Bugun O'zbekiston Inson huquqlari bo'yicha kengash a'zosi sifatida ushbu uchrashuvda birinchi martaishtirok etmoqda.
Biz so'nggi yillar davomida Kengashga a'zo bo'lish uchun butun mas'uliyatni anglagan holda intilib kelganimizni ta'kidlamoqchiman.
Demokratik islohotlarimiz yangi O'zbekistonni bunyod etishga qaratilgan bo'lib, bu o'zgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi.
Biz Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Inson huquqlari yo'lida harakatga da'vat” tashabbusini ilgari surish uchun Kengash a'zolari, barcha sheriklarimiz bilan yaqin hamkorlikni davom ettiramiz.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
O'zbekistonda demokratik o'zgarishlarni yanada chuqurlashtirish va Kengash doirasidagi faoliyatimizning ustuvor yo'nalishlari quyidagilardan iborat.
Birinchidan, insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta'minlash O'zbekistondagi islohotlarda eng muhim o'rinda turadi.
2030 yilgacha mo'ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda har bir insonning huquq va qonuniy manfaatlarini ta'minlashni ko'zda tutadigan “hech kimni e'tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili asosida amalga oshiriladi.
Bu o'rinda so'z Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissar boshqarmasi ekspertlarining faol ishtirokida ishlab chiqilgan Inson huquqlari bo'yicha milliy strategiyani amalga oshirish to'g'risida bormoqda.
Ikkinchidan, biz gender siyosati masalalari borasida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarni qat'iy davom ettiramiz.
Joriy yilda O'zbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari etakchi ayollarining muloqoti va xotin-qizlarning mintaqaviy biznes-forumini o'tkazishni rejalashtirmoqdamiz.
Uchinchidan, alohida ehtiyojga ega bo'lgan shaxslarning huquqlarini ta'minlashga jiddiy e'tibor qaratiladi.
Yaqinda Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risidagi yangi qonun kuchga kirdi. O'zbekiston Parlamenti Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyani ratifikatsiya qilishi kutilmoqda.
Biz imkoniyati cheklangan shaxslarning o'z qobiliyatini to'la ro'yobga chiqarish masalalari bo'yicha Mintaqaviy kengash tuzishni taklif etamiz.
To'rtinchidan, aholimizning yarmidan ko'pini tashkil etadigan yoshlar huquqlarini himoya qilish doimo e'tiborimiz markazida bo'lib kelmoqda.
Joriy yil O'zbekistonda “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb e'lon qilindi.
Bu borada biz:
- Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Yoshlar huquqlari bo'yicha butunjahon konferentsiyasini o'tkazish;
- BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining o'ninchi forumida Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya loyihasini taqdim etish;
shuningdek, Yoshlar huquqlari bo'yicha maxsus ma'ruzachi institutini ta'sis etish masalasini kiritishga tayyorgarlik ko'rmoqdamiz.
Beshinchidan, biz Halqaro mehnat tashkiloti va Jahon banki bilan hamkorlikda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo'yicha katta ishlarni amalga oshirdik. Bu islohotlarimizdagi eng asosiy yutuqlarimizdan biri bo'ldi.
2021 yilda, ya'ni Bolalar mehnatiga barham berish xalqaro yilida Bolalar Ombudsmani to'g'risidagi qonunni qabul qilamiz.
Oltinchidan, “Inson huquqlari sohasida ta'lim” deklaratsiyasining 10 yilligiga bag'ishlab biz Oliy komissar boshqarmasi bilan birgalikda global forum o'tkazishni taklif etamiz.
O'qitish tizimini rivojlantirish maqsadida BMTning inson huquqlari sohasidagi Ixtiyoriy badallar jamg'armasiga o'z hissamizni qo'shmoqchimiz.
Yettinchidan, Bosh kotib Antoniu Guterrish Janobi Oliylarining fuqaroligi bo'lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo'yicha qat'iy choralar ko'rish to'g'risidagi taklifini qo'llab-quvvatlaymiz.
Birgina o'tgan yilning o'zida 50 ming nafar vatandoshimiz O'zbekiston fuqaroligiga qabul qilindi, bu yil yana 20 mingdan ziyod kishi fuqarolikka ega bo'ladi.
Honimlar va janoblar!
Biz erishgan natijalarimiz bilan kifoyalanib qolmasdan, bundan buyon ham fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish, O'zbekistonda so'z erkinligini har tomonlama qo'llab-quvvatlashni qat'iy maqsad qilganmiz.
Shu asnoda nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari to'g'risida kodekslar ishlab chiqilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining din yoki e'tiqod erkinligi, sud'yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachilarining tavsiyalarini alohida e'tiborga olganmiz.
Inson huquqlari bo'yicha kengashga Sud'yalar kengashlari faoliyatining universal printsiplarini ishlab chiqish masalasini ko'rib chiqishni taklif etamiz.
Qiynoqlarning oldini olish bo'yicha milliy preventiv mexanizmni joriy etish doirasida biz odamning qadr-qimmatini erga uradigan, insoniylikka zid bo'lgan qiynoqlarning har qanday ko'rinishiga bundan buyon ham mutlaqo yo'l qo'ymaymiz. Bunday jinoyatlar qachon sodir etilganidan qat'i nazar, ular uchun jazo muqarrardir.
Qiynoqlarga qarshi konventsiyaning Fakul'tativ protokolini ratifikatsiya qilamiz.
Mazkur masalalar yuzasidan hamkorlikda ishlash maqsadida Qiynoqlar masalasi bo'yicha maxsus ma'ruzachini O'zbekistonga taklif etishga tayyorgarlik ko'ryapmiz.
Hurmatli yig'ilish ishtirokchilari!
O'zbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga qat'iy sodiq qoladi.
Shu bilan birga, biz inson huquqlari borasida hali ulkan yo'lning boshida turganimizni yaxshi tushunamiz va xalqaro hamkorlarimizning qo'llab-quvvatlashiga umid qilamiz. Shu munosabat bilan Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissar Mishel' Bachelet xonimlarining yurtimizga tashrifini kutib qolamiz.
Bu borada mandatga ega bo'lgan barcha vakillarning O'zbekistonga tashrif buyurishlari uchun doimiy taklifnoma yuborish haqida qarorni qabul qilamiz.
Shuningdek, Osiyo qit'asining inson huquqlari bo'yicha mintaqaviy mexanizmini muntazam faoliyat ko'rsatadigan platforma – Samarqand forumi negizida yaratish borasida ko'mak berishga tayyormiz.
Hurmatli do'stlar!
Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75 yillik tarixi inson huquqlari universal qadriyat ekanini yaqqol isbotladi. Bu ustuvor tamoyilsiz er yuzida tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga erishib bo'lmaydi.
Nutqimning yakunida shuni yana bir bor ta'kidlab aytmoqchiman: O'zbekiston Inson huquqlari bo'yicha kengash a'zosi sifatida xalqaro huquqning inson huquqlariga oid umum e'tirof etilgan printsip va normalarini qat'iy himoya qiladi va faol ilgari suradi.
E'tiboringiz uchun rahmat.
O‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli,
bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir.
Shavkat Mirziyoyev
O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim siljishlardan biri bo‘lib, ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi.
Yangi O‘zbekistonda o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlashga qaratilgan yangidan-yangi tashabbuslar ilgari surilayotgani juda muhim.
Davlat tili siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda xalqni birlashtiruvchi qudratli vosita sanaladi. Ona tilimiz so‘zlashuvchilar soni ko‘pligiga ko‘ra, sayyoramizda eng keng tarqalgan 40 ta tildan biri ekani ham quvonarlidir. Hozirgi vaqtda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni qariyb 60 million kishini tashkil etishi esa uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlar ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Buni o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-e’tiborini tubdan oshirish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar samaralari yaqqol tasdiqlaydi. Asosiy qonunimiz – Konstitutsiyamizning o‘zbek tilida qabul qilinishi esa ona tilimizning nufuzini yanada yuksaltirdi. Davlatimiz madhiyasi xalqaro maydonlarda o‘zbek tilida yangray boshladi. Ayniqsa, ona tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab, tinchlik, do‘stlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi. Til – millatning faxri, g‘ururi, ko‘zgusi. Millatlarni ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri bu til ekan, har bir inson o‘z tilini bilishi, uni ulug‘lashi va shu bilan birga boshqa millatlarning ona tiliga ham hurmat bilan qarashi lozim.
Vatanimiz mustaqilligining ma’naviy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda o‘zbek tilining ahamiyati tobora ortib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi xuquqiy jixatdan mustaxkamlab qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunining qabul qilinishi ona tilimizning taraqqiyoti, rivojlanishi hamda o‘ziga xos va boy bisotini namoyish etishga keng imkoniyat yaratdi.
O‘zbek tili dunyodagi qadimiy, go‘zal va boy tillardan biri hisoblanadi. Tilimizdagi hayo, ibo, andisha, oriyat, mehrni yozuvchilarimiz asarlarida yaqqol ko‘rish mumkin. Mahmud Qoshg‘ariyning "Devoni lug‘atit turk" kitobi, Ahmad Yassaviyning hikmatlari, Alisher Navoiyning "Xamsa"si, Zahiriddin Muhammad Boburning "Boburnoma"si, Abdulla Qodiriyning betakror romanlari-oqibat so‘zlarini boshqa tilga aynan tarjima qilib bo‘lmaydi. Ularni faqat o‘zbek tilida ifodalash mumkin. Chunki bu tushunchalar xalqimizga xos va ularni aytishga faqat shu til qodirdir. Bizning ona tilimiz dunyodagi uch mingga yaqin til orasida turkiy tillar oilasiga mansub bo‘lib, jonli til sifatida qipchoq, qarluq, o‘g‘iz lahjalarida namoyon bo‘ladi. O‘zbek adabiy tili esa ana shu lahjalardagi so‘zlarning ma’lum bir me’yoriga keltirilgan shaklidir. U muttasil o‘sib, rivojlanib bormoqda. Uning rivojida so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning xizmatlari beqiyosdir. Hazrat Navoiy til xaqida bunday yozadilar: “Ko‘ngil xazinasining qulfi tildir. Ul xazinaning kalitidin so‘z bil”.
O‘z ona tilimizga bo‘lgan muhabbatni xalqimizning, odamlarning samimiy suhbatlarida, yuksak axloqiy fazilatlarida ko‘rib, beixtiyor shunday el farzandi ekanligimizdan faxrlanamiz. O‘z tili uchun qayg‘urayotgan millat dunyo xalqlari safida o‘z o‘rnini, chinakam mustaqilligini asrashga, himoya qilishga jiddu jahd qilayotgan millat sanaladi. Millatning va milliy adabiyotning mavjudlik sharti bo‘lgan ona tilimiz taqdiri uchun kuyinish, uning ravnaqi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish har birimizning burchimizdir.
Ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan e’tibor berishimiz kerak.
Shu o‘rinda ma’rifatparvar bobomiz, o‘z davrida o‘nga yaqin dunyoviy tillarni puxta o‘rgangan olim Is'hoqxon Ibratning quyidagi fikrlari e’tiborga molik: “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu Vataniy ishdir”.
Biz tilimizni qanchalik asrasak, yuksaltirsak, rivojlanishiga hissa qo‘shsak, o‘zga millatlar ham bizning tilimizni hurmat qilishadi hamda uning dunyo hamjamiyati maydonidagi o‘rni va poydevorini shunchalik mustahkam qo‘ygan bo‘lamiz.
Odiljon Narzullayev,
Yangiyul tumani “Qirsadaq’’ jome masjidi imom xatibi