Eslatma! Sha'bon oyining 14-dan 15-ga o'tar kechasi eng fazilatli tunlardan biri Baroat kechasidir. (Milodiy hisobda 2021 yil 28 martdan 29 martga o'tar kechasiga to'g'ri keladi inshaalloh)
Baroat kechasi qaysi kunga to'g'ri keladi?
Baroat kechasi Sha'bon oyining 14-dan 15-ga o'tar kechasiga to'g'ri keladi.
Baroat so'zni qanday ma'noni anglatadi?
“Baroat” so'zi arab tilida “ozod bo'lish”, “najot topish” degan ma'nolarni anglatadi. Bu kechaning baroat, ya'ni najot topish, ozod bo'lish kechasi deya nomlanishiga sabab, unda Alloh taoloning rahmati sababli behisob insonlar do'zaxdan najot topadilar. U Sha'bon oyining o'n beshinchi kechasiga to'g'ri keladi.
Baroat kechasi qanday kecha?
Onamiz Oisha roziyallohu anho aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mendan: “Ey Oisha bu kecha qanday kecha ekanini bilasizmi?” deb so'radilar. Men: “Alloh va Uning Rasuli biluvchiroq”, dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu sha'bonning o'n beshinchi kechasidir. Alloh azza va jalla bu kecha bandalariga rahmat nazari bilan qaraydi va mag'firat so'rovchilarni mag'firat etadi, rahm so'rovchilarga rahm qiladi, dillarida musulmonlarga nisbatan gina, adovat saqlovchi kishilarni qanday bo'lsa, shunday holatda qo'yib qo'yadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Bu kechada nimalar sodir bo'ladi?
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu kechada (sha'bonning o'n beshinchi kechasida) nimalar bo'lishini bilasizmi?” dedilar.
Oisha roziyallohu anho: “Yo Allohning Rasuli, bu kechada nimalar bo'ladi?” dedilar.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U kechada Odam bolalarining bu yilda tug'iladiganlari va bu yilda vafot etadiganlari yoziladi va u kechada ularning amallari ko'tarilib, rizqlari nozil bo'ladi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Bu kecha gunohlar mag'firat qilinadi
Hazrat Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Alloh taolo Sha'bonning o'n beshinchi kechasi dunyo osmoniga (O'zining sha'niga muvofiq) tushadi va Allohga shirk keltirgan va qalbida gina, kudurat bor kishidan boshqa barchani mag'firat qiladi” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
***
Abu Muso Ash'ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Alloh taolo Sha'bonning o'n beshinchi kechasida rahmat nazari bilan qarab, shirk keltiruvchi va qalbida birorta musulmonga nisbatan gina-adovat saqlovchi kishilardan boshqa barcha maxluqlarini mag'firat qiladi” (Imom Ibn Moja, Imom Bayhaqiy rivoyati).
***
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sha'bonning o'n beshinchi kechasi Alloh taolo bandalariga rahmat nazari bilan qaraydi. Ikkita shaxsdan boshqa barchani mag'firat qiladi: biri ginachi, boshqasi nohaq odam o'ldiruvchi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Bu kecha duolar qabul bo'ladi
Usmon ibn Abul Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Qachon Sha'bonning o'n beshinchi kechasi bo'lsa, (Alloh taolo tarafidan) bir nido qiluvchi nido qiladi: “Birorta mag'firat so'rovchi bormi, Men uni mag'firat qilaman! Biror narsa so'rovchi bormi, Men unga beraman”, deydi. Shu vaqtda kim so'rasa, unga beriladi. Zinokor hotin va mushrikdan boshqa".
Bu kecha odamlar do'zaxdan ozod qilinadi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Jabroil alayhissalom mening oldimga kelib: “Bu Sha'bonning o'n beshinchi kechasidir. Alloh taolo bu kechada ko'p odamlarni do'zaxdan ozod qiladi. Ularning adadi Kalb qabilasi qo'ylarining junlaridan ham ziyoda bo'ladi. Faqat bu kechada Alloh taologa shirk keltirgan, ginachi va qarindoshlik aloqalarini uzuvchi, izorini (manmanlik bilan) to'pig'idan pastga tushirib yuruvchi, ota-onasiga oq bo'luvchi va xamr ichuvchi kishilarga rahmat nazari bilan qaramaydi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Bu kecha qanday amallarni bajarish lozim?
Hazrat Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu aytadilar: “Qachon Sha'bonning o'n beshinchi kechasi bo'lsa, uning kechasini bedor o'tkazinglar, kunduzining ro'zasini tutinglar. Alloh to tong otgunicha: “Qani, istig'for aytuvchi bormi, uni mag'firat qilaman. Qani, rizq so'rovchi bormi, unga rizq beraman. Qani, baloga uchragan bormi, unga ofiyat beraman. Qani falon, falon” deydi” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Bu kechani bedor o'tkazganga jannat vojib bo'ladi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim beshta kechani bedor o'tkazsa, jannat unga vojib bo'ladi – tarviya, arafa, qurbonlik, fitr va Sha'bonning o'n beshinchi kechalaridir”, dedilar.
Alloh taolo bu oyda xolis niyatlar ila qiladigan jamiki amallarimizni qabul etsin. O'zi duolarni ijobat etuvchi va gunohlarni mag'firat qiluvchi Zotdir.
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi Oliy va o‘rta-maxsus diniy ta’lim muassasalarida Qur’oni karim 521 marta, “Sahihul Buxoriy” 14 ta xatm qilinib, 750 mingdan ziyod istig‘for, 240 mingdan ziyod salavotlar aytildi. Yurtimizdagi masjidlarda o‘qilgan juma va istisqo namozlari ortidan ushbu xatmlar bag‘ishlandi.
Tarixga nazar tashlansa, “Qur’oni karim” xatm qilingani kabi “Sahihi Buxoriy” ham yozilganidan buyon to‘liq o‘qilib, xatm qilinib, undan baraka hosil qilingan. “Sahihi Buxoriy” to‘liq o‘qilib, xatmdan so‘ng qilingan duolar ijobati juda ko‘plab tajribalardan o‘tgan haqiqat. Ulamolar xatmni juma kuni tugatishni mo‘ljallab, bir necha kunda xatm qilib o‘tkazishgan.
“Oltin silsila”da aytilishicha, mo‘g‘ullar istilosiga qarshi masjidlarda “Sahihi Buxoriy” o‘qitilgan. Kitobning xatmi yakunlanib, oxiriga yetgan kundan boshlab mo‘g‘ul qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchray boshlagan.
Vabo tarqalish xavfi bo‘lganida, o‘latga qarshi ham “Sahihi Buxoriy” kitobi xatm qilingan.
Mag‘ribda ulamolar har rajab oyi boshlanishi bilanoq “Sahihi Buxoriy”ni o‘qishib, uni ramazonning yigirma yettinchi kechasi xatm qilishgan. Hindiston va Pokistonda esa mavlid oyida “Sahihi Buxoriy”ni o‘qib tugatish an’anasi hozir ham bor.
Shuningdek, mamlakatimiz bo‘ylab 500 ga yaqin jonliq so‘yilib, besh mingdan ziyod ehtiyojmand xonadonlarga xayr-ehsonlar tarqatildi.
Alloh taolodan yolvorib so‘raymizki, yuqorida aytib o‘tilgan Qur’oni karim va “Sahihi Buxoriy” xatmlari, qilingan qurbonliklar, aytilgan istig‘for va iltijolarni qabul etib, yurtimizga yog‘ingarchiliklarini ko‘p qilib bersin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati