SAVOL:
Yutub tarmog'idagi bir videorolikda qandaydir vo'iz butun dunyo musulmonlarini Suriya davlatiga jihodga da'vat qilganiga guvoh bo'ldim. Uning aytishicha, xozir Yer yuzidagi barcha musulmonlar Suriyaga jihodga borishlari farzi ayn ekan. Uning bu chaqirig'i to'g'rimi, umuman islomda farz jihod qanday bo'ladi, shu haqida ma'lumot bersangiz.
JAVOB:
Avvalo bu mavzuda biror fikrga kelishdan oldin bizga savol bilan murojaat qilganingiz uchun tashakkur. Bu ham Allohning bir karami bo'libdi. Sizga javob yozish bilan ko'pchilikka bu haqda foydali ma'lumot beriladi, inshaalloh.
Darhaqiqat, ijtimoiy tarmoqlarda yaqin sharq hududlariga jihod uchun atrofdan musulmonlarni jalb qilish harakatlari kuzatilmoqda. Bunga biz ham guvohmiz. Umumiy qilib aytganda o'sha da'vatchilarning hammasi aslida jihod mavzusida avomni aldab kelishmoqda. Ularga ishonganlar esa aldanmoqda. Nega deysizmi?
Birinchidan, jihod islomda usuli din emas balki, furu'i din masalalaridan bo'lib, uning fiqhiy istilohiy ma'nosi: Orada “urush qilmaslik” bitimi bo'lmagan ikki — kofir va islomiy davlatning bir biri bilan, islomiy davlat tarafdan dastlab tinch yo'l bilan islomga kirish da'vati amalga oshirilgach va unga kofir davlat tarafdan rad javobi berilgach, ularga qarshi Allohning so'zini oliy qilish maqsadida harbiy urush qilishiga aytiladi. (Qarang: Fath al-qadir 4/277, Al-Fatava al-hindiya 2/188, al-Hirashiy 2/107, Javohir al-iklil 1/250, Sharh az-Zarqoniy alal-Muvatto 2/287, Hoshiyatush Sharqoviy 3/193, Hoshiyat al-Bojuriy 2/268).
Mana shu ta'rif butun islom ulamolarining jumhuri, xususan to'rt mo''tabar fiqhiy mazhab fuqaholari tarafdan bir xil e'tirof etilgan ta'rifdir. Bunga ko'ra, biror islomiy davlat orada hech qanday tinchlik bitimi tuzilmagan boshqa bir kofir davlatga tinch yo'l bilan islomga da'vat qilib elchi yuboradi. Agar ular elchilarga rad javobi bersa, ular yashab turgan Yerlarda ham Allohning so'zini oliy qilish uchun harbiy yurishga kirishiladi. Sahobalarning davrida jihod xuddi shu tarzda amalga oshirilar edi. Agar shu tar'rifda belgilangan birorta qayd voqelikda topilmasa, bu harbiy harakat shar'an jihod bo'la olmaydi. Unda qatnashganlar mujohidlik maqomiga erisha olmaydi, unda qatnashib o'lganlar shahidlik maqomida ketmaydi.
Endi yaqin sharqqa, xususan, siz savolda tilga olgan Suriya davlatiga e'tibor qaratamiz: Suriyada shu ta'rifda belgilangan shartlarning birortasi topiladimi? Yo'q! Bittasi ham topilmaydi. Chunki Suriyada asosan musulmonlar bilan musulmonlar urush boshlashdi. Hukumat ham, unga qarshi chiqqan jangari to'dalar ham hammasi “la ilaha illalloh” deydigan musulmonlar emasmidi?! Musulmon bilan musulmonning urushi “jihod” deb aytilarkanmi?! Aslo! O'sha voiz “Suriyada jihod bo'lyapti” deb aytgan gapida Allohdan uyalmasdan musulmonlarni aldayapti. Jihod va unga doir shar'iy hukmlarni bilmaydiganlar esa uning yolg'onlariga laqqa tushyapti.
Ikkinchidan, shuni aniqlashtirib olish kerak: o'zi islomda jihodning hukmi nima? Farazan biror hududda shariat talablariga javob beradigan jihod amaliyoti topilsa, unga borib qatnashishning hukmi nima? Ahli sunna val-jamoa ulamolarining aksarini tashkil qiluvchi jumhurning qavliga ko'ra, mabodo shar'iy jihod topilgan taqdirda, unga borib qatnashish farzi kifoya hukmida bo'ladi. Ya'ni, ma'lum askarlar harbiy safarga otlansa, boshqalardan farzlik soqit bo'ladi. hammaning yoppa borishi shart emas. (Qarang: al-Mavsu'a al-fiqhiya 16/129)
Yana Suriyaga qaytamiz: u erda shar'iy talabga javob beradigan jihod yo'qligi kundek ravshan bo'lsada, mayli haqqoniy jihod bo'lyapti deb faraz qilaylik, unga borib qatnashish Yer yuzidagi barcha musulmonlarga farz bo'ldi deb jar solayotgan jarchi, baribir musulmonlarni aldayotgan bo'lib chiqadi.
Uchinchidan, jihodning hukmi qachon farzi ayn bo'ladi? Quyidagi holatlarda jihod kifoya darajasidan farzi ayn darajasiga ko'tariladi:
1-) Jang maydonida har ikki tomon — islom va kufr lashkari uchrashib, qarama-qarshi saf tortgan chog'da;
2-) Dushman to'satdan bostirib kelgan chog'da;
3-) Davlat rahbari biror dushman kofir qavmdan xavfsirab, yoppasiga harbiy chaqiriq e'lon qilganda. (Qarang: al-Mavsu'a al-fiqhiya 16/132)
Suriyaga chorlab jar solayotganlar “Suriyada jihod farzi ayn” deb lof urishyapti. Va holbuki jihodning farzi ayn bo'lishi uchun belgilangan shartlarning birortasi unda mavjud emas.
To'rtinchidan, shar'iy jihodni kim tashkillashtiradi o'zi? To'g'ri kelgan odam ro'parasidan chiqqan odamni jihodga chaqirib harbiy amaliyot boshlayveradimi, yoki boshqacha shar'iy tartibi bormi? Buni ham yaxshi bilib olishimiz kerak. Shar'iy talab darajasidagi jihodni oddiy fuqarolar emas, balki sulton, davlat rahbarlari tashkillashtiradi. Davlat tomondan harbiy safarbarlik e'lon qilingandagina fuqarolarga unga itoat etib harbiy amaliyotlarda qatnashish farz bo'ladi. Odiiy fuqaro yo qandaydir to'daboshining tashabbusi bilan shar'iy jihod tashkil etilmaydi. (Qarang: Hoshiyatu Dasuqiy 2/175, Javohir al-iklil 1/252, al-Mug'niy 8/352, al-Mahalliy 7/291).
Beshinchidan, shariat talabiga mos keladigan jihod tashkillashtirilgan taqdirda, unga to'g'ri ketilaveradimi yoki shartlari bormi? Buni ham bilish kerak. Shariat talabiga mos keladigan jihodga borish uchun quyidagi shartlar kerak:
A) Ota-onaning izni. Modomiki ular musulmon bo'lsa. Ota-onaning ruxsatisiz jihodga borish joiz bo'lmaydi. Chunki Abdulloh ibn Amr ibn al-Os roziyallohu anhudan rivoyat qilingan, bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning xuzuriga kelib jihodda qatnashishga ruxsat so'raydi. Rasululloh undan “ota-onang tirikmi?” deb so'raydi. U: “ha”, deb javob beradi. Rasululloh: “ikkovining xizmatini qilib jihod qil” deydilar. Ya'ni, senga ota-onang ruxsatisiz jihodga borish joiz emas. Bu hadis dalolatiga ko'ra, ota-onaning xizmati jihoddan oldinda turadi.
Mantiqan olib qaralganda ham jihod farzi kifoya. Siz bormasangiz, o'rningizga boshqa kimdir borib jang qiladi va shu bilan sizdan farz soqit bo'ladi. Ota-ona xizmati esa farzand uchun farzi ayn. Siz xizmatlarini qilmasangiz qo'shningizga yo oshnangizga sizning ota-onangizga xizmat qilish farz bo'lmaydi. Shuning uchun ham tarixda Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuning oldiga bir odam kelib: “men Rumga jihod uchun borishga nazr qildim lekin, ota-onam man etishyapti?” – deb aytganda Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu unga: “ota-onangga itoat qil, Rum sendan boshqa jihodchilarni topib oladi” – deb keskin javob bergan. Bunga o'xshash voqealar Umar va Usmon roziyallohu anhuma xalifalik davrlarida ham bo'lgan. Sufyoni Savriy, imom Avza'iy va salaflar davridagi boshqa ahli ilmlar “Ota-onaning roziligi jihod uchun shartdir”, deb fatvo berganlar (Qarang: Hoshiyatu ibn Obidin 3/220, Javohir al-iklil 1/252, Hoshiyatu Dasuqiy 2/175-176, al-Muhazzab 2/229, Nihoyat ul-muhtaj 8/57, al-Mug'niy 8/358, al-Mahalliy 7/292).
B) Ota-ona dastlab farzandining jihodga borishiga izn bersa va keyin fikri o'zgarib ruxsatidan qaytishsa, farzand jang maydonini tashlab ota-onasining xuzuriga qaytib kelishi vojib bo'ladi. (Qarang: Ravzatut-tolibin 10/212, Nihoyat ul-muhtaj 8/58, al-Muhazzab 2/229, al-Mug'niy 8/359).
V) Haqdorning izni. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning xuzuriga bir sahoba kelib so'raydi: “Ey Allohning Rasuli, nima deysiz, agar men Allohning yo'lida qatl qilinsam gunohlarim kechiriladimi?” Rasululloh: “ha, agar maydonda sabr bilan dushmanga yuzma yuz tursang, orqa qilib qochmasang va shu tarzda qatl qilinsang, gunohlaring kechiriladi. Lekin qarzlaring emas. Chunki menga Jabroil shunday degan” – deydilar. (Imom Muslim rivoyati)
Bo'ynida qarzi bor odam haqdorning iznisiz jihodga bora olmaydi. Jumhur fuqaholar shunday degan. Hanafiy mazhabimizga ko'ra, hatto haqdor izn bergan taqdirda ham, qarzdor jihodga bormasdan qarzini uzish uchun uyda qolishi mustahab deyilgan. (Qarang: Hoshiyatu ibn Obidin 3/221, Hoshiyatu Dasuqiy 2/175, Javohir al-iklil 1/252 ).
G) Shar'iy jihodga borib tom ma'noda mujohid bo'lish uchun yana bir shart, davlat rahbarining ruxsati bo'lishi kerak. (Qarang: al-Mavsu'a al-fiqhiya 16/136). Davlat ruxsat bermasa shar'iy jihod bo'la olmaydi.
Hulosa qilib aytganda jihod shar'iy jihod bo'lishi uchun, unda qatnashganlar jihodning fazliga erishib, mujohidlik maqomiga etishi uchun, o'lganlar esa shahidlik darajasini qo'lga kiritib so'roqsiz jannatga kirishi uchun Islom shariati belgilab qo'ygan talabga mos shartlar topilishi kerak. Agar shartlar topilmasa, u hech qanday jihod bo'la olmaydi. Balki, Islomda harom qilingan urush bo'ladi. Bunda ishtirok etganlar Allohning shariatiga qarshi chiqqan shayton askarlari qatorida bo'ladi. Unda o'ldirganlar qotil, o'lganlar esa gunoh uzra jon bergan bog'iylar bo'ladi.
Biz sizga shuni maslahat berardikki, yana shunga o'xshash videoroliklarga ko'zingiz tushganda undagi voizlarning jim-jimador da'vatlariga ishonib qolishga shoshilmang. Biror ilm ahlidan bu haqda batafsil ma'lumot so'rang. Haqiqatni bilganingizdan keyin esa o'sha video ostida internetga joylaganlarga qarata: “siz jihodning nimaligini bilasizmi o'zi?” deb savol qoldiring.
©️Botirjon TOJIBOYeV
Insoniyat tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan buyuk allomalarimizdan biri Imom Abu Mansur Moturidiydir. Ul siymo faqat bir zamonning emas, balki barcha zamonlarning dolzarb va muhim masalalariga asosli hamda qat’iy javoblarni bera olgan mutafakkir olim.
U zotning dunyo ilm-faniga, ayniqsa, aqida ilmiga qo‘shgan hissasi, aql va naqlni uyg‘unlashtirishdagi o‘rni haqida zamondoshlari hamda muhaqqiq olimlar tomonidan yuksak baholar berilgan.
Ko‘pchilik «Abu Mansur» nisbasini eshitganda, u zotning o‘g‘li «Mansur» bo‘lganmi, degan savolga to‘xtaladi. Lekin manbalarda Imom Moturidiy rahimahullohning «Mansur» ismli o‘g‘li bo‘lgani aytilmagan. Ammo tadqiqotchilar manbalarga tayanib, u zotning qizi bo‘lganini ta’kidlagan. Lekin Imom Moturidiy o‘z tafsirida o‘g‘il farzandli bo‘lishni orzu qilganini va uni «Mansur» deb nomlashini aytib o‘tgan. Bu haqda «Ta’vilot al-Qur’on»da shunday deyiladi: «Abu Mansur» deb, unga «Mansur» ismli o‘g‘il tug‘ilishi umidida ishlatiladi».
Bu orzu amalga oshgan yoki yo‘qligi haqida tarixiy ma’lumot uchramaydi. Qayd etilgan jumla Imom Moturidiyning shaxsiy hayotidagi sodda bir orzuni ko‘rsatsa-da, uning tuyg‘ulari qanchalik samimiy ekanini bildiradi.
Imom Moturidiyning ilmdagi darajasi haqida u zotning shogirdlari va izdoshlaridan yetishib chiqqan yetuk olimlar yuksak baholar bergan. «Sayful-haq» (Haqiqat qilichi) degan sharafli unvonga sazovor bo‘lgan olim Abu Muin Nasafiyning ta’kidlashicha: «Agar ahli sunna olimlari orasida faqat Imom Abu Mansur Moturidiyning o‘zi bo‘lganida ham, yetarli bo‘lar edi». Bu ta’rif Imom Moturidiyning ahli sunna va jamoa asosini barpo etishdagi o‘rnini yorqin namoyon qiladi.
Undan tashqari, Abu Muin Nasafiy Imom Moturidiyga: «Ilm ummoniga sho‘ng‘ib, undagi noyob durlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan, dinning hujjat-dalillarini bayon etib, ularni o‘z fasohati, chuqur ilmi va yuksak aql-zakovati bilan sayqallashtirgan olim», degan ta’rifni bergan.
Ustozi Abu Nasr Iyoziyning u zotga nisbatan hurmati va e’tirofi ham juda ta’sirli. U dars majlislarida Moturidiy hozir bo‘lmaguncha gapirmas edi. Har gal uni uzoqdan ko‘rib, hayrat bilan nazar tashlar va Qur’oni karimdan quyidagi oyatni tilga olardi: «Parvardigoring xohlaganini yaratadi va ixtiyor etadi» (Qasos surasi 68-oyat).
Abdulhay Laknaviy «al-Favoidul-bahiya» asarida Imom Abu Mansur Moturidiyni mutakallimlar imomi va musulmonlarning to‘g‘ri aqidasini asoslab bergan buyuk alloma sifatida tavsiflaydi. Uning ta’kidlashicha, Imom Moturidiy benazir asarlar yaratib, botil aqida vakillarining buzg‘unchi g‘oyalariga raddiyalar bergan.
Ayrim manbalarda Imom Moturidiy tariqat shayxlari tomonidan ham ummatni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llovchi shaxs sifatida e’tirof etilgani aytiladi. Imom Abu Bakr Ahmad ibn Is'hoq ibn Solih Juzjoniy Imom Moturidiyning tasavvufdagi ustozlaridan biri bo‘lgan.
Zamonaviy moturidiyshunos olimlardan Ahmad Sa’d Damanhuriy o‘zining Imom Moturidiyga bag‘ishlab yozgan asarida shunday deydi: «Imom Moturidiy fiqh, ilm, taqvo, dinu diyonat, fazilat va yaxshilikda peshqadam bo‘lib, u bilan hamfikr yoki unga qarshi bo‘lganlarning barchasi uning benazir olim ekanini e’tirof etgan. U sunnatning keskir qilichi, bid’at va gumrohlikka qarshi kurashgan alloma bo‘lgan. Ul zot ko‘plab kitoblar yozib, islom dinini himoya qilgan, unga qarshi chiqqanlarni mag‘lub etgan».
Moturidiyshunos olim So‘nmas Qutlug‘ esa shunday deydi: «Imom Moturidiy Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan eng ulug‘ in’om, bebaho tuhfadir».
Ayrimlar «Kitob at-tavhid»ning kirish qismidagi aqliy dalillarga qarab, u zot faqat aqlga tayangan deb xulosa qiladi. Lekin Yaratuvchining mavjudligini inkor qilayotgan insonga o‘sha mavjudlikni aql orqali isbotlash tabiiy va zaruriy uslubdir. Imom Moturidiy naqlni chetlatmagan, balki uni o‘z o‘rnida ishlatgan. Aksincha, Imom Moturidiy ilmda naql va aqlni mukammal tarzda uyg‘unlashtira olgan olim edi. U zot o‘zining sog‘lom e’tiqodga bag‘ishlab yozgan «Kitob at-Tavhid» asarida Qur’oni karimning 77 ta surasining, 350 ta oyatidan foydalangan. Bu esa Moturidiyning aqida masalasida naqlga naqadar e’tibor qilganini ko‘rsatadi. Turk olimi Bakr To‘pol ushbu ko‘rsatkichlarni tahlil qilib, hatto Imom Moturidiyning ishora qilib ketgan oyatlarini ham keltirgan va bu son yanada yuqori chiqqanini ta’kidlagan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan buyuk olimga yuksak hurmat ifodasi o‘laroq «Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qaror qabul qilingani, albatta, butun dunyo moturidiyshunoslarini cheksiz quvontirdi. Bu esa har bir insonning qalbida faxr va shodlik tuyg‘usini uyg‘otmay qolmaydi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Imom Abu Mansur Moturidiy – islom aqidasini himoya qilgan, ahli sunna val-jamoa ta’limotining ilmiy asoslarini tizimlashtirib, mustahkamlagan buyuk olimdir. U o‘z asarlari va ilmiy bahslari orqali turli bid’atchi toifalarning noto‘g‘ri aqidalarini rad etgan. Imom Moturidiy faqatgina raddiya beruvchi emas, balki aqidaviy masalalarga aql va naql asosida yechim topa bilgan buyuk shaxsiyat edi.
Ixtiyor Abdurahmonov,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Manba: uza.uz