Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa beadad hamdu sanolar, Hazrati Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga
behisob salavotu salomlarimiz bo'lsin.
Tinchlik buyuk ne'mat, inson hayotining birlamchi sharti. Shuning uchun ham qadimdan barcha xalqlar tinchlikni asrash uchun moli-yu joni bilan kurashib kelgan. Ammo voqelik tinchlikni ko'plab mamlakatlar uchun hali hanuz orzu bo'lib qolayotganini ko'rsatmoqda. Hozirda mamlakatlar osoyishtaligiga raxna soluvchi omillar turlicha, davlatlar o'rtasidagi nizoli vaziyatlar, milliy va etnik qarama-qashiliklar va hakozo.
Bugungi kunda dunyoning ayrim davlatlari amalga oshirayotgan turli niqoblar ostidagi zo'ravonlik, qo'poruvchilik va bosqinchilikka asoslangan hatti-harakatlar hech bir me'yorga to'g'ri kelmaydi. Davlatlar va xalqlar o'rtasidagi o'zaro munosabatlarning umume'tirof etilgan umuminsoniy qoidalar va xalqaro huquqiy normalar asosida tashkil etilishi tinchlik va barqarorlikning eng muhim shartidir.
Bugungi tahlikali davrdagi shunday holatlar har bir aqli raso kishidan doimo ogohlik va xushyorlikni, sodir bo'layotgan hodisalarga ziyrak ko'z bilan qarashni talab etadi.
Tinchlik, omonlik va xotirjamlik shunchalik ulug' ne'matki, uning qadrini faqatgina shu ne'matdan, Hudo saqlasinki, mahrum bo'lganlargina to'liq anglaydi.
Kim o'lur holatga etsa, ul bilur jon qadrini.
Yo'qsa, shinam ko'chalarda bamaylixotir yurish qayoqda? Ona-Vatan bo'ylab hatto yarim kechada bo'ladimi, o'z qishlog'idami, yurtining xohlagan go'shasida bo'ladimi hadiksiz yurish qayoqda edi?
Bu bebaho ne'matning ulug'ligidanki, hazrat Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam hadisi shariflarida qayta-qayta ta'kidlaganlar. Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sallalohu alayhi va sallamning huzurlariga bir kishi kelib:
‒ Ey, Allohning Rasuli, duolarning qay biri afzalroq? – deb so'radi.
– Parvardigoringdan dunyo va oxiratda afv va ofiyat(tinchlik, xotirjamlik)ni so'ra, – javob berdilar janob Sarvari koinot sallalohu alayhi va sallam.
Ikkinchi kuni kelib yana:
– Ey, Allohning Rasuli, duolarning qay biri afzalroq? – deb so'radi.
– Parvardigoringdan dunyo va oxiratda afv va ofiyat(tinchlik, xotirjamlik)ni so'ra, – javob berdilar yana.
Uchinchi kuni kelib yana:
– Ey, Allohning payg'ambari, duolarning qay biri afzalroq? – deb so'radi.
– Parvardigoringdan dunyo va oxiratda afv va ofiyat(tinchlik, xotirjamlik)ni so'rayver. Bas qachonki senga dunyo va oxiratda afv va ofiyat berilsa, batahqiq najot topibsan – javob berdilar janob Sarvari koinot sallalohu alayhi va sallam (Imom Termiziy rivoyati).
Shu kunlarda O'zbekiston musulmonlari idorasi Sharqiy Quddusdagi mo'min-musulmonlar uchun eng tabarruk mintaqada notinchliklar davom etayotganidan jiddiy tashvishdadir.
Jahon hamjamiyati Falastin-Isroil muammosini xalqaro huquq normalariga muvofiq, tinch yo'l bilan hal etilishi zarurligini bot-bot ta'kidlamoqda. Zero, Islom dini – avvalo, tinchlik va do'stlikka, ahillik va birdamlikka hamda bag'rikenglikka da'vat etadi.
Al-Aqso masjidi Islom dini manbalarida keltirilgan uch muqaddas masjiddan biridir. Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: “Ulovlar faqat uchta masjid tomongagina jihozlanadi: Masjidi Harom, mening ushbu masjidim va Masjidi Aqso”.
Quddus shahrida joylashgan muqaddas makon – Masjidi Aqso yoxud Baytul Maqdis Makkadagi Masjidul Haromdan keyin qurilgan eng qadimgi masjid. Ushbu tabarruk maskanlar mo'min-musulmonlar uchun doimo azizu mukarramdir.
Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozni avval Masjidul Aqso tomonga yuzlanib o'qidilar. O'n uch yillik Makka davri to'liq shunday o'tdi. Madina shahriga hijrat qilganlaridan keyin ham mazkur masjid qiblalikda davom etdi. Faqat o'n olti oy o'tibgina qibla Makka shahridagi Haram tomon o'zgardi.
Manbalarda qayd etilishiga ko'ra, uni Odam alayhissalom barpo etgan. Zamonlar o'tib esa Ibrohim alayhissalom uni qayta tiklagan. Keyin Ishoq va Yoqub alayhissalomlar unga mas'ul bo'ldilar. So'ng Sulaymon alayhissalom tomonidan masjid yangidan qad rostlab hozirgi ko'rinishga keldi.
Isro kechasi Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Makka shahridan Quddusga – Aqso masjidiga sayr ettirdi. Bu haqida: “O'z bandasini tunda Masjidi Haromdan atrofini barakotli qilib qo'yganimiz Masjidi Aqsoga oyatlarimizni unga ko'rsatish uchun sayr ettirgan Zot (o'ziga noloyiq sifatlardan) pokdir” (Isro, 1).
Isro kechasi Nabiy alayhissalom Makkadagi Masjidi Haromdan chiqib, farishta Jabroil alayhissalom bilan Quddus shahriga bordilar. Masjidi Aqsoda barcha payg'ambarlarga imomlik qilib namoz o'qib berdilar.
Demak, Masjidul Aqso Islom dinining shior makonlaridan biri, ikki qiblaning birinchisi, uchta asosiy masjidlar sirasidan, musulmonlarga tegishli muborak maskan. O'z navbatida ushbu mintaqada boshqa din vakillari uchun ham tabarruk hisoblangan ziyoratgohlar mavjud. Shunday ekan mintaqada zo'ravonlik, jabru sitamga chek qo'yilishi hamda bundan buyon shafqatsizlik va qon to'kilishiga yo'l qo'ymaslik juda ham muhim hisoblanadi.
Zero, Islom dini insonlarga ozor berishdan qaytaradi. Nafaqat inson zotiga, balki, chumoliga ham ozor berish, hattoki, aziyat beruvchi biror so'z aytishdan ham qaytaradi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi hozirgi qaltis vaziyatda davlatlar, millatlar va elatlar o'rtasidagi nizolarni tinch yo'l bilan hal etish eng to'g'ri yo'l, deb hisoblaydi. Ayni vaqtda, mo'min-musulmonlarni mavjud voqelikni Quddusdagi vaziyat bilan bog'lagan holda noo'rin bahs-munozaralar, ixtilof va tushunmovchiliklar keltirib chiqarishga, noto'g'ri xatti-harakatlarga da'vat qilayotgan fitnalardan ehtiyot bo'lishga chaqiramiz.
Ta'kidlash joizki, Sharqiy Quddusdagi notinch vaziyat barchamizning dillarimizni og'ritdi, ruhoniyatimizni mahzun qildi. Bunday paytlarda mo'minning mo'mindagi haqqi duo qilishdir. Zero, duo najot va qalqondir. Yaratgan Parvardigordan iltijo qilib so'raymizki, butun dunyo, xususan musulmon olamida tinchlik va ofiyatni barqaror etsin, Yer yuzidagi barcha mo'min-musulmonlarga omonlik, nusrat va qalblariga sakinat ato etsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qur’oni karimning birinchi surasi Fotiha bo‘lib, u Makkada nozil bo‘lgan. Suraning o‘nga yaqin nomlari bor. Ulardan mashhuri – “Fotiha” (Ochuvchi)dir. Kalomulloh ushbu sura bilan boshlangani sababli shunday nom berilgan. Sura yetti oyat, yigirma yetti so‘z va bir yuz qirq harfdan iborat bo‘lsa-da, Islom dini asoslarini o‘zida jamlagan, ya’ni butun Qur’oni karimning ma’nosini o‘z ichiga olgan. Shu sabab ushbu sura “Ummul Qur’on”, “Ummul Kitob”, ya’ni “Qur’onning onasi” nomlari bilan ham ataladi.
Hijratdan keyin Madinada, qibla o‘zgarganda takroran nozil bo‘lgani sababli bu suraning yana bir nomi “As-sab’ul masoniy”, ya’ni “yetti takrorlanuvchi”dir. Bu haqda Qur’oni karimda Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga xitob qilib: «(Ey Muhammad alayhissalom), darhahihat, Biz Sizga yetti takrorlanuvchini (ya’ni, yetti oyatdan iborat bo‘lgan, namozning har bir rakatida takrorlanadigan Fotiha surasini) va Ulug‘ Qur’onni ato etdik», deydi (Hijr surasi, 87-oyat).
Ba’zi ulamolar bu sura avval Makkada, so‘ng Madinada ikki marta nozil bo‘lgan, shu bois takrorlanuvchi degan nomga ega, deydilar. Shuningdek, namozning har bir rakatida Fotiha surasi o‘qiladi.
Qur’oni karimda Allohga hamd bilan boshlanuvchi besh sura bo‘lib, ulardan birinchisi Fotihadir.
Sura haqida hadislar
«Fotiha surasi Qur’onning onasidir, u Kitobni Ochguvchidir, u yetti takrorlanguvchidir»;
«Mening jonim tasarrufida bo‘lgan Zotga qasam, Tavrotda ham, Injilda ham, Zaburda ham, Furqonda (Qur’onda) ham bunga o‘xshash tushirilmagan. U yetti takrorlanuvchidir. U menga berilgan Qur’oni azimdir» (Imom Termiziy rivoyati);
«Qur’oni karimning barcha suralari ichida eng ulug‘i Fotihadir» (Imom Buxoriy rivoyati);
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Jabroil Nabiy sollallohu alayhi va sallamning huzurlarida o‘tirgan edi. Yuqoridan g‘ichirlagan ovoz eshitildi. Jabroil osmonga qaradi-da: «Mana bu osmonning eshiklaridan biri hech ochilmagan edi, bugun ochildi. Undan bir farishta tushdi. Bu farishta bugundan boshqa hech yerga tushmagan edi». U salom berdi va:
«Suyunchi! Sendan avvalgi Nabiylarga berilmagan ikki nur Senga berildi, Fotiha surasi va Bahara surasining oxiri. Ulardan o‘qigan har bir harfingga (savob va javob) beriladi», dedi (Imom Muslim rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi qudsiyda Alloh taolo aytadi: «Namozni O‘zim bilan bandam orasida ikkiga bo‘lganman, bandam nimani so‘rasa beraman. Agar u (banda): “Alhamdu lillahi robbil ’alamin” desa, Alloh:
– Bandam menga hamd-shukr aytdi, – deydi. Banda:
– Bu men bilan bandam orasidagi narsa, bandam nimani so‘rasa, beraman, – deydi. Agar banda:
– Ihdinas sirotol mustaqiym, sirotollaziyna an’amta ’alayhim g‘oyril mag‘zubi alayhim valaz zoolliyn, – desa, Alloh:
– Bu bandamga xos, so‘raganini berdim, – deydi» (Imom Nasoiy rivoyati).
Sura haqida ulamolar fikrlari
«Ushbu surada Alloh taologa hamd, Unga ibodat, amri ma’ruf va nahyi munkar, va’d va va’idlar zikr qilingan bo‘lib, ular Qur’ondagi barcha oyatlar ma’nosini ifodalaydi» (Mahmud Zamaxshariy, “Kashshof”).
«Alloh taolo avvalgi kitoblar ilmini Qur’onda jamlagan. Qur’on ilmini Mufassalda jamlagan. Mufassal ilmini Fotihada jamlagan. Kim Fotiha surasi tafsirini o‘rgansa, nozil etilgan barcha (samoviy) kitoblar mazmunidan xabardor bo‘ladi» (Hasan Basriy rahmatullohi alayh).
Sura xosiyatlari
Mufassirlar Fotiha surasini o‘qishda insonga ko‘rinadigan va ko‘rinmaydigan mingta xosiyat bor, deyishadi. Ulardan ayrimlari “Fatavoi sufiya” kitobida bunday keltiriladi: “Kim qirq kun Bomdod namozi sunnatini o‘qiganidan keyin to farz namoziga takbir aytilgunicha qirq bir marotaba Fotiha surasini o‘qib, Alloh taolodan nimani so‘rasa, barcha duosi ijobat bo‘ladi. Agar kambag‘al bo‘lsa, Alloh taolo uni boy qiladi, kasal bo‘lsa, shifo beradi, zaif bo‘lsa, quvvatli qiladi, g‘arib bo‘lsa, Alloh uni aziz qiladi, bepusht, farzandsiz bo‘lsa, farzandli bo‘ladi, qarzdor bo‘lsa, qarzidan najot topadi”.
Fotiha surasi o‘qilgan joyga Alloh taoloning qirq yilgacha balo va ofatlari kelmaydi. Zam-zam suviga Fotiha surasi o‘qib dam solinsa, keyin u shifo umidida ichilsa, turli kasalliklarga shifo bo‘ladi.
Shuningdek, ushbu sura “Shifo” surasi deb ham atalib, u qalbdagi va tanadagi turli kasalliklarga davo bo‘ladi. “Sihohi sitta”da (olti sahih hadislar to‘plamida) Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizni – o‘ttiz otliq askarni jangga jo‘natdilar. Yo‘lda bir arab qishlog‘iga tushdik. Ulardan bizni mehmon qilishlarini so‘ragan edik, istamadilar. Shu vaqtda ularning boshliqlarini chayon chaqib olgan ekan, ular bizning oldimizga kelib: “Oralaringizda chayon chaqqaniga qarshi dam soladigan kishi bormi?” deb so‘rashdi. Men shunday duoni bilishimni aytib: “Ammo sizlar bizga haq to‘lamasangizlar men ham dam solmayman”, dedim. Ular: “Biz sizlarga o‘ttizta qo‘y beramiz”, deyishgach, men “Alhamdu” surasini yetti marta o‘qigan edim, haligi odam darddan butunlay xalos bo‘ldi. Biz qo‘ylarni olganimizdan keyin ko‘nglimizda shubha uyg‘ondi va ulardan birontasiga tegmay, Rasululloh sollollohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, bo‘lgan voqeani aytib bergan edik, u zot: “Alhamdu” – ruqiya, u bilan dam solsa shifo bo‘ladigan sura ekanini qayerdan bilding? U qo‘ylarni taqsimlab olinglar va menga ham o‘zlaringiz bilan birga bir ulush bo‘linglar”, dedilar».
Imom Ahmad va Imom Bayhahiy “Shu’abul iymon” kitobida Abdulloh ibn Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga: “Men senga Qur’onda nozil bo‘lgan eng yaxshi sura haqida xabar beraymi?” dedilar. Abdulloh: “Xabar bering, yo Rasululloh”, dedi. Nabiy alayhissalom: “U Fotiha surasidir. Unda barcha kasal uchun shifo bordir”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Fotiha surasi har qanday dardga shifodir» dedilar (Imom Dorimiy rivoyati); «Bu surani chayon chaqib olganga yetti marta o‘qib dam solinsa, inshaalloh, shifo bo‘ladi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Xulosa shuki, Fotiha surasining ulug‘ fazilatlariga to‘liq ega bo‘lish uchun, avvalo, har birimiz tajvid qoidalari asosida uni to‘g‘ri o‘qishni o‘rganishimiz, farzandlarimizga ham o‘rgatib, ularni muntazam ushbu surani o‘qib yurishiga odatlantirishimiz lozim. Fotiha surasini o‘qish Alloh taoloning g‘azabini qaytaradi. Sura o‘qilgan joyga Alloh taoloning xayri va barakasi yog‘iladi. O‘qigan inson Alloh taoloning himoyasida bo‘ladi. Surani o‘qib keyin qilingan barcha xayrli duolar mustajobdir.
Manbalar asosida
Dilshodjon MAMADALIYEV tayyorladi.