Tailand hukumati Tailand va Malayziya o'rtasidagi musulmonlar ko'p bo'lgan chegara viloyatlarida halol sanoatni rivojlantirish orqali Yaqin Sharqdagi mamlakatlarga halol mahsulotlar eksport qilishga intiladi.
Oziq-ovqat mahsulotlariga, xususan, halol mahsulotlarga global talab ortib borayotgani munosabati bilan Tailand hukumati mazkur yo'nalishdagi faoliyatni yanada rivojlantirishga harakat qilmoqda.
Bugungi kunga qadar Tailandda halol mahsulotlar eksporti 20 foizni tashkil etadi. Mamlakat 2021-2022 yillarda halol mahsulotlar eksportidan 6 milliard dollar daromad olgan.
Shu maqsadda Tailandning Hat Yay shahrida Malayziya va Tailanddan halol mahsulotlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ishtirokida halol mahsulotlar ko'rgazmasi bo'lib o'tdi. Ikki mamalakat mutasaddilari fikriga ko'ra, ushbu ko'rgazma Malayziya va Tailandda iqtisodiy rivojlanishni kengaytirishga yordam beradi.
Qayd etish joizki, halol mahsulotlar nafaqat oziq-ovqatni, balki moda, kiyim-kechak, farmatsevtika mahsulotlari va turizmni ham o'z ichiga oladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan anjuman doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev Misr Vaqf ishlari vaziri Shayx Usoma Azhariy, islom olamidagi nufuzli tashkilot Musulmon donishmandlar kengashi Bosh kotibi Muhammad Abdussalom hamda Ozarbayjon diniy tashkilotlar bilan ishlash qo‘mitasi raisi Ramin Alamshah o‘g‘li Mamedov bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqotlarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan yurtimizda vijdon va e’tiqod erkinligini ta’minlash, diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik hamda allomalar merosini tadqiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuqori baholandi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda alohida qonun, qaror va maxsus farmonlar qabul qilingani, jamiyatimizda turli diniy konfessiyalar vakillari orasida ahil-inoqlik yanada mustahkamlangani va mo‘min-musulmonlar toat-ibodat qilishi uchun keng imkoniyatlar taqdim etilgani alohida qayd etildi.
Martabali mehmonlar davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik yil sayin rivoj topib borayotganini ta’kidlashdi. Bugungi murakkab davrda mana shunday xalqaro hamkorlik, o‘zaro tajriba almashish va anjumanlar tashkil etishning ahamiyati katta ekaniga urg‘u qaratildi.
Uchrashuvda tomonlar ilmiy tadqiqot, diniy ta’lim, zamonaviy fatvolar ishlab chiqish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish va diniy soha xodimlari malakasini oshirish kabilarda hamkorlik qilishni kengaytirishga kelishdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati