Islom olamining eng mashhur avliyolaridan biri, naqshbandiya tariqatining asoschisi bo'lgan Hoja Bahouddin Naqshband milodiy 1318 yilning mart oyida Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi Qasri Hinduvon qishlog'ida tug'ilgan.
Halq orasida Bahouddin, Bahouddinjon, Hoja Bahouddin, Bahouddin Balogardon, Balogardon, Ho'jayi Buzruk, Shohi Naqshband nomlari bilan ham mashhur. Hoja Bahouddin Naqshbandning asl ismi Muhammaddir.
Manbalarda u kishining otasi ham bobosi ham Muhammad ismida bo'lgani qayd etiladi. Bahouddin Naqshbandning nasabi ota tarafdan Hazrat Aliga, ona tarafdan hazrat Abu Bakr Siddiqqa borib taqaladi. Hojalar avlodidan bo'lgani uchun uning nomi oldiga xoja so'zini ishlatish rasm bo'lgan.
Yoshligida otasi bilan birga kimxobga naqsh solish hunari bilan mashg'ul bo'lgani uchun Naqshband laqabi bilan mashhur bo'lgan. O'sha davrda matolarga naqsh ishlagan, naqsh solingan ko'ylaklar yoki naqshli gilamlar to'qigan kasb egalari naqshband deyilgan. “Bahouddin” so'zi “Dinning nuri” degan ma'noni anglatadi. Bu Hoja Naqshbandga keyinchalik berilgan faxrli unvon.
Bahouddin Naqshband umri davomida bir necha pirning tarbiyasini olgan. Birinchi piri – Hoja Muhammad Boboyi Samosiy edi. Keksa shayx bu yosh muridini tarbiyalashni o'rinbosarlaridan bo'lmish Amir Sayyid Kulolga topshiradi. U tariqat bobida bilganlarini o'rgatib bo'lganidan keyin shogirdiga ijozat beradi. Bahouddin ilm istab, yassaviya tariqati shayxlarining mashhur vakillaridan bo'lmish Qusam shayx oldiga, Naxshab, ya'ni hozirgi Qarshiga boradi. Uch oy undan ta'lim oladi. Bahouddinning bu pirga ixlosi baland bo'lgan, ayni chog'da Qusam shayx ham uni o'z o'g'lidek bilib, muridiga cheksiz hurmati tufayli umrining oxirigacha Buxoroda yashab, shu erda vafot etadi.
Manbalarning dalolat berishicha, u Hoja Abdulxoliq G'ijduvoniy (1103–1179)dan ruhiy tarbiya olgan. Bahouddin Naqshbandning umri asosan Buxoro va uning atrofidagi qishloqlarda o'tgan. G'aribona hayot kechirgan, faqat o'z mehnati bilan kun ko'rgan. Hizmatkor yoki qul saqlamagan. O'z ta'limotini yaratishda Yusuf Hamadoniy va Abdulxoliq G'ijduvoniy nazariyalariga asoslangan. Ta'limoti asosida: “Dil – ba yor-u, dast – ba kor” (“Ko'ngil Allohda bo'lsin-u, qo'l ish bilan band bo'laversin”), – degan shior yotadi.
Tasavvufdagi har qanday tariqat kabi, xojagon-naqshbandiya tariqati ham o'z g'oyalari, tartib-qoidalari, odoblari va qat'iyatlarini shakllantirishda juda qadim rishtalardan suv ichgan. Ammo tariqatning butun mohiyatini uning bosh shiori bo'lmish: “Dil – ba yor-u, dast – ba kor” hikmati hamda yana o'n bir qoida belgilab beradi. Bu qoidalar “rashhalar”, ya'ni “tomchilar” deb yuritilgan. Rashhalar Yusuf Hamadoniy, Abdulxoliq G'ijduvoniy va Bahouddin Naqshband taraflaridan asoslangan
NAQShBANDIYa OLTIN SILSILASI
Naqshbandiya manbalarda “silsilat az-zahab”, ya'ni “oltin silsila” tarzida tilga olinadi.
Bu quyidagi tarzda shakllangan:
• Sarvari olam Muhammad (sollallohu alyhi vasallam) (570–632).
• Hazrat Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) (573–634).
• Hazrat Salmon Forsiy (roziyallohu anhu) (578–657).
• Hazrat Qosim ibn Muhammad (rahmatullohi alayh) (vaf. 605 y.).
• Hazrat Imom Ja'fari Sodiq (rahmatullohi alayh) (702–765).
• Sulton al-orifin Boyazid Bistomiy (quddisa sirruhu) (vaf. 875 y.).
• Shayx Abul Hasan Haraqoniy (quddisa sirruhu) (963–1033).
• Shayx Abu Ali Formadiy (quddisa sirruhu) (962–1055).
• Hazrat Hoja Yusuf Hamadoniy (quddisa sirruhu) (1049–1141).
• Hazrat Hoja Abdulxoliq G'ijduvoniy – Hojai jahon (1103–1179).
• Hazrat Hoja Orif Revgariy – Mohitobon (quddisa sirruhu) (vaf. 1317 y.).
• Hazrat Hoja Mahmud Anjirfag'naviy (quddisa sirruhu) (vaf. 1317 y.).
• Hazrat Hoja Ali Rometaniy (quddisa sirruhu) (vaf. 1326 y.).
• Hazrat Hoja Muhammad Boboyi Samosiy (quddisa sirruhu) (vaf. 1354 y.).
• Hazrat Hoja Sayyid Amir Kulol (quddisa sirruhu) (vaf. 1370 y.).
• Hazrat Hoja Bahouddin Naqshband Buxoriy (quddisa sirruhu) (1318–1389
Yusuf Hamadoniy tayin etgan shiorlar:
• Hush dar dam (Har nafas hushyor turmoq).
• Nazar bar qadam (Har qadamni nazarda tutmoq).
• Safar dar vatan (Vatan ichida sayr etmoq).
• Hilvat dar anjuman (Anjuman ichra xilvatda bo'lmoq).
Abdulxoliq G'ijduvoniy tayin etgan shiorlar:
• Yotkard (Alloh nomini yodda takrorlash);
• Bozgasht (dilida yana Allohga qaytish);
• Nigohdosht (solik kalimai shahodatni aytganda xotirni jam qilish, xayolni bo'lmaslik);
• Yoddosht (solik har doim Allohni yodda tutib ogoh bo'lishi).
Bahouddin Naqshband tayin etgan shiorlar:
• Vuqufi zamoniy (zamondan voqif bo'lish);
• Vuqufi adadiy (Zikrda adadga (sanoqqa) amal qilish, ya'ni zikr aytuvchi zikrni bir nafasda necha marta aytishi);
• Vuqufi qalbiy (dilning doimo Alloh taolo tomoniga tayyor bo'lib turishi).
Haydarxon Yuldashxodjayev,
“Mir Arab” Oliy madrasasi rektori
Qashqadaryo viloyatida muborak Ramazon oyini yuqori saviyada kutib olish va mo‘min-musulmonlar uchun masjidlarda qulay shart-sharoitlar yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasining tegishli buyrug‘i asosida hududlardagi ibodat maskanlari mavsumga shay holatga keltirilmoqda.
Amalga oshirilgan asosiy ishlar:
Masjid binolari va atrofi obodonlashtirilib, sanitariya holati yaxshilandi;
Tahoratxonalar, isitish va yoritish tizimlari texnik ko‘rikdan o‘tkazildi;
Taroveh namozlarini xavfsiz va tartibli o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar belgilandi.
Joriy yilning 28 yanvar kuni viloyat hokimining o‘rinbosari Farhod Kushakov hamda viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov Koson tumanidagi masjidlar faoliyati bilan tanishdilar. O‘rganish davomida namozxonlar uchun yaratilgan imkoniyatlar ko‘zdan kechirilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
Bu kabi o‘rganish ishlari viloyatning barcha tumanlarida davom ettiriladi. Maqsad — muqaddas oyni yuksak ruhiy kayfiyatda, tinchlik va osoyishtalikda o‘tkazishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Axborot xizmati