— Ba'zi bir qorilarga xatmi Qur'on buyurgani borsak, “menda tayyori bor”, deyishadi. Ya'ni Qur'onni o'qishni boshlab qo'ygan bo'lishadi. Shunda “mayli” desangiz, tugatib berishadi. Shariatimizda bu joizmi? Yoki xatmi qachon boshlab qo'yilgan bo'lsa ham, savobi kimga bag'ishlangani muhimmi?
— Avvalo, Qur'oni karimni Alloh taolo bandalarining ikki dunyo saodatiga erishishi uchun nozil qilganini unutmaslik kerak. “Hatmi Qur'on” deganda Qur'oni karimni boshdan-oxir to'liq o'qib chiqish tushuniladi. Birorta sura yoki oyat tashlab ketilsa, tom ma'noda xatm hisoblanmaydi. “Hatm” so'zi tugatish, yakunlash degan ma'noni bildiradi.
Hozirgi paytda odamlar orasida keng tarqalgan savoldagiga o'xshagan holatlar taaassufki, asl Islom maqsadlariga to'g'ri emas. Yana alohida ta'kidlash lozim, Qur'onni xolis Alloh roziligi uchun tilovat qilinsa, xatm qilinsagina unga savob beriladi. Keyin o'sha berilgan savobni bag'ishlash mumkin. Bizning ahli-sunna e'tiqodimizda Qur'on tilovat qilib, savobini bag'ishlasa, etib boradi, deyilgani aynan shudir. Har bir ibodatda aniq maqsad bo'lishi, uni boshlashda niyat bo'lishi kerakligi hadislarda ta'kidlangan. Savobini bag'ishlash maqsad qilingan tilovatni ham boshidan boshlab, Allohning roziligi, undan keyin kimgadir savobini bag'ishlashni niyat qilinadi. Shunda savobi etadi, deb umid qilinadi.
Muhammad Ayyub HOMIDOV
#xabar #qabul #muftiy
Bugun, 28 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimizning turli hududlaridan kelgan fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdilar.
Qabul jarayonida fuqarolarimiz tomonidan bildirilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, diniy ta’lim, oilaviy masalalar, haj va umra hamda moddiy yordam masalalari bo‘yicha murojaatlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlar bilan bog‘liq masalalar yuzasidan maslahatlar berildi, shar’iy savollarga batafsil tushuntirishlar taqdim etildi. Shuningdek, moddiy yordam so‘ragan fuqarolarga belgilangan tartib-qoidalar asosida ko‘mak ko‘rsatildi.
Qayd etish joizki, kishilarning dardini yengillatish, ularning tashvishlarini aritish — savobi ulug‘ amal hisoblanadi. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
“... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ana shu nabaviy ta’limotga amal qilgan holda, bugun Muftiy hazratlari mutasaddilar bilan birga turli masalalar bo‘yicha murojaat qilgan fuqarolarning tashvishlari bartaraf etilishiga amaliy yordam ko‘rsatdilar.
Iliq kutib olingan fuqarolar murojaatlarining ijobiy yechim topganidan mamnun bo‘lib, mas’ullardan minnatdor holda qaytdilar.
Mana shunday qabul jarayonlari mamlakatimizdagi barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati