— Yaqinda shom namozidan keyin kasal ko'rgani borgan edim. Bemorning yaqinlari shomdan so'ng kasal ko'rilmaydi, deb meni bemorning oldiga qo'yishmadi. Yana sut, qatiq kabi oqliklarni ham shomdan keyin olib bo'lmaydi, degan gaplar ham bor… Shu to'g'rimi?
— Bemorni ziyorat qilish, uni ko'rishga borish sunnati muakkada hisoblanadi, hatto Imom Buxoriy rahimahulloh vojib ham deganlar. Abu Muso Ash'ariy roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom: “Ochni to'ydiringlar, bemorni ziyorat qilinglar, asirni ozod qilinglar”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Kasal ko'rishga borish aynan biror vaqtga belgilab qo'yilmagan. Odamlarning vaqti va bemorning sharoitiga qarab ziyoratga borilaveradi.
Hazrati Ali roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Kim ertalab kasal ko'rgani borsa, u bilan birga etmish ming farishta birga boradi va kun botgunicha u uchun istig'for aytadi. U jannatda xurmo mevalari bilan mukofotlanadi. Kun botganidan keyin kasal ko'rgani borgan kishi bilan ham etmish ming farishta birga boradi va tong otguncha unga istig'for aytadi hamda u jannatda xurmo mevalari bilan mukofotlanadi” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Demak, kecha-yu kunduz bemorlarni ziyorat qilish mumkin. Muhimi, bemorga malol keladigan vaqtda ziyorat qilmasa bas.
Sut, qatiq kabi oqliklarni ham shomdan keyin olib bo'lmaydi, degan gaplarning dinga umuman aloqasi yo'q. Asosi bo'lmagan gaplardir.
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir safar aeroportdan mehmonxonaga taksi oldim. Mashina toza, haydovchi xushmuomala edi. O‘zini Ahmad deb tanishtirib, qo‘limga kartochka berdi: “Vaqtingiz xayrli o‘tsin. Mening vazifam – sizni manzilingizga eng tez, eng xavfsiz, eng kam xarajat va eng muhimi – halol xizmat ila yetkazish”.
Yo‘lda menga yana turli qulayliklarni taklif etdi.
— Hamma mijozlar bilan shunday iltifotlimisiz? – degan savolimga biroz tin olib dedi:
— Rostini aytsam, bu tarzda ishlashni ikki yil oldin boshlaganman. Undan oldin ko‘pchilik haydovchilar qatori edim. Vaqti-vaqti bilan haqni oshirib yuborish, mijozga yolg‘on gapirish, nolish va shikoyat qilish oddiy hol edi. Mashina ham, qalb ham toza emas edi.
— Keyin nima bo‘ldi?
— Bir kuni mashinam radiosidan “tanlash kuchi” haqida eshitib qoldim. Hayotimdagi ko‘p narsa tanlovimga bog‘liq ekan. Ishimni yuzaki, nolib emas, vijdon bilan, halol bajarsam, mijozlarim ko‘p, ko‘nglim xotirjam bo‘ladi. Oson yo‘lni tanlasam — pul bo‘lishi mumkin, lekin baraka bo‘lmaydi. Shunda o‘zimga so‘z berdim: endi ishimni halol qilaman. Yo‘lni aylantirib haqni oshirmayman. Vaqtni o‘g‘irlamayman. Mijozga u istaganday xizmat qilaman.
Natijasini Alloh ko‘rsatdi. Birinchi yilning o‘zida daromadim ikki barobar ortdi. Bu yil esa to‘rt barobarga yetdi. Eng muhimi, qalbim xotirjam. Endi mijozlar o‘zlari menga qo‘ng‘iroq qilib, oldindan band qilishadi. Chunki odamlar halol xizmatni zumda anglaydi va qadrlaydi.
Bu so‘zlar meni o‘yga toldirdi. Shunda angladim: halollik — katta shior emas, kundalik eng oddiy odat va qo‘yiladigan eng to‘g‘ri qadam ekan. Aynan shu fazilat insonga baraka va xotirjamlik olib kelar ekan.
Abdulhay XUSHVAQTOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi