Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa beadad hamdu sanolar, Hazrati Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga
behisob salavotu salomlarimiz bo'lsin.
Tinchlik buyuk ne'mat, inson hayotining birlamchi sharti. Shuning uchun ham qadimdan barcha xalqlar tinchlikni asrash uchun moli-yu joni bilan kurashib kelgan. Ammo voqelik tinchlikni ko'plab mamlakatlar uchun hali hanuz orzu bo'lib qolayotganini ko'rsatmoqda. Hozirda mamlakatlar osoyishtaligiga raxna soluvchi omillar turlicha, davlatlar o'rtasidagi nizoli vaziyatlar, milliy va etnik qarama-qashiliklar va hakozo.
Bugungi kunda dunyoning ayrim davlatlari amalga oshirayotgan turli niqoblar ostidagi zo'ravonlik, qo'poruvchilik va bosqinchilikka asoslangan hatti-harakatlar hech bir me'yorga to'g'ri kelmaydi. Davlatlar va xalqlar o'rtasidagi o'zaro munosabatlarning umume'tirof etilgan umuminsoniy qoidalar va xalqaro huquqiy normalar asosida tashkil etilishi tinchlik va barqarorlikning eng muhim shartidir.
Bugungi tahlikali davrdagi shunday holatlar har bir aqli raso kishidan doimo ogohlik va xushyorlikni, sodir bo'layotgan hodisalarga ziyrak ko'z bilan qarashni talab etadi.
Tinchlik, omonlik va xotirjamlik shunchalik ulug' ne'matki, uning qadrini faqatgina shu ne'matdan, Hudo saqlasinki, mahrum bo'lganlargina to'liq anglaydi.
Kim o'lur holatga etsa, ul bilur jon qadrini.
Yo'qsa, shinam ko'chalarda bamaylixotir yurish qayoqda? Ona-Vatan bo'ylab hatto yarim kechada bo'ladimi, o'z qishlog'idami, yurtining xohlagan go'shasida bo'ladimi hadiksiz yurish qayoqda edi?
Bu bebaho ne'matning ulug'ligidanki, hazrat Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam hadisi shariflarida qayta-qayta ta'kidlaganlar. Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sallalohu alayhi va sallamning huzurlariga bir kishi kelib:
‒ Ey, Allohning Rasuli, duolarning qay biri afzalroq? – deb so'radi.
– Parvardigoringdan dunyo va oxiratda afv va ofiyat(tinchlik, xotirjamlik)ni so'ra, – javob berdilar janob Sarvari koinot sallalohu alayhi va sallam.
Ikkinchi kuni kelib yana:
– Ey, Allohning Rasuli, duolarning qay biri afzalroq? – deb so'radi.
– Parvardigoringdan dunyo va oxiratda afv va ofiyat(tinchlik, xotirjamlik)ni so'ra, – javob berdilar yana.
Uchinchi kuni kelib yana:
– Ey, Allohning payg'ambari, duolarning qay biri afzalroq? – deb so'radi.
– Parvardigoringdan dunyo va oxiratda afv va ofiyat(tinchlik, xotirjamlik)ni so'rayver. Bas qachonki senga dunyo va oxiratda afv va ofiyat berilsa, batahqiq najot topibsan – javob berdilar janob Sarvari koinot sallalohu alayhi va sallam (Imom Termiziy rivoyati).
Shu kunlarda O'zbekiston musulmonlari idorasi Sharqiy Quddusdagi mo'min-musulmonlar uchun eng tabarruk mintaqada notinchliklar davom etayotganidan jiddiy tashvishdadir.
Jahon hamjamiyati Falastin-Isroil muammosini xalqaro huquq normalariga muvofiq, tinch yo'l bilan hal etilishi zarurligini bot-bot ta'kidlamoqda. Zero, Islom dini – avvalo, tinchlik va do'stlikka, ahillik va birdamlikka hamda bag'rikenglikka da'vat etadi.
Al-Aqso masjidi Islom dini manbalarida keltirilgan uch muqaddas masjiddan biridir. Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: “Ulovlar faqat uchta masjid tomongagina jihozlanadi: Masjidi Harom, mening ushbu masjidim va Masjidi Aqso”.
Quddus shahrida joylashgan muqaddas makon – Masjidi Aqso yoxud Baytul Maqdis Makkadagi Masjidul Haromdan keyin qurilgan eng qadimgi masjid. Ushbu tabarruk maskanlar mo'min-musulmonlar uchun doimo azizu mukarramdir.
Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozni avval Masjidul Aqso tomonga yuzlanib o'qidilar. O'n uch yillik Makka davri to'liq shunday o'tdi. Madina shahriga hijrat qilganlaridan keyin ham mazkur masjid qiblalikda davom etdi. Faqat o'n olti oy o'tibgina qibla Makka shahridagi Haram tomon o'zgardi.
Manbalarda qayd etilishiga ko'ra, uni Odam alayhissalom barpo etgan. Zamonlar o'tib esa Ibrohim alayhissalom uni qayta tiklagan. Keyin Ishoq va Yoqub alayhissalomlar unga mas'ul bo'ldilar. So'ng Sulaymon alayhissalom tomonidan masjid yangidan qad rostlab hozirgi ko'rinishga keldi.
Isro kechasi Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Makka shahridan Quddusga – Aqso masjidiga sayr ettirdi. Bu haqida: “O'z bandasini tunda Masjidi Haromdan atrofini barakotli qilib qo'yganimiz Masjidi Aqsoga oyatlarimizni unga ko'rsatish uchun sayr ettirgan Zot (o'ziga noloyiq sifatlardan) pokdir” (Isro, 1).
Isro kechasi Nabiy alayhissalom Makkadagi Masjidi Haromdan chiqib, farishta Jabroil alayhissalom bilan Quddus shahriga bordilar. Masjidi Aqsoda barcha payg'ambarlarga imomlik qilib namoz o'qib berdilar.
Demak, Masjidul Aqso Islom dinining shior makonlaridan biri, ikki qiblaning birinchisi, uchta asosiy masjidlar sirasidan, musulmonlarga tegishli muborak maskan. O'z navbatida ushbu mintaqada boshqa din vakillari uchun ham tabarruk hisoblangan ziyoratgohlar mavjud. Shunday ekan mintaqada zo'ravonlik, jabru sitamga chek qo'yilishi hamda bundan buyon shafqatsizlik va qon to'kilishiga yo'l qo'ymaslik juda ham muhim hisoblanadi.
Zero, Islom dini insonlarga ozor berishdan qaytaradi. Nafaqat inson zotiga, balki, chumoliga ham ozor berish, hattoki, aziyat beruvchi biror so'z aytishdan ham qaytaradi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi hozirgi qaltis vaziyatda davlatlar, millatlar va elatlar o'rtasidagi nizolarni tinch yo'l bilan hal etish eng to'g'ri yo'l, deb hisoblaydi. Ayni vaqtda, mo'min-musulmonlarni mavjud voqelikni Quddusdagi vaziyat bilan bog'lagan holda noo'rin bahs-munozaralar, ixtilof va tushunmovchiliklar keltirib chiqarishga, noto'g'ri xatti-harakatlarga da'vat qilayotgan fitnalardan ehtiyot bo'lishga chaqiramiz.
Ta'kidlash joizki, Sharqiy Quddusdagi notinch vaziyat barchamizning dillarimizni og'ritdi, ruhoniyatimizni mahzun qildi. Bunday paytlarda mo'minning mo'mindagi haqqi duo qilishdir. Zero, duo najot va qalqondir. Yaratgan Parvardigordan iltijo qilib so'raymizki, butun dunyo, xususan musulmon olamida tinchlik va ofiyatni barqaror etsin, Yer yuzidagi barcha mo'min-musulmonlarga omonlik, nusrat va qalblariga sakinat ato etsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Qadrli vatandoshlar!
Avvalo, siz, azizlarni, butun xalqimizni yurtimizga mehr-oqibat, xayru saxovat va shukronalik timsoli bo‘lgan muqaddas Ramazon oyining kirib kelishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Albatta, ushbu qutlug‘ ayyomda barchamizni Ramazoni sharifga mana shunday sog‘-omon, birlik va hamjihatlikda yetkazgani uchun Parvardigori olamga cheksiz shukronalar aytamiz.
El-yurtimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotida alohida o‘rin tutadigan, insonni ezgu va savob ishlarga da’vat etadigan ushbu oyni munosib tarzda o‘tkazish maqsadida bu yil ham mamlakatimizda katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, mahalla va uy-joylar, masjid va madrasalarni obod qilish, keksa, nogiron va yordamga muhtoj shaxslarning holidan xabar olish, qo‘shnilar, yaqin qarindoshlarga mehr va e’tibor ko‘rsatish, ibodat va iftor marosimlarini tartibli o‘tkazishga xonadon va mahalla ahllari, jamoatchilik vakillari tarafidan alohida ahamiyat berilmoqda.
Bularning barchasi bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini, insonparvarlik tamoyillarini mustahkamlash, yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qilishi tabiiy, albatta.
Ramazon oyining ulug‘ fazilatlari, axloqiy-ma’naviy ahamiyati aynan ana shunday olijanob ishlarda yaqqol namoyon bo‘ladi, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Bu haqda so‘z yuritganda, keyingi yillarda inson qadrini, har bir fuqaroning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy adolat O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, shu asosda amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlarimiz xalqimiz hayotini tubdan o‘zgartirayotganini ta’kidlash o‘rinlidir.
Joriy yilni mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilganimiz va bu borada tegishli amaliy ishlarni boshlab yuborganimiz zamirida ham ana shunday buyuk intilishlar mujassamdir.
Jamiyatni yuksaltirish asosi mahalladir. Chunki mahallada o‘sish va o‘zgarish bo‘lsa, butun jamiyat rivojlanadi. Mahallalarimizning yutug‘i va farovonligi pirovard natijada butun jamiyatning yutug‘i va farovonligi sifatida namoyon bo‘ladi.
Aziz do‘stlar!
Qutlug‘ zaminimiz uzra Alloh taoloning marhamati yog‘ilib turgan mana shunday saodatli kunlarda ajdodlar xotirasini, ularning
ezgu ishlari, xayrli amallarini eslash va davom ettirish barchamiz uchun ham qarz, ham farzdir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda islom dini va madaniyati ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning muqaddas qadamjolarini obod qilish, ilmiy merosini tiklash va o‘rganish, xalqimiz, ayniqsa yoshlarimiz o‘rtasida targ‘ib etish bo‘yicha ko‘pgina ishlarni amalga oshirayotganimiz sizlarga yaxshi ma’lum, albatta.
Ulug‘ ajdodlarimizning shonli an’analariga sadoqat bilan yashab kelayotgan xalqimizning azmu shijoati bilan noyob me’moriy loyihalar asosida Toshkent shahrida – Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda esa buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy majmuasini bunyod etish ishlari yakuniga yetkazilganini faxr bilan aytib o‘tmoqchiman.
Ramazoni sharif kunlarida muhtaram ulamolarimiz, ilm-fan va ijod ahli, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ana shu tabarruk maskanlarda buyuk aziz-avliyo va allomalarimiz xotirasiga ehson dasturxonlari yozib, bu muqaddas ziyoratgohlar eshiklarini xalqimiz uchun keng ochishni reja qilganmiz va bu ishlarni albatta amalga oshiramiz.
Afsuski, hozirgi vaqtda jahonning turli mintaqalarida urush va janjallar davom etmoqda. Pok niyatlar qabul bo‘ladigan ushbu muborak ayyomda nizo va adovatlar barham topib, tinchlik, o‘zaro ishonch va hamkorlik aloqalari qaror topishini chin dildan istab qolamiz.
Fursatdan foydalanib, uzoq va yaqin mamlakatlardagi vatandoshlarimizga, butun musulmon ummatiga ham samimiy tabrik va tilaklarimizni yo‘llaymiz.
Muhtaram yurtdoshlar!
Sizlarni ezgulik, mehr-muruvvat va baraka oyi – mohi Ramazonning boshlanishi bilan yana bir bor tabriklayman.
Ushbu shukuhli kunlarda barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik tilayman.
Ro‘za kunlarida qilinadigan barcha ibodatlar, ezgu niyat va amallar ijobat bo‘lsin!
Xalqimizni, Vatanimizni Yaratganning o‘zi panohida asrasin!
Ramazon oyi barchamizga muborak bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti