Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Mart, 2026   |   17 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:32
Quyosh
06:50
Peshin
12:39
Asr
16:34
Shom
18:23
Xufton
19:35
Bismillah
06 Mart, 2026, 17 Ramazon, 1447

13.05.2022 y.SUNNATGA AMAL QILISh VA BID_''ATNING ZARARLARI

11.05.2022   12561   16 min.
13.05.2022 y.SUNNATGA AMAL QILISh VA BID_''ATNING ZARARLARI

بسم الله الرحمن الرحيم

 


Muhtaram jamoat!
Alloh taolo o'zining oxirgi dini bo'lmish Islomni mukammal, uning ahkomlarini to'kis qilib berdi. Bu Alloh taoloning mo'min-musulmonlar uchun bergan bitmas-tuganmas ne'matidir. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda bunday degan:

  الْيَوْمَ أَكْمَلْتُ لَكُمْ دِينَكُمْ وَأَتْمَمْتُ عَلَيْكُمْ نِعْمَتِي وَرَضِيتُ لَكُمُ الْإِسْلَامَ دِينًا

ya'ni: “Ana, endi bugun, diningizni kamoliga etkazdim, ne'matimni tamomila berdim va sizlar uchun Islomni din bo'lishiga rozi bo'ldim” (Moida surasi 3-oyat).

Darhaqiqat, Alloh taolo Islom dinini mukammal qilib, uning tomirini erga mustahkam joylagan va shoxlarini osmonga qadar etgan daraxt kabi qilgan.

Sunnat bu dinda yuriladigan yo'ldir. Kim eng to'g'ri yo'lda yurmoqchi bo'lsa, Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamning yo'llarida yurishi lozimdir. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

﴿أمَا بَعْدُ، فَإِنَّ خَيْرَ الْحَدِيْثِ كِتَابُ اللهِ، وَخَيْرَ الهَدْيِ هَدْيُ مُحَمَّدٍ، وَشَرَّ الْأُمُورِ مُحْدَثَاتُهَا، وَكُلُّ بِدْعَةٍ ضَلاَلَةٍ

(رَوَاهُ الإمام مُسْلِمٌ عن جابر بن عبد الله رضي الله عنه)

ya'ni: “Ammo ba'd, albatta so'zlarning eng yaxshisi Allohning kitobidir. Yo'llarning eng yaxshisi Muhammadning yo'lidir. Ishlarning yomoni yangi paydo chiqarilganidir. Har bir bid'at zalolatdir”, deganlar (Imom Muslim rivoyatlari).

Qur'oni karimning qirqdan ortiq oyati karimalarida mo'min-musulmonlar Rasulimiz alayhissalomga itoat qilish va ergashishga buyurilgan. Jumladan, Hashr surasida bunday deyilgan:

 وَمَا آَتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانْتَهُوا وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ

ya'ni: “Payg'ambar sizlarga keltirgan narsani olingiz, u sizlarni qaytargan narsadan qaytingiz va Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh jazosi qattiq zotdir” (Hashr surasi 7-oyat).

Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga itoat etish, u zot keltirgan shariatlariga amal qilish shariatimiz talabidir. Bu haqda Jobir raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyilgan: “Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam uxlab yotganlarida huzurlariga farishtalar keldilar. Farishtalarning ba'zilari: “Bu kishi uxlayapti”, deyishdi. Ba'zilari esa: “Ko'zlari uxloq, qalblari uyg'oq”, deyishdi. Keyin farishtalar: (Payg'ambarimizga ishora qilib): “Mana shu birodaringizga bir masal bor. Qani bir zarbulmasal keltiringlarchi”, dedilar. Shunda farishtalar: “Albatta, bu kishi hovli qurib, ziyofat uyushtirgan zotga o'xshaydi. O'sha zot bir da'vatchi yuboribdi. Kim da'vatchiga javob bersa, hovliga kiradi va ziyofatdan baham ko'radi. Kim da'vatchiga javob bermasa, hovliga kirmaydi va ziyofatdan baham ko'rmaydi”, dedilar. Ba'zi farishtalar: “Bu gapni ta'vil qilinglar, tushunsin”, deyishdi. Boshqa farishtalar: “Hovli – jannat, da'vatchi – Muhammad sallallohu alayhi vasallam. Kim Muhammadga itoat qilsa, batahqiq, Allohga itoat qilibdi. Kim Muhammadga osiy bo'lsa, batahqiq, Allohga osiy bo'libdi. Muhammad – odamlar orasini farqlovchidir”,dedilar”  (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Shuning uchun U Zot alayhissalomdan kelayotgan din yo'liga xilof ravishda yangiliklar joriy qilish qattiq qoralanadi va rad etiladi. Bu haqda Rasululloh sallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

﴿ مَنْ أَحْدَثَ فِي أَمْرِنَا هَذَا مَا لَيْسَ مِنْهُ فَهُوَ رَدٌّ ﴾ (رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ عَنْ عَائِشَة رضي الله عنها)

 ya'ni: “Kim ushbu ishimizda unda yo'q narsani paydo qilsa, u qaytarilgan”,dedilar (Imom Buxoriy  rivoyatlari).

   Hadisi sharifdagi “Ushbu ishimiz” deganda din, shariat nazarda tutilgan. “Unda yo'q narsa” deganda shariatda mutlaq bo'lmagan yoki shariatning umumiy qoida va dalillari dalolat qilmagan amal tushuniladi.

Hanafiy mazhabining muhaqqiq olimlaridan Mulla Ali Qori shunday deydilar:

وَمَعْنَى الْحَدِيْثِ: أَنَّ مَنْ أَحْدَثَ فِي الْإِسْلاَمِ رَأْياً لَمْ يَكُنْ لَهُ مِنَ الْكِتَابِ وَالسُّنَّةِ سَنَدٌ ظَاهِرٌ أَوْ خَفِيٌّ مَلْفُوظٌ أَوْ مُسْتَنْبَطٌ فَهُوَ مَرْدُودٌ عَلَيْهِ

ya'ni: “...Hadisning ma'nosi, kim Islomda bir “fikr” o'ylab topsa, unga Qur'ondan ham, sunnatdan ham, ochiq oydin yoki maxfiy, lafziy yoki mustanbat (ijtihod qilib topilgan) asos bo'lmasa, u (fikr yoki amal) rad qilingandir”.

Hofiz ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh mazkur hadis sharhida bunday deydilar: “Bu – dinni soxtalashtirib, buzishdan asrovchi hadislar jumlasidan bo'lib, muhim qoidani o'z ichiga olgan. Ya'ni, dinga zid va dinning dalillari, qoidalariga xilof bo'lgan har qanday bid'atni rad qilish lozim ekanligini ifodalaydi. Ammo dinga zid bo'lmagan, shu bilan birga, uning asoslariga tayangan holda keyinchalik dinni himoyalash uchun joriy qilingan amallar rad etilmaydi”.

         Endi bevosita “bid'at” so'zini ta'rifiga kirishadigan bo'lsak, “bid'at” so'zi lug'atda “o'xshashi bo'lmagan yangi narsani paydo qilish, diniy aqidalarga kiritilgan o'rinsiz isloh”, – degan ma'noni bildiradi. Istilohda esa Alloma Izziddin ibn Abdussalom shunday ta'riflaganlar:

اَلْبِدْعَةُ فِعْلُ مَا لَمْ يُعْهَدْ فِي عَصْرِ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ

ya'ni: “Bid'at – Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning davrlarida bo'lmagan narsani amalga oshirishdir” (“Qavoidul ahkom” kitobi).

Demak, ibodatlarda asri saodatda uchramagan, balki, keyinchalik dinda yangi paydo bo'lgan amallar bid'at hisoblanar ekan.

Dinga yangilik kiritish, go'yoki, Alloh va uning Rasuli bilmagan narsani “men topdim”, – degan da'vo qilishdir. Vaholanki, Islom – Alloh tomonidan yuborilgan mukammal va barkamol dindir. Biz musulmonlarning vazifamiz –  dinimizning mohiyatini to'g'ri anglab etib, hayotimizga tatbiq qilish va turli bid'at-xurofotlarni paydo qilmaslikdir.

  Ulamolarimiz bid'atni ikki qismga bo'lganlar: bid'ati hasana (yaxshi bid'at) va bid'ati sayyia (yomon bid'at).

   Bid'ati hasana – shariatda asli bo'lgan amalni shu aslga tayanib, uni shakllantirish uchun joriy qilingan qo'shimcha amallarga aytiladi. Bunga hazrati Umar raziyallohu anhuning ishlarini misol qilish mumkin. Sunnat amal bo'lgan Taroveh namozini Rasululloh sallallohu alayhi vasallam jamoat bilan o'qimas edilar. Hazrati Umar esa xalifalik davrlarida mazkur namozni imomga iqtido qilib, jamoat bilan o'qishni joriy qildilar va: “Qanday yaxshi bid'at bo'ldi”, – dedilar.

  Shunga binoan diniy ilmlar o'rgatish uchun alohida madrasalar qurish, kitoblar chop etish, masjidlarga gilam solish, Rasululloh sallohu alayhi vasallamni go'zal siyratlarini targ'ib qilish uchun mavlid o'qish singari din asoslariga zid bo'lmagan amallar –“bid'ati hasana” bo'ladi. Ya'ni, maqtalgan, yaxshi bid'at sanaladi.

Bid'ati sayyia esa – shar'iy asosga ega bo'lmagan biror amal yoki e'tiqodni joriy etishdir. Bunday bid'at ayni zalolat bo'lib, uni shariatimizda rad etilgandir.

Ulamolarimiz bid'ati hasana va bid'ati sayyia o'rtasini ajratib olish uchun asosiy mezon bu – shariatimizning umumiy qoidalaridir, deganlar. Ya'ni, Payg'ambarimiz alayhissalom davrlarida kuzatilmagan biror bir amal ushbu shariat qoidalariga muvofiq kelsa, zalolatga boshlovchi bid'at sanalmaydi. Aksincha, maqtalgan, yaxshi bid'at sanaladi.

Demak, Payg'ambarimiz alayhissalom davrilarida bo'lmagan har bir amal ham yomon bid'at bo'lavermaydi. Balki, shariatimizning umumiy qoidalariga zid bo'lgan yoxud unga asoslanmagan har qanday amal yoki e'tiqod zalolatga boshlovchi bid'at sanaladi. Har bir musulmon aynan ushbu bid'atdan saqlanishi lozim bo'ladi.

Shuni ham ta'kidlash kerakki, bir ishni ko'rganda unga nisbatan bid'at yoki bid'at emas deb hukm  qilishga shoshilmaslik kerak. Chunki bu borada ulamolar tomonidan joriy etilgan qoida va asoslar bor. Shundan kelib chiqib shuni aytamizki, yurtimizda ba'zi bir odatlar borki, garchi shariatda u ayni shu shaklda sobit bo'lmagan bo'lsa-da, shariatimizning umumiy asoslarga zid kelmaydi. Bunga misol qilib namozdan keyin qiroat qilish va jamaoviy duo qilishni keltirishimiz mumkin. Madomiki, musulmonlar bu odatlarni albatta shunday shaklda sobit bo'lgan deb e'tiqod qilmasdan amalga oshirsalar bid'at hisoblanmaydi. Shuning uchun bu odatlar yurtimizda bir necha asrlardan beri ulamolar tarafidan inkor etilmay davom etib kelmoqda.

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam biz ummatlarini O'z sunnatlari (tutgan yo'llari)ni mahkam ushlash va Rasulimizdan keyin o'tgan ulug' zotlarning yo'llarida bardavom bo'lishga chiqirib, bunday deganlar:

﴿ عَلَيْكُمْ بِسُنَّتِي وَسُنَّةِ الْخُلَفَاءِ الْمَهْدِيِّينَ الرَّاشِدِينَ، تَمَسَّكُوا بِهَا وَعَضُّوا عَلَيْهَا بِالنَّوَاجِذِ

(رواه الإمام الترمذي عن عرباض بن سارية رضي الله عنه)

ya'ni: “Sizlar mening va to'g'ri yo'lda yuruvchi, hidoyat topgan xulafolarimning yo'lini tutib, uni oziq tishlaringiz bilan tishlagandek, mahkam ushlanglar (Imom Termiziy rivoyatlari).

Aks holda sunnatlar unutilib, har xil bid'at va xurofotlar ko'payadi. Zero, bu borada Amr ibn Avf raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:

﴿مَنْ أَحْيَا سُنَّةً مِنْ سُنَّتِي قَدْ أُمِيْتَتْ بَعْدِي فَإِنَّ لَهُ مِنَ الْأَجْرِ مِثْلَ أَجْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا مِنَ النَّاسِ لاَ يَنْقُصُ مِنْ أُجُورِ النَّاسِ شَيْئًا وَمَنْ اِبْتَدَعَ بِدْعَةً لاَ يَرْضَاهَا اللهُ وَرَسُولُهُ فَإِنَّ عَلَيْهِ مِثْلَ إِثْمِ مَنْ عَمِلَ بِهَا مِنَ النَّاسِ لاَ يَنْقُصُ مِنْ آثَامِ النَّاسِ شَيْئًا

ya'ni: “Mendan keyin unutilgan sunnatlardan birini kim amalga tadbiq qilsa, so'ng unga odamlar amal qilsalar, u uchun o'shanga amal qilgan kishilarning savobicha savob bo'ladi va bu ularning savobidan biron narsani kamaytirmaydi. Kim Alloh va Rasuli rozi bo'lmaydigan bir bid'atni paydo qilsa, u uchun o'sha bid'atga amal qilgan kishilar gunohicha gunoh bo'ladi, lekin bu ularning gunohidan biron narsani kamaytirmaydi” (Imom Ibn Moja rivoyatlari). 

Vakt o'tib, insonlar din qonun-qoidalaridan uzoqlashgan sayin ilm susayib, jaholat va nodonlik yuzaga kelishi oqibatida turli bid'at-xurofotlar yuzaga keladi.

Hozirgi kunda ba'zilarning ilmsizlik oqibatida turli bid'at-xurofotlar yuzaga kelmoqda. Masalan, ba'zi joylarda o'tganlar ruhini yod etish maqsadida sham-chiroq yoqish, dinda asli yo'q turli ma'raka-tadbirlarni joriy qilish. Hususan, ba'zi hududlarda inson vafotidan keyingi uch kun ichida marosim qilib mehmon chaqirish odat tusiga kirgan. Vaholanki, bunday qilish shariat hukmlariga ziddir. Bu haqda “Hulosatul fatovo” kitobida bunday deyilgan:

وَلاَ يُبَاحُ اِتِّخَاذُ الضِّيَافَةِ عِنْدَ ثَلاَثَةِ أَيَّامٍ، لِأَنَّ الضِّيَافَةَ تُتَّخَذُ عِنْدَ السُّرُوْرِ

ya'ni: Musibat etgandan keyin uch kun ichida odamlarga ziyofat qilib berishga ruxsat etilmaydi. Chunki ziyofat xursandchilik kunlari qilinadi”.

Mayyitni dafn qilmay bir necha kun ushlab turish ham sunnatga xilof odatlardandir. Shuningdek, yangi uy yoki markab sotib olganda biror jonliq so'yib, qonini uy yoki markabning ustidan oqizish ham xorofotlardandir. Ayollar o'rtasida “Mushkul kushod”, “Bibi seshanba” kabi tadbirlarni o'tkazish ham aynan mana shunday bid'atlardan sanaladi. Shuningdek, xalq orasida “ikkala hayit orasida nikohlanish joiz emas”, “safar oyida safar qilib bo'lmaydi”, “ro'za oyida tuxum eb bo'lmaydi”, “o'lik chiqqan xonadonda sumalak, halim pishirilmaydi”, “iftorlikka hamirsiz ovqat tayyorlash lozim”, “mavlid o'qilsa, xonadon sohiblari qatnashmaydi”, “baliq esa, jig'ildoni tozalanib, luqmasi halol bo'ladi” qabilidagi e'tiqodlar ham ayni qoralangan bid'atlar turiga mansubdir. Bu kabi irim-sirimlarga ishonish, unga “ixlos” bilan amal qilish Alloh taologa yaqinlashtirmaydi, balki uning g'azabiga olib boradi. Alloh bundan barchamizni asrasin! Shuning uchun ham obid zotlardan biri bo'lmish Abu Ayyub Sixtiyoniy rahimahulloh: “Bid'atchi o'z bid'atida qancha tirishsa, Allohdan shuncha uzoq bo'ladi”, – deganlar.

Demak, hayotimiz davomida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sunnatlarini o'rganib, kundalik hayotimizga tatbiq qilishimiz, turli shar'iy asosga ega bo'lmagan odat va xurofotlardan saqlanishimiz lozim bo'ladi.

Alloh taolo barchamizga O'zi rozi bo'ladigan amallarni muyassar aylab, ikki dunyo saodatini nasib qilsin! Omin!

Yuklab olish:

Sunnatga_ergashish_va_bidatning_zararlari.doc

Sunnatga_ergashish_va_bidatning_zararlari.pdf

 

  

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Moida surasi fazilatlari

06.03.2026   2465   7 min.
Moida surasi fazilatlari

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Moida surasi Qur’oni Karimning beshinchi surasi bo‘lib, u Madinada nozil bo‘lgan, bir yuz yigirma oyatdan iborat. «Moida» so‘zining ma’nosi «dasturxon»dir. Surada Iso alayhissalomdan uning eng yaqin safdoshlari osmondan moida, ya’ni yasatilgan dasturxon tushirib berishni so‘raydilar. Undan ovqatlanish va bashorat olishni maqsad qiladilar. Alloh taolo Iso alayhissalomni qo‘llab-quvvatlash va u zotning payg‘ambar ekanliklarini tasdiqlash uchun havoriylar talab qilgan moidani tushirdi. Surada moida to‘g‘risida to‘rtta oyat kelgani sababli unga shu nom berilgan.

Suraning ikkinchi nomi “Uhuud” (shartnoma, ahdnomalar)dir. Surada insonning Robbi bilan qilgan ahdnomasi, shaxsiy va jamoaviy ahdnoma va shartnomalar, haqida bayon qilinadi. Shuningdek, ularda ahdga vafo qilish, adolatli bo‘lish va ularga amal qilish lozimligi ta’kidlanadi.

Surada “Ey, imon keltirganlar!...” degan nido o‘n olti bor kelgan bo‘lib, har bir nidodan keyin kelgan ma’nolar o‘ziga xos shartnomaga aylangan.

Surada tavhid, shar’iy hukmlar, halol va harom narsalar, jonliqlarni so‘yish masalasi, haj va umra vaqtida ehromda ov qilish hukmi va uning kaffaroti, tahorat, g‘usl, tayammum, nikoh, ahdga vafo qilish, hukmda adolatli bo‘lish, odil guvoh bo‘lish, har bir holatda adolatli bo‘lish, jinoyat va jazo masalasi, xamr va qimor haromligi, o‘g‘rilik hukmlari, qasamning kafforati, vasiyat haqida, ibrat olish uchun payg‘ambarlar qissasi, Qobil va Hobil qissasi va boshqalar bayon etiladi.


Islom shariatida inson hayoti uchun zarur bo‘lgan asosiy maqsad va tamoyillar bo‘lgan jon himoyasi, din himoyasi, inson aqlining himoyasi, nasl va sha’n himoyasi, mol himoyasiga asosiy e’tibor qaratiladi. Mufassir ulamolar suraga “Islom shariatidagi maqsad va tamoyillarning barchasi Moida surasida jamlangan” deb ta’rif berishadi.

Bu sura eng oxirgi nozil bo‘lgan suralardan biri bo‘lib, unda juda ko‘p shar’iy hukmlar bayon qilingani sababli uni o‘rganishga targ‘ib qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vidolashish hajida Moida surasini o‘qidilar va shunday dedilar: “Albatta, Moida surasi eng keyin nozil bo‘lgan suradir. Bas, ushbu surada halol deyilgan narsalarni halol deb bilinglar, harom qilingan narsalarni harom deb bilinglar”.


Shuningdek, ushbu surada Alloh ta’alo shunday marhamat qiladi:

“Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorik qiling. Gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmang. Allohga taqvo qiling! Albatta, Alloh iqobi shiddatlidir” (2-oyat).

Ushbu oyat bizning faoliyatimizdagi asosiy maqsad bo‘lishi lozim, oyatda barcha mo‘min va mo‘minalarga hamkorlik ishlarida amal qilishi lozim bo‘lgan asosiy qoida bayon qilinmoqda.

Bu kun sizga diningizni mukammal qilib berdim. Sizga ne’matimni to‘kis qildim va sizga Islomni din deb rozi bo‘ldim” (3-oyat).

Ushbu sura nozil bo‘lishi orqali Islom dini benuqson va barkamol bo‘lgani, Muhammad sollallohu alayhi vasallam esa to qiyomat kuniga qadar barcha inson va jinlarga payg‘ambar qilib yuborilgani, Alloh taolo insoniyatni amal qilishi uchun faqat bitta dinni – Islomni tushirgani alohida ta’kidlanadi.

“U bilan Alloh rizosini topishga intilganlarni (U) tinchlik va salomatlik yo‘llariga yo‘llab, O‘z izni bilan ularni zulmatlardan nurga chiqarur va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur” (16-oyat).

Ulamolar inson tinch va osoyishta hayot kechirishni istasa ushbu oyatni muntazam o‘qib yurishini tavsiya qiladilar, chunki chinakam mo‘min inson tinchlik va xotirjamlikni, Alloh taoloning roziligini Qur’oni karimni o‘rganish va unga amal qilish orqali topadi. 

“Ana o‘sha (ilk qotillik) tufayli Isroil avlodiga shunday hukmni bitib qo‘ydik: “Biror jonni o‘ldirmagan yoki Yerda (buzg‘unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarni qilmagan insonni o‘ldirgan odam huddi hamma odamlarni o‘ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o‘limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir”. Ularga rasullarimiz (ilohiy) hujjatlarni keltirganlar. So‘ngra ularning ko‘pchiligi o‘shandan keyin (ham) Yerda isrof qiluvchilardir” (32-oyat).

Ushbu oyatda bir beayb insonni o‘ldirgan odam butun boshli insoniyatni o‘ldirgandek jinoyat qilgan hisoblanadi. Bitta jonni hayotini saqlab qolish esa butun insoniyatni saqlab qolgan bilan tengdir.

“Ey, imon keltirganlar! Sizlar uchun Alloh halol qilib qo‘ygan narsalarni haromga chiqarmangiz va haddan oshmangiz! Zero, Alloh haddan oshuvchilarni yoqtirmaydi” (87-oyat).

Ushbu oyatda Alloh halol qilib qo‘ygan narsalarni haromga chiqarish mumkin emasligi, harom narsalarni halol deyishlik esa kufr ekanligi, banda haddidan oshishi esa katta gunohlardan biri ekanligi bayon qilinmoqda.


“Ey imon keltirganlar, xamr, qimor, butlar hamda qur’a cho‘plari shayton ishidan bo‘lgan iflosliklardir, najot topish uchun bulardan chetlaninglar! Shayton xamr va qimor orqali orangizga dushmanlik va adovat solish, sizlarni Allohning zikri va namozdan to‘sishni istaydi. Shunda ham tiyilmaysizlarmi?” (90-91-oyatlar).

Xamr va qimorning oila, jamiyat va butun insoniyatga keltiradigan zararlari juda ham ko‘p bo‘lib, odamlar o‘rtasida o‘zaro adovat va nafratni ko‘payishiga, bir-birlarini yomon ko‘rib qolishiga sabab bo‘ladi. Qayerda ichkilik bo‘lsa, o‘sha joyda ko‘ngilsizlik, tartibsizlik kelib chiqadi. Ichkilik oilalarning buzilishiga, yaqin insonlarni bir-biriga dushman bo‘lib qolishiga, jamiyatda adovat va hasadni ko‘payishiga olib keladi. Qimor ham insonlarni tubanlikka, birovni haqqiga rioya qilmaslikka, zulmkorlik, qotillikka undaydi. Alloh taalo ushbu amallar iflos, qabix, eng razil amal ekanini ta’kidlab, insonlarni bunday jirkanch amallardan qaytarmoqda.

Ushbu sura fazilati haqida hadislarda quyidagilar bayon etilgan:


Oisha onamizdan rivoyat qilinadi: “Kim yettita uzun suralarni yodlasa, u olimdir” (Imom Ahmad va imom Hokim rivoyati).

Mujohid rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Erkaklaringizga Moida surasini o‘rgatinglar! Ayollaringizga Nur surasini o‘rgatinglar!” dedilar” (Said ibn Mansur, Ibn Munzir va Bayhaqiy rivoyat qilgan).

Surada juda ko‘p shar’iy hukmlar bayon qilingani sababli uni o‘rganishga keng targ‘ib qilinadi. Surani o‘qish, tafsirini o‘rganish, ularga hayotimizda amal qilish orqali suraning ulug‘ fazilatlariga ega bo‘lishni Alloh taolo barchamizga nasib qilsin.

 

“Tafsiri Hilol”, “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”, “Qur’oni azim muxtasar tafsiri”,
“Qur’oni karim va o‘zbek tilidagi ma’nolari tarjimasi”
va boshqa manabalar asosida
Dilshodjon Mamadaliyev tayyorladi.

Maqolalar