Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

07.01.2022 y. Oila mustahkamligi – jamiyat farovonligi

1.01.2022   4375   18 min.
07.01.2022 y. Oila mustahkamligi – jamiyat farovonligi

 اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي خَلَقَ الْإِنْسَانَ عَلَّمَهُ الْبَيَانَ وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِنَا  الَّذِي لاَ يَنْطِقُ عَنِ الْهَوَى إِنْ هُوَ إِلاَّ وَحْيٌ يُوْحَى وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِينَ أَمَّا بَعْدُ

 

OILA MUSTAHKAMLIGI – JAMIYaT FAROVONLIGI

Hurmatli jamoat! Alloh taolo o'zining komil hikmati bilan inson zotini juft qilib yaratdi. Ularning o'rtasiga ulfatchilik va muhabbat solib, oila bo'lib yashashga rag'bat paydo qiladi. Insoniyat yaratilgandan beri Alloh taolo ularni halol yo'l bilan nasl qoldirish, erda hayotni davom ettirishga targ'ib qiladi. Hozirgacha o'tgan barcha ilohiy shariatlarda, jumladan Islom shariatida ham oila qurish uchun nikoh joriy qilinib, zino harom qilingan.

Alloh taoloning bandalariga marhamati cheksiz va U Zotning ne'matlari son-sanoqsizdir. Qur'oni karimda bu haqda shunday deyiladi:

 وَإِنْ تَعُدُّوا نِعْمَةَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ اللَّهَ لَغَفُورٌ رَحِيمٌ

ya'ni: “Agar Allohning ne'mat(lar)ini sanasangiz, sanog'iga eta olmaysiz. Haqiqatan, Alloh kechirimli va rahmlidir” (Nahl surasi 18-oyat).

Oila qurib yashash ham Alloh taoloning ulug' ne'matlaridan biridir. Qur'oni karimda Odam alayhissalomning o'zidan unga juft yaratilgani Alloh taoloning mo''jizalaridan deb sanaladi:

 وَمِنْ آيَاتِهِ أَنْ خَلَقَ لَكُمْ مِنْ أَنْفُسِكُمْ أَزْوَاجًا لِتَسْكُنُوا إِلَيْهَا وَجَعَلَ بَيْنَكُمْ مَوَدَّةً وَرَحْمَةً

إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآيَاتٍ لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ

ya'ni: “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o'zlaringizdan juftlar yaratgani va o'rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir” (Rum surasi 21-oyat).

Alloh taoloning inoyati bilan, agar munosabatlar to'g'ri yo'lga qo'yilsa, er-xotin o'rtasidagi rishta eng mustahkam aloqa bo'ladi.

Qur'oni karimda er-xotin o'rtasidagi go'zal munosabatni shunday tasvirlanadi:

 هُنَّ لِبَاسٌ لَكُمْ وَأَنْتُمْ لِبَاسٌ لَهُنَّ

ya'ni:Ularsizlaruchun libos, sizlarularuchunlibosdirsiz(Baqara surasi 187-oyat).

Boshqa oyati karimada oilasiz erkak va ayollarning valiy (yaqin)lariga ularni uylab qo'yish buyuriladi:

 وَأَنْكِحُوا الْأَيَامَى مِنْكُمْ وَالصَّالِحِينَ مِنْ عِبَادِكُمْ وَإِمَائِكُمْ إِنْ يَكُونُوا فُقَرَاءَ يُغْنِهِمُ اللَّهُ مِنْ فَضْلِهِ وَاللَّهُ وَاسِعٌ عَلِيمٌ

ya'ni: “Sizlarning orangizdagi tul (erkak va ayol)larni hamda qul va cho'rilaringizdan yaroqlilarini uylantiringiz! Agar (ular) kambag'al bo'lsalar, Alloh ularni o'z fazli bilan boyitur. Alloh (fazlu karami) keng va dono zotdir” (Nur surasi 32-oyat).

Oila qurib yashash – payg'ambarlarning sunnatidir. Jumladan Payg'ambarimiz alayhissalom ham bizni nikohlanib yashashga buyurganlar. Mazhabimizga ko'ra mo''tadil holatda nikohlanish – sunnatdir. Zero Payg'ambarimiz alayhissalom shunday marhamat qiladilar:

﴾ النِّكَاحُ من سُنَّتِي فمَنْ لمْ يَعْمَلْ بِسُنَّتِي فَليسَ مِنِّي ، و تَزَوَّجُوا ؛ فإني مُكَاثِرٌ بِكُمُ الأُمَمَ ، و مَنْ كان ذَا طَوْلٍ فَلْيَنْكِحْ  و مَنْ لمْ يَجِدْ فَعليهِ بِالصِّيامِ، فإنَّ الصَّوْمَ لهُ وِجَاءٌ﴿

ya'ni: “Nikoh mening sunnatimdir, kim sunnatimga amal qilmasa, mendan emas. Uylaninglar, men ummatlar oldida sizlarning ko'pliklaringiz bilan faxrlanaman. Ey yoshlar jamoasi! Sizlardan kim oila boqishga qodir bo'lsa, uylansin. Kim nafaqaga qodir bo'lmasa, ro'za tutishni lozim tutsin. Chunki u shahvatni jilovlashdir” (Imom Ibn Moja Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qilganlar).

Payg'ambarimiz alayhissalom nikohlanish har ikki tomonga ne'mat ekanini bayon qilib aytadilar:

﴾ مَن رَزَقَهُ اللَّهُ امرَأَةً صَالِحَةً فَقَد أَعَانَهُ عَلَى شَطرِ دِينِهِ، فَليَتَّقِ اللَّهَ فِي الشَّطرِ الثَّانِي ﴿

(أخرجه الامام الحاكم عن أنس بن مالك رضي الله عنه)

ya'ni: “Kimga Alloh taolo solih ayol nasib qilgan bo'lsa, unga dinini yarmida yordam qilibdi, ikkinchi yarmida Alloh taolodan taqvo qilsin!” (Imom Tabaroniy va Imom Hokim rivoyat qilishgan).

Soliha ayol –bolalarining tarbiyasi, erning ibodati va boshqa ishlarda juftiga eng yaxshi ko'makchidir.

Hanafiy mazhabimizda nikohlanish – ibodat uchun uzlatga chekinishdan afzaldir.

Albatta, oila o'zaro hurmat va muhabbat ustiga quriladi. Shunda er-xotin yaxshi va yomon kunlarda bir-biriga suyanchiq, hamdard va yordamchi bo'la oladi. Agar oilalar avvaldan nikoh orqasidan boylikka, obro'ga ega bo'lish va hokazo g'arazli maqsadlar bilan qurilsa, uzoqqa bormasligi aniq.

Katta orzu havaslar bilan nikohlangan yoshlarning o'rtalariga biroz vaqt o'tgach, tushunmovchilik ham bo'lib turadi. Alloh taolo bunday kishilarga tanbeh berib shunday deydi:

 وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ ۚ فَإِن كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَىٰ أَن تَكْرَهُوا شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا

ya'ni: “...Ular bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko'rsalaringiz, (bilib qo'yingki,) balkim sizlar yomon ko'rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko'pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin” (Niso surasi 19-oyat).

Alloh taolo ayollarga chiroyli muomala qilishga buyurmoqda. Fahshga yurmagan, itoatsizlik qilmagan ayolini biror sabab: (xunuklik, yomon xulqlilik) tufayli xush ko'rmagan erkaklarga oyati karimada sabrli bo'lish tavsiya qilinmoqda. Shoyadki Alloh bu oila rishtasi orqali ularga yaxshiliklar, xususan solih farzandlar ato etsa. Bu borada Payg'ambarimiz alahissalom shunday deydilar:

 لا يَفْرَكْ مُؤْمِنٌ مُؤْمِنَةً إنْ كَرِهَ مِنْهَا خُلُقاً رَضِيَ مِنْهَا آخَرَ   (رواه الامام مسلم عن أَبي هريرة رضي الله عنه) ﴿

ya'ni: “Mo'min mo'minani yomon ko'rmasin, agar uning bir xulqini xush ko'rmasa, boshqasidan rozi bo'ladi” (Imom Muslim rivoyatlari).

Haqiqatan ham mukammal er yoki mukammal xotinni topish amri mahol ish. Chunki hammada ham ozmi-ko'pmi kamchilik bo'ladi. Beayb Parvardigor! Er ayolining mana shunday kamchiliklarini uning yaxshiliklari evaziga kechirishi, ba'zilaridan ko'z yumishi lozimdir.

Shayx Abu Muhammad ibn Abu Zayd ilm va diyonatda yuqori martabali kishi edilar. U zotning yomon xulqli jufti bo'lib, haq huquqlarga rioya qilmas, shayxga tili bilan aziyat berardi. U zotni bunday xotinga sabri uchun odamlar malomat qilishardi. U kishi: “Haqiqatda, Alloh taolo menga salomatlik, ilm va mulk ne'matlarini komil qilib bergan. Balki u bir gunohim sababli menga nasib qilgandir, undan ajrashsam, yanada kattaroq sinov kelishidan qo'rqaman”, –deganlar (Tafsiri Tabariy kitobidan).

Oila mustahkam bo'lishining eng muhim asosi – er-xotin o'z huquq va majburiyatlariga rioya qilishlaridir. Erning oiladagi vazifalari haqida Payg'ambarimiz alayhissalomdan so'ralganda shunday deydilar:

﴾ أن تُطْعِمَها إذا طَعِمْتَ ، وتَكْسُوها إذا اِكتسَيتَ ، ولا تَضْرِبِ الوَجْهَ ، ولاَ تُقَبِّحْ ﴿

(رواه الامام أبو داود عن حكيم بن معاوية رضي الله عنه)

ya'ni: “O'zingiz taomlansangiz, uni ham taomlantirasiz, kiyinsangiz, kiyintirasiz, yuzga urmang! Haqorat qilmang!” (Imom Abu Dovud rivoyat qilganlar).

Buyuk sahoba Ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar: “Ayolim men uchun bezangani kabi, men ham u uchun ko'rkam bo'lishni xush ko'raman”.

Payg'ambarimiz alayhissalomdan alayhissalom risoladagi kelin haqida esa shunday deganlar:

 إِذَا صَلَّتْ الْمَرْأَةُ خَمْسَهَا وَصَامَتْ شَهْرَهَا وَحَفِظَتْ فَرْجَهَا وَأَطَاعَتْ زَوْجَهَا قِيلَ لَهَا ادْخُلِي الْجَنَّةَ مِنْ أَيِّ أَبْوَابِ الْجَنَّةِ شِئْتَ (رواه الامام ابن حبان عن أبي هريرة رضي الله عنه) ﴿

ya'ni: “Agar ayol besh vaqt namozini o'qisa, Ramazon ro'zasini tutsa, avratini haromdan saqlasa va eriga itoat qilsa, u ayolga: “Jannatga xohlagan eshigidan kir!”, – deyiladi” (Imom Ibn Hibbon rivoyatlari).

Dinimizda nikohlanish va oilani saqlab qolishga qattiq targ'ib qilinsada, imkon bo'lmaganda oxirgi chora sifatida taloq-ajralish joriy qilingan. Ya'ni, zarurat bo'lganda, hech iloj qolmaganda, ajralish joiz, bir umr zulm ko'rib yashashga er ham, xotin ham majbur emas.

Bu o'rinda muhimi shuki, nikoh ham bir og'iz so'z bilan bog'langani kabi, uning uzilishi ham bir og'iz so'z bilan bo'ladi. Afsuski, gohida nikoh-taloq masalalaridan bexabar er-xotinlarning kelishmovchiligi erning o'rinsiz taloq aytishi bilan tugaydi.

Alloh taolo erkakka uch marta taloq qilish haqqini bergan. Albatta, bu ishda ham chegara bor. Taloqlar soni uchtaga etmasdan, erkak aqlini yig'ib olishi kerak. Gohida johil er uchta imkoniyatini birvarakayiga aytib, qayta yarashish imkoniyatini yo'qqa chiqaradi.

Alloh taolo Qur'oni karimda ayollarga go'zal muomalada bo'lishga targ'ib qilib, ularga zarar berish maqsadida ushlab turishdan qaytaradi. Bu ishni “haddan oshish” va “zulm” deb atadi. Taloq masalasi Alloh taoloning oyatlaridandir. Bu haqda oyati karimada shunday deyilgan:

 وَإِذَا طَلَّقْتُمُ النِّسَاءَ فَبَلَغْنَ أَجَلَهُنَّ فَأَمْسِكُوهُنَّ بِمَعْرُوفٍ أَوْ سَرِّحُوهُنَّ بِمَعْرُوفٍ وَلَا تُمْسِكُوهُنَّ ضِرَارًا لِتَعْتَدُوا

وَمَنْ يَفْعَلْ ذَلِكَ فَقَدْ ظَلَمَ نَفْسَهُ وَلَا تَتَّخِذُوا آَيَاتِ اللَّهِ هُزُوًا

ya'ni: “Hotinlarni taloq qilganingizda ( ular idda) muddatiga etsalar, bas, ularni yaxshilik bilan olib qolingiz yoki yaxshilik bilan javoblarini beringiz. Ularga zulm qilib, zararlantirish niyatida ushlab turmang! Kim shunday qilsa, demak, o'ziga zulm qilibdi. Allohning oyatlarini hazil bilmangiz!...” (Baqara surasi 231-oyat).

Demak, musulmon er xotinini yaxshilik bilan olib qolishi yoki (ortiq oilani saqlab qolish imkoni bo'lmasa) yaxshilik bilan javobini berishi kerak. Aks holda Alloh taoloning oyatlarini hazil bilish, engil sanash ular bilan “o'ynashish”ning oqibati yomon bo'ladi. Allohning azobi zolimlarni qattiq tutadi.

Ba'zi kishilar taloq qilish gunoh ekan, Alloh taoloning Arshi titrar ekan deb, xotiniga “taloq” lafzini aytmay, lekin o'zlari boshqaga uylanib yuraveradilar. Nohaq, hech bir sababsiz taloq qo'yish dinimizda qoralanadi. Lekin oilani saqlashni imkoni bo'lmaganda, taloq ham bir chora. Har qanday holatda taloq aytish gunoh, hech qachon taloq aytmaslik kerak, degan gap Qur'oni karimda ham, hadisi shariflarda ham, hatto ulamolarimizning so'zlarida ham uchramaydi. Aksincha, xotinni arosatda qoldirib, talog'ini bermasdan yurish gunoh bo'ladi, zulm hisoblanadi.

Ba'zilar esa xotinidan butunlay ajralmoqchi bo'lgan kishi “uch taloq” aytishi shart ekan degan mutlaqo noto'g'ri fikrda yuradilar. Aslida ajrashmoqchi bo'lgan kishi xotiniga: “Seni bir taloq qildim” deyishi ham kifoya. Birdaniga “uch taloq” aytish qattiq gunoh hisoblanadi. Chunki bunday qilish bir tomondan Alloh taolo bandaga bergan uchta imkoniyatni birdaniga yo'q qilish bo'lsa, boshqa tomondan qayta yarashish imkonini ham yo'qqa chiqaradi. Bu mavzuda quyidagi hadisi sharif rivoyat qilingan:

قَالَ مَحْمُودُ بْنُ لَبِيدٍ أُخْبِرَ رَسُولُ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم عَنْ رَجُلٍ طَلَّقَ امْرَأَتَهُ ثَلاَثَ تَطْلِيقَاتٍ جَمِيعًا فَقَامَ غَضْبَانًا ثُمَّ قَالَ: ﴿أَيُلْعَبُ بِكِتَابِ اللهِ وَأَنَا بَيْنَ أَظْهُرِكُمْ حَتَّى قَامَ رَجُلٌ وَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ أَلاَ أَقْتُلُهُ (رَوَاهُ الامام النَّسَائِيُّ)

ya'ni: “Mahmud ibn Labiyd raziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga bir kishi o'z xotinini jamlab uch taloq qo'ygani xabar qilindi. Shunda U Zot g'azablanib, o'rinlaridan turdilar-da: “Men ichingizda turib, Allohning kitobini o'yin qilinadimi?!dedilar. Hattoki bir odam o'rnidan turib: “Yo Rasululloh! Uni bo'yniga uraymi?” – deb yubordi” (Imom Nasaiy rivoyati).

  Alloh taolo oila masalalarida aksar o'rinlarda erkaklarga xitob qilgan. Bu – oilada erkakning mas'ulligiga ishora! Bu rahbarlik vazifasini suiste'mol qilib, uni ojizalarga zulm qilishga vosita qilib olmaslik kerak. Biz ham mo'min-musulmon aka-ukalarimizni dinimizning oila mavzusidagi buyruqlariga amal qilish, olijanoblik va mardlik bilan ish tutishga chaqiramiz.

Hurmatli jamoa! Hozirgi kunda soha mutaxassislari yaqin qarindoshlar o'rtasidagi nikoh ko'payotgani, bu esa ba'zi bir salbiy oqibatlarga olib kelayotganini aytmoqdalar.  Shariatimizga ko'ra aka-uka va opa-singillar o'zaro quda bo'lishlari joiz. Chunki Niso surasining 23-oyatida uylanish mumkin bo'lmagan yaqin qarindoshlar haqida batafsil bayon qilingan bo'lib, unda amaki va ammaning qizlari, tog'a va xolaning qizlari uylanish mumkin bo'lmagan qarindoshlarga kirmagan. Shariat ularga uylanishni man qilmagan.

Ammo ba'zi ulamolar qarindoshlar o'rtasidagi nikohni joiz deb bilsalarda, imkon qadar begonalardan uylanishga targ'ib qilganlar. Bularning boshida Hazrati Umar raziyallohu anhu zikr qilinadilar. Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh “At-Talxisul-habiyr” nomli kitoblarida keltirishicha, Hazrati Umar raziyallohu anhu faqat yaqin qarindoshlari bilan quda-anda bo'ladigan Bani Soibga qarata: “Nega sizlar juda nimjon va zaiflashib ketgansizlar? Bo'ldi endi, bundan keyin zaifhol bo'lmasligingiz uchun nikohda begonalardan olinglar!”, – deganlar.

Bundan tashqari  Imom Abu Homid G'azoliy rahimahulloh qarindoshlar o'rtasidagi nikohda begonalardan farqli o'laroq iymanish, tortinish va hayo kuchli bo'lishini ta'kidlaganlar. Bu esa o'rtadagi muhabbatga to'siq bo'ladigan narsadir.

Alloh taolo oilalarimizga fayzu barokat ato qilsin! Oila ahlimiz bilan chiroyli muomalada yashab o'tishni nasib qilsin! Yangidan oila qurayotgan yoshlarimizning o'rtalarini yaxshilikda jamlasin! Omin!

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi Islomda omonatdorlik, va'daga vafo fazilatimavzusida bo'ladi, inshaalloh.

 

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Samarqand shayxul islomi

9.01.2025   1105   9 min.
Samarqand shayxul islomi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bu zotning to‘liq ismi Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Abu Lays as-Samarqandiy al-Hanafiydir. Samarqandda tavallud topgandir. Samarqand o‘zining ko‘p olimlari bilan mashhur bo‘lgan hamda Samarqand ahli ilmni yaxshi ko‘rgan. Bu ma’lumotlar Najmiddin Umar ibn Muhammad Nasafiyni “Al qand fiy ulamai Samarqand” asarida keltirilgan.

Abu Lays Samarqandiy boshlang‘ich ta’limni Samarqandda olgan. So‘ng ulamolarining ko‘pligi bilan mashhur bo‘lgan Balxga ketadi. Ilmni mustahkamlab Samarqandga qaytadi. Abu Lays nafaqat Samarqand va Balx ulamolari orasida ilmiy mavqega ega, balki Hanafiy ulamolarining orasida ham o‘z mavqega egadir. Bunga bir qancha misollar dalolat qiladi:

  1. Abu Lays Samarqandiyning kitoblari ustida ko‘plab ulamolar mashg‘ulotlar, darslar va imlolar olib borgan. Masalan birgina “Uyunil masoil” kitobiga ko‘plab ulamolar sharhlar bitgan. Jumladan, Muhammad ibn Abdul Hamid as-Samarqandiy al-’ala ul-Olam, Muhammad ibn Umar ibn Arabiy al-Joriy. “Al-Muqaddimatu fis-solati” asariga Jabroil ibn Hasan ibn Usman al-Janjaviy 752-hijriy sanada, Mustafo ibn Zakariyo al-Qirmoniy 809-hijriy sanada, Hasan ibn Husayn at-Tuluniy 909-hijriy sanada, Lutfulloh an-Nasafiy al-Kaydoniy 750-hijriy sanada va boshqa ulamolar sharhlar bitgan.[1]
  2. Musannafotlar sohiblarining mashhurligi va ularning ko‘pligi.
  3. Mazhab fuqaholaridan qilgan rivoyatlariga va qavllariga ko‘pchilik as'habul mutunlarning suyanishlari.
  4. Ba’zi muhim kitoblar bilan shug‘ullanishi. Misol uchun, Abu Hanifaning “al-Fiqhul-akbar” va Muhammad ibn al-Hasanning “al-Jomi’us-sag‘ir asarlariga sharhlar bitgan.
  5. Ta’lif qilgan ilmiy yo‘nalishlarini fiqh, tafsir, aqoid va mav’izalar bo‘yicha tartibga soldi.
  6. Mazhabda tarjih as'hobidan bo‘lishligi.
  7. Tafsir, fiqh, usul (din asoslari), aqida, xutbalar, zuhd bo‘yicha ko‘plab asarlar yaratgan buyuk alloma Samarqand shayxulislomi bo‘lganligi.

 U yashagan davrda yurtimizda lug‘at, tafsir, hadis, fiqh ilmlari rivojlangan. Mana shunday ilmiy muhitda yashab ijod etgan alloma samarali meros qoldirgan. Uning “Bahr al-ulum” (“Ilmlar ummoni”), “Uyun al-masoyil” (“Masalalar sarchashmasi”), “Tanbehul-g‘ofilin” (G‘ofillarga tanbehlar”), “Bo‘ston al-orifin” (“Oriflar bo‘stoni”) kabi asarlari bizgacha yetib kelgan va nashrlar etilgan.

Allomaning tug‘ilgan yili sifatida muarrixlar hijriy 301-310 yillar orasi va 911-milodiy yilni ko‘rsatadilar. Olimning kunyasi Abu Lays, ya’ni “Laysning otasi”. “Lays” lug‘atda sher, arclon ma’nosini beradi. U zotning Lays degan farzandlari bo‘lganmi yoki “Abu Turob” singari majoziy laqabmi, noma’lum. Har holda kunya ekani aniq. Kunyasi bilan laqabi qo‘shib aytilar edi, masalan: "Faqih Abu Lays aytdi" kabi. Laqablaridan biri “al-Faqih” bo‘lib, shu laqab bilan mashhur bo‘lgan. Alloma fiqh ilmida yuksak martabaga erishgan, o‘z zamonasida unga teng keladigan olim topilmas edi.  Faqih so‘zining
oldida arab tilidagi “al” artikli qo‘shilib, uni “al-Faqih” deb atalishi ham shunga ishoratdir.

Abu Laysning o‘zi ham “al-Faqih” laqabini yaxshi ko‘rar edi. Chunki, rivoyatlarga qaraganda, “Tanbehul g‘ofilin” kitobini yozgan mahallarida bir kecha u kishining tushlariga Nabiy sollallohu alayhi vasallam kirib, yozgan kitoblarini tutqazib: "Yo Faqih! Kitobingni ol!” deydilar. Uyg‘onganlarida kitoblarida Payg‘ambarimiz alayhissalom muborak qo‘llarini, izlarini ko‘radilar. Shundan keyin “Faqih” degan nomni yaxshi ko‘rdi va u tufayli ko‘p barokatlarga noil bo‘ladi. Ikkinchi unvoni “Imomul-huda”. Bu laqab bilan yana bir buyuk alloma Abu Mansur al-Moturidiy ham atalgan.

Abu Laysning vafoti haqida ham muarrixlar turli sanalarni ko‘rsatadilar. Dovudiy o‘zining “Tabaqot al-Mufassirin” kitobida 393-hijriy yilning jumod al-oxir oyining seshanba 11-kechasida vafot etgan, degan. “Javohir al-mo‘zi’a” asarida 373-seshanba kechasida, “Kashf az-zunun” asarida 376, yoki 383, yoki 375-hijriy yilda vafot etgan deyiladi. Arab merosi tarixida 373, yoki 375, yoki 393-hijriy vafot etgan deyilgan.

Ya’ni, alloma 985 va 1003-milodiy yillar orasida vafot etgan. Manbalarda uning oilasi haqida hech narsa yozib qoldirilmagan. Abu Lays Samarqandiy Samarqandda shayxul-islom darajasiga ko‘tarilgan. Lekin uning rasman qozi bo‘lgani haqidagi ma’lumot manbalarda kuzatilmaydi. U o‘z  davrida eng zaruriy ilm – fiqhni egallagani bois, fatvolar aytishga loyiq bo‘lgan va uning fatvo hamda hikmatli so‘zlari kishilar orasida tarqalgan. Jumladan, Salohiddin Nohiy uning fiqhiy asarlari matni tuzilishiga ko‘ra o‘z tadqiqotida allomani madrasalarda mudarrislik qilganini taxmin qiladi. Shuningdek, Abu Lays tafsirida hadislar, rivoyatlar, qiroatlar, lug‘aviy manbalarga alohida ahamiyat berilishi ham uning mudarrislik qilganini tasdiqlashi mumkin.  Abu Lays Samarqandiy ilmiy salohiyatining shakllanishida avvalo olim oilasida tavallud topgani ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, keyinchalik Balx, Samarqand va Buxoro kabi muhim ilmiy mavqega ega bo‘lgan shaharlar olimlarining ta’lim-tarbiyalari sezilarli bo‘lgan. Abu Lays Samarqandiy Balxlik olimlarning Samarqandga kelishi, u yerga safar qilish munosabati bilan ilm o‘rgangan bo‘lsa, ayrim hollarda ularning asarlarini mutolaa qilish va o‘rganish orqali ularni o‘zining ustozi deb hisoblagan.

Abu Lays Samarqandiy shakllangan ilmiy muhit asosan hanafiy  mazhabi olimlari ta’sirida bo‘lgan. Ko‘pchilik tarojum asarlarida Abu Lays Samarqandiyning ikki yoki uch ustozi zikr etiladi xolos. Bunga sabab balki olimga ko‘proq tahsil bergan ustozini zikr etish bilan kifoyalanish bo‘lsa kerak. Uning asarlarida o‘z davridagi ko‘plab olimlarning so‘zlari, rivoyatlari keltirilgan. Olim ularni o‘z asarlarida zikr etgan. Tadqiqot doirasida Abu Lays Samarqandiyning 24 ustozi aniqlandi. Tafsirida 20 ustozi, “Tanbih-l-g‘ofilin”da 4 ustozi zikr etilgan. Olimning barcha ustozlari hanafiy mazhabi ulamolari bo‘lib, ularning ko‘pchiliklarining silsilasi Nu’mon ibn Sobit Abu Hanifa, Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasanga borib taqaladi. Bu ustozlarning ba’zilari haqidagi ma’lumotlar tarojum asarlarida zikr etilgan. Muhammad ibn Fazl Buxoro va Samarqandga kelgani va Samarqandda vafot etgani, Xalil ibn Ahmad Farg‘ona qozisi bo‘lgani va shu yerda yoki Samarqandda vafot etgani, Abu Ja’farning Buxoro va Samarqandga kelgani va Buxoroda vafot etgani haqidagi ma’lumotlar ularning Samarqand ilmiy muhiti bilan bog‘likligini ko‘rsatadi. Ular o‘z zamonlarining yetuk olimlari bo‘lib, Abu Lays Samarqandiyga ustozlik  qilganlar Abu Lays Samarqandiy tafsirining O‘zRFA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan nusxasining birinchi varag‘ida shunday ma’lumot mavjud: “Abul-Mahomid Muhammad ibn Ibrohim ibn Anush Hasiyriy “Hodiy Hasiyriy” asarining oxirgi qism ikkinchi – “Fatvo berishda ehtiyot qilish” nomli faslida  shunday yozadi: 258/872 sanada vafot  etgan Samarqand hofizi faqih Abu Lays: “Samarqandda 40 yil fatvo berdim, ushbu 40 yilda faqat ilgari o‘tgan ulamolarning so‘zlariga tayandim. Mening kitobimdan qiyomat kuni g‘iybatdan biror narsa chiqmaydi. O‘ng qo‘limni chap qo‘limdan ajratganimdan buyon yolg‘on gapirmadim, hech kimga qushning boshini suvga solib ko‘targanda boshida qolgan suvchalik yomonlik istamadim”, degan.

“Abu Lays fozil, taqvodor, buyuk imom bo‘lib, yuz ming hadisni yod bilgan. Vaki’, Muhammad ibn Hasan, Ibn Muborak, Abu Yusuf va boshqa olimlar kitoblarini mutolaa qilar edi. Uning ko‘plab asarlari bor”.

Barcha manbalarda Abu Lays Nasr ibn Sayyor hofiz, Nasr ibn Muhammad esa faqih deb atalgan. Yuqoridagi ma’lumotda Abul-Lays Nasr ibn Muhammad bilan hofiz Abu Lays Nasr ibn Sayyor ibn Fath haqidagi ma’lumotlar chalkashtirib yuborilgan. Shuningdek, ko‘rsatilgan vafot yili ham hofiz Abul-Lays vafot etgan yiliga yaqinroq keladi.  Shu kabi ushbu ikki allomani adashtirish hollari manbalarda  uchraydi.

Jumladan, u ikkisini bir olim deb ko‘rsatilgan o‘rinlar ham mavjud. Faqih Abu Lays Samarqandiyning Muhammad Shayboniyning kitobi bilan tanishganligi, o‘z ijodida Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasan Shayboniy, Vaki’, Ibn Muboraklarning silsilalar orqali rivoyatlarini ko‘p keltirganligi sababli bu ma’lumotlar Abu Lays Nasr ibn Muhammadga tegishli deb hisoblash mumkin. U o‘zining tafsirida Muhammad ibn Hasan “As-Siyar al-Kabir” asaridan ma’lumot keltiradi.

Tug‘ilgan joyi Samarqanddir. “Bahr al-ulum” tafsirining kirish qismida u shahar haqida bunday deyiladi: “Arablar uni Siron ham deydilar. Safd vodiysining janubida joylashgan bu joy iqlimi yaxshi va katta shahardir”. Bir shoir  bu yer haqida shunday degan edi:

Insonlar uchun oxiratda jannat bordur,
Bu dunyoning jannati Samarqanddur.

Bu shahar tolibi ilmlar maskani bo‘lgan. Bu yerga ulamo-yu fuqaholar, tasavvuf ahllari safar qilar edilar. Shuning uchun bu yer boshqa yurtlar ichida muhim ilmiy o‘rin egallab turar edi, chunki Abu Lays Samarqandiy qatorida u kishining olimlardan bo‘lgan sheriklari va do‘stlari ham ko‘p edi.

TII talabasi Mirzaqosim Saidmirzayev

[1] Tarixi at-turas al-arabiy. 1-jild, 3-juz, 107 va undan keyingi sahifalar.