Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Dekabr, 2025   |   13 Jumadul soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:08
Quyosh
07:32
Peshin
12:18
Asr
15:13
Shom
16:58
Xufton
18:16
Bismillah
04 Dekabr, 2025, 13 Jumadul soni, 1447

G'aflatda qolmang! Baroat kechasi: taqdirlar, voqea-hodisalar, qismatlar belgilanadi

16.03.2021   2824   13 min.
G'aflatda qolmang! Baroat kechasi: taqdirlar, voqea-hodisalar, qismatlar belgilanadi

Eslatma! Sha'bon oyining 14-dan 15-ga o'tar kechasi eng fazilatli tunlardan biri Baroat kechasidir. (Milodiy hisobda 2021 yil 28 martdan 29 martga o'tar kechasiga to'g'ri keladi inshaalloh)

 

Baroat kechasi qaysi kunga to'g'ri keladi?

Baroat kechasi Sha'bon oyining 14-dan 15-ga o'tar kechasiga to'g'ri keladi.

 

Baroat so'zni qanday ma'noni anglatadi?

“Baroat” so'zi arab tilida “ozod bo'lish”, “najot topish” degan ma'nolarni anglatadi. Bu kechaning baroat, ya'ni najot topish, ozod bo'lish kechasi deya nomlanishiga sabab, unda Alloh taoloning rahmati sababli behisob insonlar do'zaxdan najot topadilar. U Sha'bon oyining o'n beshinchi kechasiga to'g'ri keladi.

 

Baroat kechasi qanday kecha?

Onamiz Oisha roziyallohu anho aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mendan: “Ey Oisha bu kecha qanday kecha ekanini bilasizmi?” deb so'radilar. Men: “Alloh va Uning Rasuli biluvchiroq”, dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu sha'bonning o'n beshinchi kechasidir. Alloh azza va jalla bu kecha bandalariga rahmat nazari bilan qaraydi va mag'firat so'rovchilarni mag'firat etadi, rahm so'rovchilarga rahm qiladi, dillarida musulmonlarga nisbatan gina, adovat saqlovchi kishilarni qanday bo'lsa, shunday holatda qo'yib qo'yadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

 

Bu kechada nimalar sodir bo'ladi?

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu kechada (sha'bonning o'n beshinchi kechasida) nimalar bo'lishini bilasizmi?” dedilar.

Oisha roziyallohu anho: “Yo Allohning Rasuli, bu kechada nimalar bo'ladi?” dedilar.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U kechada Odam bolalarining bu yilda tug'iladiganlari va bu yilda vafot etadiganlari yoziladi va u kechada ularning amallari ko'tarilib, rizqlari nozil bo'ladi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati). 

 

Bu kecha gunohlar mag'firat qilinadi

Hazrat Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Alloh taolo Sha'bonning o'n beshinchi kechasi dunyo osmoniga (O'zining sha'niga muvofiq) tushadi va Allohga shirk keltirgan va qalbida gina, kudurat bor kishidan boshqa barchani mag'firat qiladi” (Imom Bayhaqiy rivoyati). 

***

Abu Muso Ash'ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Alloh taolo Sha'bonning o'n beshinchi kechasida rahmat nazari bilan qarab, shirk keltiruvchi va qalbida birorta musulmonga nisbatan gina-adovat saqlovchi kishilardan boshqa barcha maxluqlarini mag'firat qiladi” (Imom Ibn Moja, Imom Bayhaqiy rivoyati).

***

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sha'bonning o'n beshinchi kechasi Alloh taolo bandalariga rahmat nazari bilan qaraydi. Ikkita shaxsdan boshqa barchani mag'firat qiladi: biri ginachi, boshqasi nohaq odam o'ldiruvchi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati). 

 

Bu kecha duolar qabul bo'ladi

Usmon ibn Abul Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Qachon Sha'bonning o'n beshinchi kechasi bo'lsa, (Alloh taolo tarafidan) bir nido qiluvchi nido qiladi: “Birorta mag'firat so'rovchi bormi, Men uni mag'firat qilaman! Biror narsa so'rovchi bormi, Men unga beraman”, deydi. Shu vaqtda kim so'rasa, unga beriladi. Zinokor hotin va mushrikdan boshqa".

 

Bu kecha odamlar do'zaxdan ozod qilinadi

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Jabroil alayhissalom mening oldimga kelib: “Bu Sha'bonning o'n beshinchi kechasidir. Alloh taolo bu kechada ko'p odamlarni do'zaxdan ozod qiladi. Ularning adadi Kalb qabilasi qo'ylarining junlaridan ham ziyoda bo'ladi. Faqat bu kechada Alloh taologa shirk keltirgan, ginachi va qarindoshlik aloqalarini uzuvchi, izorini (manmanlik bilan) to'pig'idan pastga tushirib yuruvchi, ota-onasiga oq bo'luvchi va xamr ichuvchi kishilarga rahmat nazari bilan qaramaydi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

 

Bu kecha qanday amallarni bajarish lozim?

  1. Hufton va bomdod namozini jamoat bilan ado eting;
  2. Tavba va istig'for aytishga e'tibor qiling;
  3. O'zingiz va barcha ummat uchun xayrli duolar qiling;
  4. Toqatingiz etganicha zikrlar, nafl ibodatlar, Qur'on tilovati qiling;
  5. Imkon topsangiz Sha'bonning o'n beshinchi kuni ro'za tuting.

 

Hazrat Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu aytadilar: “Qachon Sha'bonning o'n beshinchi kechasi bo'lsa, uning kechasini bedor o'tkazinglar, kunduzining ro'zasini tutinglar. Alloh to tong otgunicha: “Qani, istig'for aytuvchi bormi, uni mag'firat qilaman. Qani, rizq so'rovchi bormi, unga rizq beraman. Qani, baloga uchragan bormi, unga ofiyat beraman. Qani falon, falon” deydi” (Imom Ibn Moja rivoyati). 

 

Bu kechani bedor o'tkazganga jannat vojib bo'ladi

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim beshta kechani bedor o'tkazsa, jannat unga vojib bo'ladi – tarviya, arafa, qurbonlik, fitr va Sha'bonning o'n beshinchi kechalaridir”, dedilar.

 

Alloh taolo bu oyda xolis niyatlar ila qiladigan jamiki amallarimizni qabul etsin. O'zi duolarni ijobat etuvchi va gunohlarni mag'firat qiluvchi Zotdir.

 

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar

O‘zini osmoqchi bo‘lgan ayolni qutqargan bola

03.12.2025   842   2 min.
O‘zini osmoqchi bo‘lgan ayolni qutqargan bola

Doktor Muhammad Rotib Noblusiy aytadilar: Amsterdamda yashovchi imom o‘g‘li bilan (11 yil mobaynida) tanigan va tanimagan kishilarga har juma "Jannatga boshlovchi yo‘limiz" nomli kichik bir risolani tarqatib chiqar ekan. Bir safar juma kuni xavo sovub, yomg‘ir tinimsiz yog‘di. Imom xasta bo‘lganligi bois namozga boraolmadi. 

O‘g‘il otasidan jumaga yolg‘iz borishga izn so‘radi. Jala quyishiga qaramay bola qo‘lidagi kitoblarni tarqatib chiqdi. Tarqatayotgan kitobning oxirgisi qoldi va uni berish uchun tasodifan yo‘liqqan bir uyning eshigini taqillatdi. Ammo hech kim chiqmadi. Takror-takror taqillatdi, ammo yana javob bo‘lmadi. Yo‘lida davom etar ekan, negadir o‘sha uyning eshigini yana taqillatib, kitobni berib ketkisi kelaverdi. Endi bu safar eshikni qattiqroq urib, egasini chaqira boshladi. Eshik ochildi, undan o‘ta umidsiz va maxzun bo‘lgan bir ayol chiqdida, "eshitaman bolakay, nima yordam qilay" dedi. Bola dunyoni yoritar darajadagi nurli yuzi bilan tabassum qilib: "Uzr Onajon, bezovta qildim, lekin sizga bir gap aytay Alloh sizni yaxshi ko‘radi, shuning uchun meni sizga yubordi va men sizga ushbu kitobni bergani keldim" dedi. Umidsiz bo‘lib turgan ayol kitobni uning qo‘lidan olar ekan "bolajonim rahmat senga" deya kuzatdi. 

Keyingi juma kuni namozdan so‘ng bir ayol "men Islomni qabul qildim" deya ovoz berdi. U ayol so‘zida davom etib: erim vafot etdi va meni yolg‘iz xolimda umidsiz qilib tashlab ketdi. O‘zimni osmoqchi bo‘lib, arqon va kursini olib keldim. Bo‘ynimga arqonni osib, endi kursini tepib yubormoqchi bo‘lgan edim, eshigimni kimdir taqillatib, chaqirib qoldi. O‘zimga-o‘zim eshikni ochmayman dedim. Lekin kimdir eshigimni tinimsiz taqillatar va hatto qattiq ura boshladi. Kim ekan dedimda, bo‘ynimdan arqonni olib, eshikni ochdim. Qarasam kichik bir farishta bola, menga tabassum qilib, o‘lik qalbimni tiriltiradigan bir gapni aytdi: "Onajon sizni Alloh yaxshi ko‘radi, shuning uchun meni sizga yubordi" dedida, "Jannatga boshlovchi yo‘limiz" degan risolani qo‘limga tutqazdi. Qaytib kirib, arqon va kursini joyiga qo‘yib, kitobni o‘qiy boshladim. Men eng baxtli ayolga aylandim, chunki men Allohni endi tanidim. 

Ha azizlar! Bir-birimizni yaxshilikka chorlash barchamizning vazifamizdir. Qaranki kichik bir bola, bir ayolni dordan va do‘zaxdan qutqarib qoldi. 

O‘zimizga bir savol beraylik, biz nima qildigu yoki nima qilyapmiz?!


Yahyo domla Ubaydulloh o‘g‘li tarjimasi
Olmazor tumani ''Imom at-Termiziy'' jome masjidi imom xatibi