada misli ko'rilmagan 5 milliondan ortiq kishidan iborat namozxon ziyorat va ibodatlarni amalga oshirganini qayd etdi.
Masjidul Harom va Masjidun Nabaviy ishlari bo'yicha Bosh boshqarma ma'muriyati ma'lumotlariga ko'ra, shu yil 8-15 dekabr' kunlari bir hafta davomida masjidga 5 million 119 ming namozxon va ziyoratchi tashrif buyurgan. Ulardan 501 938 nafari Payg'ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam qabrini ziyorat qilishga muvaffaq bo'ldi, deb yozadi “IslamNews” “GulfNews” matbuotiga tayanib.
Madinai Munavvaraning muqaddas maskanlarini ziyorat qilgan musulmonlar orasida 15 295 nafar keksa va nogiron mehmon bor edi.
Bir hafta davomida 87 mingdan ortiq ziyoratchi o'nlab tillardagi tarjimonlar xizmatidan foydalandi.
Hafta davomida 13 584 kishi Masjidun Nabaviy kutubxonasiga tashrif buyurdi. 4783 nafar kishi esa buyuk masjid hududidagi muzey va ko'rgazmalarni tomosha qildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bir odamning qorni ochdi. U garchi iqtisodiy ahvoli yaxshi bo‘lmasa-da, bir tamaddixonaga kirib, taom buyurtma qildi. Buyurtma tayyor bo‘lgunga qadar derazadan tashqariga qarab o‘tirarkan, ellik yoshlardagi odam tez-tez tamaddixonaga qarab qo‘yayotgani, kirishga jazm qilolmay turganiga ko‘zi tushdi. O‘tgan ketganlar unga e’tibor bermas, u esa aftidan juda och qolgan edi.
Shu payt buyurtma berilgan taom olib kelindi. U esa hech o‘ylanmasdan ovqatni olib, o‘zi och bo‘lsa-da, ko‘chadagi odamga olib chiqib berdi. So‘ng ortiga qaytib, hisobni berishlarini so‘radi. Holatni zimdan kuzatib turgan tamaddixona rahbari xizmatchiga bir qog‘oz berdi. Unda bunday so‘zlar yozilgan edi:
“Insoniylik bebahodir, sizday oliyjanob inson bizning tamaddixonaga kelganidan baxtiyormiz. Ruxsat bersangiz, siz bir miskinni mehmon qilganingiz kabi biz ham sizni mehmon qilsak”.
Xulosa shuki, Alloh taolo hech bir amalni zoye qilmas, bandasini bandasidan qarzdor holda qoldirmas, ehsonga ehson bilan javob qaytarar ekan.
Shunday ekan, imkonimiz borida boshqalarga yaxshilik qilib qolaylik.
Akbarshoh Rasulov