Ro'za – ruh tarbiyasi
Alloh taolo mo'min bandalariga o'ta karamlidir. U insonlarning amallarini kengligi osmonlaru Yercha bo'lgan jannat bilan taqdirladi. Mo'minlar jannatga barchasidan kirishlari uchun har bir darvoza oralig'idagi masofani qirq yillik yo'l qilib qo'ydi. Rivoyatlarda zikr qilinishicha, jannatga kiruvchilar shu qadar ko'p bo'ladiki, hatto bunday keng darvozalarda ham tiqilinch hosil bo'ladi.
Shunday bo'lsa-da, ro'zadorlar jannatga kirishlari uchun alohida darvoza bilan xoslandi. Payg'ambarimiz alayhissalom bunday marhamat qiladilar: «Jannatda “Rayyon” deb nomlanuvchi darvoza bor. Qiyomat kuni undan faqat ro'zadorlar kiradi. (Qiyomatda) “Ro'zadorlar qayerda?” deb nido qilinadi. Bas, (ro'zadorlar) o'rnilaridan turishadi. (Darvozadan) ulardan boshqa hech kim kirmaydi. (Barchalari) kirib bo'lgach, darvoza berkitiladi» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Hofiz ibn Hajar rahimahulloh “Fathul Boriy”da bunday deydi: «Hadisda “jannatda” deyildi, “jannat uchun” deyilmadi. Sababi, jannatdagi mazkur darvozadan kirganlarga rohat-farog'at borligini his ettirish, unga nisbatan zavq-shavqni oshirishdir».
“Rayyon” lafzi tashnalikning ziddi – “chanqoqni qondirish” ma'nosini anglatadi. Demak, lafz bilan ma'no o'zaro uyg'un. “Rayyon” deb nomlanishiga yana bir sabab shuki, unda juda ko'p daryolarning mavjudligidir. Ya'ni, dunyoda ixlos bilan tutilgan ro'za evaziga qiyomatda ro'zadorning chanqog'i qondiriladi. Jannatda esa, salqinlik bardavomdir. “Rayyon” lafzi “chanqoqni qondirish”ni ifodalasa-da, to'qlikka ham ishoradir. Zero, chanqoqning bostirilishi to'qlikka ham dalolat qiladi. Bunday gap bor: “Ro'zadorni ko'proq ochlik qiynaydi. Chunki ko'pchilik suvsizlikka chidashi mumkin, lekin ochlikka sabr qilish qiyin”.
Bu ta'rif ro'zadorning holiga munosibdir. Alloh taolo bunday deydi: «Do'zax egalari jannat egalariga: “Bizga ham suvdan yoki Alloh sizga rizq qilib bergan narsadan to'kinglar”, deb nido qiladilar. Ular: “Albatta, Alloh bularni kofirlarga harom qilgan”» (A'rof surasi, 50-oyat).
Rayyondan kirish uchun ro'zador ro'zasining savobi kamaymasligi kerak. Chunki ro'zada taom, ichimlik va boshqa hissiy narsalardan tiyilishgina emas, balki ajrni kamaytiruvchi barcha narsalardan saqlanish vojibdir.
E'tibor beraylik, Rayyondan kirish Ramazonning farz ro'zasini tutuvchi ro'zadorlar uchun xoslanayotgani yo'q. Boisi Ramazon ro'zasini barcha musulmonlar tutadi. Rayyon darvozasidan kiruvchilar deb farz ro'zalarga nafl ro'zalarni ergashtiruvchilar aytilyapti.
Bu esa ro'zaning Parvardigor nazdida qanchalik yuksak maqomga ega ekanini anglatadi. Nabiy alayhissalom ham buni yanada yorqinroq ifodalab: «“Ro'zadorlar qayerda?” deb nido qilinadi. Bas, (ro'zadorlar) o'rnilaridan turishadi. (Darvozadan) ulardan boshqa hech kim kirmaydi. (Barchalari) kirib bo'lishgach, darvoza berkitiladi», deb bashorat bermoqdalar.
Ba'zi olimlarning fikricha, qiyomatda ro'zadorlarga qilinadigan ushbu nido ularni ulug'lash, hurmatlash, amallarining savobi buyuk ekanini bildirish uchundir.
Jannat darvozalari sakkiztadir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o'sha darvozalarni birinchi bo'lib ochib, ularga kiruvchidirlar. So'ngra barcha mo'minlar amaliga muvofiq darvozadan kiradi. Chunki hammaning o'ziga yarasha turli yaxshi amallari bor, jannatga kirish imtiyozlariga egadir. Lekin Rayyon darvozasi orqali kirolmaydi. Yaxshi amallarda peshqadamlar jannatning barcha eshiklaridan chaqirilishga haqli bo'ladi. Fikrimizni Nabiy alayhissalomning bashoratlari tasdiqlaydi. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu: “Ota-onam sizga fido bo'lsin, yo Rasululloh! Qiyomatda nido qilinganlar faqat bitta eshikdan kirishadimi yoki hamma eshikdan chaqiriladigan biron kishi ham bo'ladimi?” deb so'radi. Nabiy alayhissalom: “Ha, bo'ladi. Siz o'shalardan bo'lishingizni umid qilaman”, deb javob berdilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Jannat ahli uchun ko'z ko'rmagan, quloq eshitmagan, bashar xayoliga kelmagan ne'matlar bor. Jannatda uzundan-uzoq soyalar, jilo sochuvchi nurlar, daryolar mavjud. Uning tuprog'i mushk va za'farondan. Toshlari yoqut va marjondan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Hamda O'zi ularga ta'riflab bergan jannatga kiritar” (Muhammad surasi, 6-oyat). Shuningdek, jannatda xonalar, ishkomlar, qasrlar bo'lib, behisht ahli o'z maskanini taniydi. Jannatdagi uylar tilladan bo'lib, bunga Payg'ambarimiz alayhissalom guvoh bo'lganlar. Alloh taolo u zotga jannatni ko'rsatgan.
Rivoyatda kelishicha, Nabiy alayhissalom jannatdagi tilladan barpo etilgan qasrning go'zalligidan ajablandilar. Qasr haqida so'radilar. U zot alayhissalomga: “Bu qurayshlik yigitga tegishli qasr”, deyildi. Payg'ambarimiz alayhissalom: “O'sha men bo'lsam kerak”, degan o'yda qasrning egasi kim ekanini so'radilar. Umar ibn Hattob roziyallohu anhu ekani aytildi. Nabiy alayhissalom Umar roziyallohu anhuga bu haqda xabar berar ekanlar: “Ey Abu Hafs, agar rashkchiligingni bilmaganimda, u erga kirgan bo'lardim”, dedilar. Umar roziyallohu anhu Nabiy alayhissalomdan ushbu xabarni eshitib yig'ladi va: “Yo Rasululloh, sizdan rashk qilarmidim”, dedi (Imom Termiziy va Imom Nasoiy rivoyati).
Payg'ambarimiz alayhissalomdan jannat uylarini tasvirlab berishlarini so'rashganda, bunday deganlar: “Jannat binolarining g'ishti kumushdan va tilladan. Suvog'i hidi kuchli, yoqimli mushkdan” (Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyati). Bundan tashqari, shunday xonalar borki, tashqaridan uning ichi, ichkarisidan tashqari ko'rinadi. Uylarni omonlik va xotirjamlik qurshagan, suvlarning mayin jildirashi eshitiladi. Uylar atrofida go'zal ishkomlar bor. Jannatda g'ulom va xizmatchilar bo'ladi. Likopchalari tilladan. Huru iynlar u erda istiqomat qilishadi, tashqariga chiqishmaydi: “Chodirlarni lozim tutgan hurlar bor” (Ar-Rohman surasi, 72-oyat). Jannatda anhorlar bor. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “...(daraxtlar) ostidan anhorlar oqib turgan jannat bor” (Buruj surasi, 11-oyat). Unda daraxtlar bor. Payg'ambarimiz alayhissalom: “Jannatda bir daraxt borki, otliq kishi uning soyasida yuz yil yurib ham, undan o'tolmaydi” (Imom Termiziy rivoyati), deb marhamat qilganlar.
Ixlos bilan tutilgan har bir ro'za – ibodat, solihlarning odati, muttaqiylarning shiorlaridir. U nafsni poklovchi, xulqni go'zallashtiruvchi, taqvo madrasasi, hidoyat manzilidir.
Barchamizga nafaqat Rayyon darvozasidan, balki jannatning barcha darvozalaridan chaqirilish nasib etsin. Rayyon darvozasi hamon ochiq.
Abduqahhor YuNUSOV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi o'rinbosari
Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo musulmonlari ma’naviy hayotida, islom dini rivoji yo‘lida o‘ziga xos iz qoldirgan yirik olim va zabardast mudarrisdir.
Tavalludi va yoshlik yillari
Yusufxon to‘ra Shokirov 1926 yili Qirg‘izistonning To‘qmoq shahrida ziyoli oilada dunyoga keldi. Uning yoshlik yillari insoniyat tarixidagi eng og‘ir davrlardan biri — Ikkinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri keldi. Urushning so‘nggi pallalarida va undan keyingi tiklanish davrida jamoa xo‘jaligida traktorchi bo‘lib ishlab, mehnat qildi. Biroq oiladagi ilmiy muhit va otasi, taniqli diniy arbob Olimxon to‘radan olgan boshlang‘ich saboqlari uning qalbida ilmga bo‘lgan kuchli ishtiyoqni uyg‘otdi.
Ilm olish yo‘lida
Yusufxon to‘raning bilim olish maqsadida bosib o‘tgan yo‘li — Buxorodan Qohiragacha, madrasadan universitetgacha bo‘lgan safari yuksak iroda va matonat namunasidir.
1948–1955 yillar: Buxorodagi mashhur Mir Arab madrasasida tahsil oldi;
1955–1961 yillar: Misr Arab Respublikasidagi dunyoga mashhur Al-Azhar universitetida o‘qib, zamonaviy va islom ilmlarini egalladi;
1962–1967 yillar: Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) Sharq filologiyasi fakultetida tahsil olib, ilmiy salohiyatini kengaytirdi;
1975 yil: Moskva shahrida Arab filologiyasi yo‘nalishida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi;
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik ilmiy tekshirish institutida tadqiqot olib bordi.
Ko‘p qirrali faoliyat
Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov o‘z faoliyati davomida din-ma’rifiy soha va ta’limida samarali mehnat qildi:
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining ilk rektori (1971-1972) sifatida diniy kadrlar tayyorlashga boshchilik qildi.
1975 yildan boshlab 20 yildan ziyod vaqt davomida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazoratida Ziyouddinxon ibn Eshon Boboxon va Shamsiddinxon Boboxonov kabi muftiylar bilan birga ishlab, rais o‘ribosari lavozimida faoliyat yuritdi.
Shuningdek, Buxorodagi Mir Arab madrasasi va Toshkent islom institutida arab adabiyoti, tafsir, hadis va balog‘at fanlaridan talabalarga saboq berdi.
Ilmiy ishlari
Shogirdlar ehtiromidagi siymo
Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov 2000 yilning 28 sentyabrida 74 yoshda Toshkent shahrida vafot etdi. Janoza namozini muftiy Abdurashid qori Bahromov o‘qigan. “Minor” qabristoniga dafn etilgan.
2026 yilning yanvar oyida ulug‘ olim tavalludining 100 yillik yubileyi keng nishonlanadi. Bu sana nafaqat bir inson xotirasiga ehtirom, balki murakkab davrlarda ham islom dinining sofligini saqlab qolgan va xalqimizga ziyo ulashgan butun bir avlod xizmatlarini e’tirof etishdir. Yusufxon to‘ra kabi fidoyi zotlarning hayot yo‘li bugungi yosh avlod uchun ilmga intilish va vatanparvarlikning yuksak namunasi hisoblanadi.