Toshkent viloyati Zangiota tumani hududida islom olamidagi muqaddas ziyoratgohlardan biri - Zangi ota majmuasi qad rostlab turibdi.
Zangi otaning haqiqiy ismlari Oyxo'ja ibn Toshxo'ja bo'lgan.
U kishining asli tug'ilgan va yashagan maskani Shosh (Toshkent) viloyati bo'lib, Toshkent bilan Qovunchi oralig'idagi Zangi ota nomli qishloq hisoblanadi.
Ba'zi manbalarda Zangi ota Toshkent shahrining Samarqand darboza ko'chasidagi Zangi ota mahallasida tug'ilib o'sgan, degan taxminlar ham bor.
Zangi ota Ahmad Yassaviyning to'rtinchi shogirdi Hakim otadan bir necha yil yassaviya tariqatining sir-asrorlari, odobini o'rganadi va ilmi zohiriy va ilmi botiniy yo'riqlaridan voqif bo'ladi. Hazrat butun umr odamlarning molini boqish bilan shug'ullangan, cho'ponlik qilib, halol rizq topib, hayot kechirgan.
Zangi ota hazratlari tariqat shayxlaridan bo'lib, xalqni doimo dinu diyonatga, halollik, poklikka da'vat qilganlar.
Ma'lumotlarga ko'ra, ushbu ulug' zot milodiy 1258 yil Toshkent yaqinidagi hozirgi Zangi ota qishlog'ida vafot etgan.
Zangi ota maqbarasining bunyod etilishi bilan bog'liq ibratli rivoyatlar ham, tarixiy voqealar ham birdek chuqur ramziy ma'noga ega.
Rivoyat qilishlaricha, Amir Temur Yassi qo'rg'onida Ahmad Yassaviy hazratlariga maqbara qurish harakatini boshlaganida nima uchundir ish hadeganda yurishavermagan. Bu holning sababini bilolmay, hayron bo'lib yurganida bir kechasi tushiga nuroniy bir zot kirib, Yassaviyga maqbara qurishdan oldin Zangi otaning qabrini obod qilishi kerakligini aytadi. Shunda Amir Temur XIV asrning 80-yillarida Zangi ota ruhini shod etish uchun maqbara va masjid tiklashga kirishadi. Bu muhtasham yodgorlik majmuaning qurilishini 1420 yili Mirzo Ulug'bek tugallagan. Hozirgi peshtoq aynan Mirzo Ulug'bek tomonidan bunyod etilgan.
O'zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2013 yildagi tegishli qarori asosida Toshkent viloyatidagi Zangi ota majmuasi va unga tutash hududlarda keng ko'lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Majmua hududida 1 000 o'rinli yangi masjid, O'zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligining binosi qurildi.
Yangi loyihaga binoan, majmuaga kirish darvozasi qayta qurildi, chegara devorlari boshqatdan tiklandi. Qadimgi madrasa binosi to'la ta'mirdan chiqarildi. Yangi masjid oldida balandligi 31 metr bo'lgan minora qurildi. Zangi ota va Anbar bibi maqbaralari ham butkul qayta ta'mirlandi. Majmuadagi 5 ta gumbaz qayta tiklandi. Majmua hududi kengaytirilib, ko'kalamzorlashtirildi. Bugun ushbu tarixiy maskan mamlakatimiz va xorijiy ziyoratchilarning sevimli maskaniga aylangan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Sunnatni inkor etuvchilar: “Qur’oni karim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etishni buyurar ekan, bunda payg‘ambar sifatida emas, balki rahbarga itoat qilishga buyurgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlar rahbari bo‘lganlari uchun u zotga itoat qilinadi va ergashiladi. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan so‘ng esa, u zot sollallohu alayhi vasallamga ergashish majbur bo‘linmaydi. Endi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘rinlariga kim rahbar bo‘lsa, musulmonlar unga ergashadilar”, degan iddaoni qilishadi.
Bu yerdagi xato tushuncha shundan iboratki, ular Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga payg‘ambar deb emas, balki rahbar sifatida ergashish lozim deydilar. Bunga yuqorida ko‘rsatilgan oyatlarga noto‘g‘ri yondoshuv sabab bo‘lgan. Uning sabablari quyidagilardan iborat:
1. Qur’oni karimning qator oyatlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashishga buyurilgan, u zot sollallohu alayhi vasallamning shaxsiyatlari yoki rahbarga emas. Agar bir kishiga: “Otangga itoat qil!” deyilsa, otalik mavqei otaga itoat kilishning asosi bo‘ladi. Agar “Ustozingga ergash!” deyilsa, ustozlik maqomi ergashishlikni taqozo qilgan bo‘ladi.
Xuddi shuningdek, Alloh taolo “Payg‘ambarga itoat eting!” deb amr qilsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga payg‘ambar bo‘lganlari uchun itoat etish lozimligini anglatadi.
2. Qur’oni karim itoat etishni noto‘g‘ri talqin qilinishidan qaytaradi:
﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ وَأُولِي الْأَمْرِ مِنْكُمْ﴾
«Ey, iymon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!» (Niso surasi, 59-oyat).
Oyatda Payg‘ambar alayhissalomga itoat boshliq (rahbar)larga itoatdan alohida zikr qilindi. Zero, Payg‘ambarga va rahbarga itoat etishning o‘ziga xos alohida xususiyatlari mavjud. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamda esa har ikki xususiyat ham jamlangan edi. Chunki u zot sollallohu alayhi vasallam ham payg‘ambar, ham rahbar edilar.
Agar Alloh taolo Payg‘ambarga itoatni faqat hayotlari bilan cheklaganda edi, Qur’oni karimda aniq va ravshan qilib "Muhammad sollallohu alayhi vasallamga itoat eting!" degan buyruq bo‘lardi. Qur’oni karimda bu ikki xususiyat bir-biridan ajratilib, alohida zikr qilindi va noto‘g‘ri talqin qilish bartaraf etildi.
Shuningdek, oyatda nozik bir jihat bor, ya’ni “ishboshilar” lafzi ko‘plik shaklida, "Payg‘ambar" so‘zi esa birlik shaklida kelgan. Bundan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oxirgi Payg‘ambar ekanliklari va u zotdan keyin payg‘ambar kelmasligi ochiq-oydin ravshanlashadi.
Payg‘ambarga itoat faqat u zot sollallohu alayhi vasallamga xos xususiyat ekaniga dalolat qiladi. Kelajakda hech kim bu borada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga teng kelolmaydi. Qolaversa, ishboshi (rahbar)lar payg‘ambardan farqli o‘laroq ko‘p kelishi tabiiy holdir. Bu ko‘rinishdagi bo‘yinsunish, ya’ni ishboshilarga itoat etish vahiy zamonidagina emas, balki barcha zamonlardagi ishboshilarga ham tegishlidir.
Demak, Payg‘ambar alayhissalomga itoat Allohga itoat ekan. Bunga qarshi biror rahbar yoki davlat boshlig‘i vahiy olganini da’vo qilolmaydi. Rahbar ishxona buyruqlari asosida o‘z qo‘lostidagi ishchilarini boshqara oladi, lekin rahbarlik maqomida shariat qoidalarini chiqarib, uni qo‘llay olmaydi.
Rahbar Qur’oni karim va sunnatdan olingan shar’iy ahkomlarni hukmsiz qo‘llay olmaganidek, o‘z buyruqlarini shar’iy ahkomlar kabi butun zamonlar uchun rioya qilinishi majburiy qoida sifatida qo‘llay olmaydi. Shar’iy ahkomlar Alloh taolodan kelgan va turli ko‘rinishdagi vahiyga asoslangan bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning holatlari esa tamomila farqli bo‘lib, Alloh taolodan tilovat qilinadigan va tilovat qilinmaydigan vahiy oladilar. U zot sollallohu alayhi vasallamning nabaviy amrlari shaxsiy xohish-irodalariga asoslangan buyruq emas, balki vahiy, vahiy tarafidan tasdiqlangan buyruqdir.
Ushbu ikki holatni yanada kengroq tahlil qilib ko‘raylik:
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning buyruqlari ba’zan asl manba matluv va g‘oyri matluv shaklida vahiy qilinishini aytdik. Vahiy bo‘lmasa, u zot sollallohu alayhi vasallam buyruq bermasdilar. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ilohiy xulqlariga ishora qilishiga aslo shubha yo‘q. Shu bois, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning buyruqlari shariatning bir bo‘lagi sanaladi.
Shuningdek, ayrim o‘rinlarda buyruqlar vahiyga emas, balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning voqealar tahliliga asoslanishlari tashkil etadi. Biroq ular ham vaqti bilan vahiy orqali o‘z tasdig‘ini topadi.
Tasdiqlar ham ikki turli bo‘ladi: Gohida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qarorlari vahiy tarafidan ochiq-oydin tasdiqlanishi bilan namoyon bo‘ladi, ayrim hollarda, yashirin tasdiqlash (qo‘llab-quvvatlash) orqali o‘z tasdig‘ini topadi.
Agar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ma’lum bir harakat (amal)larini Alloh taolo isloh etmayotgan bo‘lsa, bu o‘sha amal (harakat)ning tasdiqlanganini anglatadi.
Buning boisi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Allohning elchisi (payg‘ambari), U Zotning irodasining yetkazuvchisi o‘laroq ilohiy kuzatuv ostidadirlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nima desalar yoki qanday amal qilsalar Alloh taolo tarafi (irodasi)dan ekaniga ishonch hosil qilishimiz lozim. Qur’oni karimning bir nechta oyatlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning amal, niyatlari o‘z tasdig‘ini topgani bayon etilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam amal qilganlarida yoki biror narsaga amr etganlarida hech qanday vahiy kelmasa ham, buyurilgan buyruq yoki amal Alloh taolo tomonidan tasdiqlanganini bildiradi. Agar o‘sha buyruq yoki amal noto‘g‘ri bo‘lganda, albatta vahiy orqali ma’lum qilingan bo‘lardi: Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xato-kamchiliklarni tuzatish uchun ham alohida vahiy kelardi.
Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror ishga buyurganlarida yoki biror amal qilganlarida ularning ziddiga vahiy kelmasa, u zot sollallohu alayhi vasallamning buyruq yoki harakatlari ma’qullangandir.
Muxtasar qilib aytganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning barcha aytgan so‘z va qilgan amallari vahiyga asoslangan. Ular ba’zan ochiq-oydin yoki maxfiy vahiy orqali o‘z tasdig‘ini topgan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan keyin birorta rahbar bu kabi boshqaruvga ega bo‘la olmaydi, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘ng vahiy kelishi to‘xtagandir.
Shu bois, Qur’oni karim oyatlarida rahbarlarga bo‘ysunishdan farqli ravishda Payg‘ambar alayhissalomga itoat etishlik alohida ta’kidlangan. Shuning uchun, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish majburiydir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Payg‘ambardirlar va xulq-atvorlarida Alloh taoloning xohish-irodasini namoyon etadilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning so‘z va fe’llari tasdiqlangan sunnat, Alloh va Uning Kalomiga iymon keltirgan barcha mo‘min-musulmonlarni birdamlikka boshlovchi dasturul amaldir.
"Islom shariatida sunnatning o‘rni" kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi