Vatanimiz tarixidagi 22 fevral' sanasi bilan bog'liq ayrim voqealar bayoni.
1407 yil (bundan 614 yil oldin) – Amir Temurning nabirasi, Sohibqiron vafoti oldidan uni o'ziga valiahd deb e'lon qilgan temuriy shahzoda Pirmuhammad mirzo vafot etdi.
Hijriy 809 yil ramazon oyining o'n to'rtinchi kuni (milodiy 1407 yil 22 fevral') yarim kechada vazir Pir Ali Toz boshliq bir guruh fitnachilar Balxning katta arkiga bostirib kirdilar va qo'riqchilarni o'ldirib, temuriyzoda Pirmuhammadni uxlab yotgan joyida xotinlari hamda xizmatkorlari bilan birga chopib tashladilar.
Tarixchi Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, Pir Ali Toz oddiy navkar bo'lib yurgan kezlarida, Pirmuhammad mirzo uni o'z panohiga olib, oddiy navkarlikdan amirlik darajasigacha ko'targan. Ko'pgina tarixiy manbalarning ma'lumotiga qaraganda, xojasiga xiyonat qilgan Pir Ali Toz ig'vogar, shuhratparast va niyati buzuq shaxs bo'lgan.
1871 yil (bundan 150 yil oldin) – Mirza Hakim parvonachi Toshkentdan Qo'qon xonligiga kelgan Turkiston general-gubernatorining vakili I. Ibragimovni Qo'qon shahrida Hudoyorxon mablag'iga qurilayotgan yangi masjidni ko'rgani taklif qildi.
Ular borib ko'rganlarida masjid qurilishi hali tugamagan edi. Masjidning hovlisi katta bo'lib terak va qayrag'och daraxtlari ekilgan bog'i bor edi. Masjidning o'zi ham juda katta bo'lib, kirish tomoni bo'ylab bir nechta kirish eshikli panjara o'rnatilgan.
O'rtada ham bino bor edi, uning bir nechta eshiklari endi qurilayotgandi. Quruvchilarning so'zlariga qaraganda, bularning eshiklari shishadan ishlangan bo'larmish. Bino shifti rangli naqshlangan. Masjid ustunlarining soni 204 ta qayrag'och va terak xodalaridan ishlangan bo'lib, har birining yo'g'onligi 4 arshinga teng bo'lgan.
1913 yil (bundan 108 yil oldin) – Sankt-Peterburgda Buxoro amiri tomonidan bunyod etilgan masjid tantanali ochildi. Unda otasi Abdulahadxondan so'ng taxtga o'tirgan hukmdor, Buxoroning so'nggi amiri Said Olimxon (hukmronlik yillari 1910–1920) bilan birga Hiva xoni Asfandiyorxon (hukmronlik yillari 1910–1918) ham ishtirok etdi.
Tarixchi olim Akbar Zamonovning qayd etishicha, bugungi mamlakatimiz hududidan joy olgan ikki qo'shni davlat – Buxoro va Hiva hukmdorlari faqat ana shu voqea munosabati bilan aynan Sankt-Peterburgda uchrashib, suhbatlashgan (aslida bu ikki hukmdor 1911 yil yanvarda shu shaharda ilk bor uchrashgan, lekin ayrim sabablarga ko'ra suhbatlashmagan).
Ma'lumot o'rnida qayd etish joizki, HIH asrning oxirlariga kelib, Sankt-Peterburg shahrida musulmonlar soni ancha ortgan bo'lsa-da, u erda birorta masjid bo'lmagan. Shu bois, shahar musulmonlari masjid qurish uchun mablag' to'plashga kirishadi. Biroq to'plangan pul hatto masjid qurilishi uchun er sotib olishga ham etmaydi. Ana shunday paytda, Peterburg bilan yaqin aloqada bo'lgan Buxoro amiri Sayid Abdulahadxon (hukmronlik yillari 1885–1910) bundan xabar topadi va o'z xazinasidan masjid qurilishi uchun er sotib olishga katta miqdorda mablag' ajratadi.
Akbar Zamonovning yozishicha, shu tariqa, mazkur masjid qurilishi boshlanadi. 1910 yil 3 fevral kuni shaxsan amir Abdulahadxon ishtirokida masjidning birinchi g'ishti qo'yiladi. Ammo masjid ishga tushirilgan kunni ko'rish amirga nasib etmaydi. U 1910 yilda olamdan o'tadi. Biroq masjid qurilishi to'xtamaydi.
2019 yil (bundan 2 yil oldin) – O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sotsiologik tadqiqotlar o'tkazishni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni qabul qilindi.
Alisher EGAMBYeRDIYeV tayyorladi
Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.
Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.
Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.
Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati