Buxoro shahrining salkam 500 gektar maydonini egallagan qadimiy shahristoni va zamonaviy qismidagi ziyoratgohlarni qamrab olgan xarita tayyorlandi.
– Yurtimiz ziyorat turizmini rivojlantirish borasida juda katta salohiyatga ega, – deydi loyiha muallifi, O'zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti tayanch doktoranti Shavkat Bobojonov. –Davlatimiz rahbari turizmni rivojlantirish masalalariga bag'ishlab o'tkazilgan yig'ilishda ham buni alohida ta'kidlagan va sohani ravnaq toptirishda targ'ibot hamda ilmiy yondashuvlar etishmayotganiga e'tiborni qaratgan edi.
2020 yilda Buxoro shahri ISESCO tashkiloti tomonidan Islom olami madaniyati poytaxti deb e'lon qilindi. Shu munosabat bilan tayyorlagan xaritamizdan sharif shahrimizdagi 133 ta ziyoratgoh (50 tasi saqlab qolinmagan), 40 ta qadimiy qabriston (29 tasi saqlab qolinmagan) haqidagi ma'lumotlar o'rin olgan.
O'zbek, rus, ingliz tillarida chop etilgan ushbu ilmiy ishlanma ziyorat turizmi ixlosmandlari uchun qulaylik yaratadi, degan umiddamiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
2025 yilning 1 dekabr kuni Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlari sohasida amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilish va sohani yanada rivojlanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun muloqot maydoni – "Fuqarolik jamiyati haftaligi"ga start berildi.
Haftalik doirasida bo‘lib o‘tgan "Jamoatchilik kengashlari forumi"da O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi yilning "Eng faol jamoatchilik kengashi" sifatida e’tirof etildi.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish yo‘nalishida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Xususan, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish maqsadida zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratildi, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi izchil takomillashtirildi.
Shu jarayonda davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini rivojlantirish, ularni samarali ishlashi uchun qulay mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha ham qator muhim tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Qo‘mita huzuridagi Jamoatchilik kengashining ham yuksak e’tirof etilishi – olib borilayotgan ijobiy islohotlarning amaliy samarasi, jamoatchilik ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan siyosatning yorqin natijasidir.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati