Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Fevral, 2026   |   24 Sha`bon, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:03
Quyosh
07:22
Peshin
12:42
Asr
16:11
Shom
17:57
Xufton
19:10
Bismillah
12 Fevral, 2026, 24 Sha`bon, 1447

O'zbekiston – boy madaniyat, qadimiy tarixga ega mamlakat

12.01.2021   1829   3 min.
O'zbekiston – boy madaniyat, qadimiy tarixga ega mamlakat

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2019 yil yanvar' oyida Germaniyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining islomshunos, sharqshunos olimlaridan iborat delegatsiya Germaniyaning nufuzli universitetlari, ilmiy-tadqiqot markazlari, muzey va qo'lyozma fondlarida bo'lib, soha mutaxassislari bilan uchrashuv hamda muloqotlar o'tkazgandi.

Safar davomida Germaniya va O'zbekistonda islomshunoslikka ixtisoslashtirilgan ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari o'rtasida o'zaro manfaatli aloqalarni yo'lga qo'yish, buyuk alloma va ajdodlarimizning Germaniyada saqlanayotgan nodir asarlarini o'rganish, hamkorlikda konferentsiyalar, ilmiy seminarlar tashkil etish bo'yicha kelishuvlarga erishilgan edi.

Ana shu kelishuvlarga muvofiq, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi hamda Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo — Afrika tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” mavzui doirasida qator ilmiy ma'ruzalarni o'zida mujassam etgan onlayn seminarlar o'tkazilmoqda.

Ana shunday muloqotlarning dastlabkisi Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo — Afrika tadqiqotlar instituti direktori, professor Stefan Haydmanning “Buxoroning Islom saltanatiga integratsiyasi” mavzuidagi ma'ruza bilan boshlandi. Unda nafaqat O'zbekiston va Germaniya ilmiy doiralari vakillari, balki AQSh va Misr Arab Respublikasining sharqshunos va islomshunos olimlari ham ishtirok etdi.

Yaqinda mazkur onlayn-seminar dasturidan o'rin olgan navbatdagi ma'ruza tinglandi. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, dotsent Shovosil Ziyodov “Buxoro kutubxonalari tarixi” mavzuida so'z yuritdi.

Olim ma'ruza davomida Buxorodagi ilk kutubxonalar, Hoja Muhammad Porso kutubxonasiga oid yangi ma'lumotlar, Jo'ybor xojalarining Govkushon kutubxonasiga vaqf qilgan kitoblari, Buxoro qozikalonlarining sulolaviy kutubxonalariga doir qimmatli ma'lumotlar berildi.

— Kutubxonalar tarixini o'rganish O'zbekiston hududidagi ilmiy-ma'rifiy darajani aniqlash imkonini beradi. Bu, o'z navbatida, O'rta Osiyo tarixi bo'yicha shug'ullanayotgan tadqiqotchilar uchun muhim ma'lumotlarni taqdim etishi tabiiy, — deydi Shovosil Ziyodov.

Olimning fikricha, mazkur tadqiqotdan ko'zlangan maqsad Buxoro hududida mavjud bo'lgan kutubxonalarni aniqlashdan iborat. O'zbekiston qo'lyozma fondlarida saqlanayotgan ayrim asarlarning kelib chiqish tarixi noma'lum bo'lib qolayotgan edi. Seminar Markaziy Osiyoda mavjud bo'lgan kitobat tarixi va kutubxonachilik madaniyatini tadqiq etish, ushbu hududda yashab o'tgan ziyolilarning hayoti to'g'risida to'liq va ob'ektiv bilimga ega bo'lish, yangi ilmiy ma'lumotlar bilan tanishishga imkon berdi.

Germaniyalik olimlar ishtirokidagi ilmiy seminarlar shu yilning mart oyiga qadar davom etadi. Unda O'zbekiston zaminining boy tarixi va madaniyatiga oid dolzarb mavzularda ma'ruzalar tinglanadi.

Manba: “Halq so'zi” gazetasi
2021 yil 12 yanvar', № 7 (7787)
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Islomda davolanishning hukmlari

11.02.2026   1794   4 min.
Islomda davolanishning hukmlari

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ulamolar davolanish hukmi borasida turli fikr bildirganlar.

1. Imom Navaviy turli kasalliklardan davolanish salafi solih jumhur ulamolari, ulardan keyingilar, shofe’iylarning jumhuri va ba’zi hanbaliy mazhabi ulamolari fikriga ko‘ra muboh hisoblanadi.

2. Ba’zi hanafiy mazhabi ulamolari so‘ziga ko‘ra,kasallik davolanish bilan tuzaladigan bo‘lsa, unga muolaja qilish vojib bo‘ladi. Davolanilmasa kasallik oqibati yomon holatga olib keladigan bo‘lsa, davoni tark qilish haromdir.

Ibn Hajar Haysamiy aytadi: “Agar kasalning jarohati og‘irlashib, unga zarar yetish xavfi bo‘lsa, davolanish vojibdir”.

Bag‘aviyrahimahulloh aytadi: “Agar bemor davolanib shifo topishini bilsa, unga davolanish vojib bo‘ladi”.

Ibn Hazm aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davolanishga buyurishlari uni tark qilishdan qaytariq hisoblanadi. Bu esa davolanishning vojib ekanini ifoda etadi”.

3. Jumhur hanafiy mazhabi ulamolari “davolanish mubohdir” degan fikrni bildirganlar. Ular aytadilar: “Agar kishi shifo beruvchi Alloh taoloning o‘zi degan e’tiqodda bo‘lib, shu bilan birga uning davolanishida hech qanday zarar yo‘q”.

Molikiy mazhabiga ko‘ra ham davolanishda hech qanday zarar yo‘q. Ibn Rushdba’zi ulamolardan xuddi shu fikrni aytib o‘tgan.

Abulvafo, ibn Javziy, Xattobiy va boshqa hanbaliy mazhabi ulamolariham yuqoridagi fikrni qayd etganlar.

4. Ba’zi ulamolar: “Davolanish joiz. Lekin Alloh taologa suyanib uni tark etish afzalroqdir”, deganlar. Ushbu fikrni Imom Navaviy ham bildirganlar.

Imom G‘azzoliy: “Ba’zi holatlarda davolanmaslik afzalroq bo‘lsada, aslida davolanish joizdir.Bu kishi tavakkulining quvvatiga qarab bo‘ladi” deganlar.

Ibn Barziy Shofe’iyning fatvosiga ko‘ra: “Bemor davolanishni tark etishi afzalroq. Bu uning tavakkuli quvvatini ko‘rsatadi. Kim ruhan zaif, sabri oz bo‘lsa, unga davolanish afzal”.

5. Bu toifadagilar kasal bo‘lganda davolanmay Alloh taologagina suyanib va Uning imtihoniga rozi bo‘lish kerak degan fikrnibildiradilar. Ayniy rahmatullohi alayh shunday fikrdagi ba’zi sufiylarni zikr qilganlar. Imom Navaviy bu fikrni dinda chuqur ketish deb hisoblaganlar.

Doktor Nasimiy aytadi: O‘tgan salafi solihlarning davolanish borasida turlicha fikr bildirishlarining sababi, ular yashagan davrda tibbiyot rivojlanmaganligi, kasalliklarga turli gumonlar bilan tashxis qo‘yilib muolaja qilinishi va turli kasalliklarga qarshi dori-darmonlarning juda kam topilishi bilan bog‘liq. Ammo bugungi kunda zamonaviy tibbiyot va davolanish borasidagi barcha nabaviy hadislarga sinchiklab e’tibor berib, davolanish borasida quyidagi quyidagi beshta hukm kelib chiqishini ayta olamiz. Alloh bilguvchiroq.

1. Turli saraton va shu kabi bedavo kasalliklarga garchi davo bo‘lishiga to‘la ishonch bo‘lmasada mubohnarsalarniqo‘llab shifo izlash mubohdir. Xususan, ba’zi kasallikka boshlanishidayoq muolaja qilinmagan bo‘lsa, vaqt o‘tgandan so‘ng davolanish foyda bermaydi.

2. Kasallik tuzalishida foyda berishi mumkin bo‘lgan yoki og‘riq qoldirishi ehtimoli majud dorilarni og‘riqli joyga qo‘llash mandub(dinimizda tavsiya etilgan yaxshi amal) hisoblanadi.

3. Bemor o‘zi yoki tabib kasallik zo‘rayib, og‘irlashib qolishidan qo‘rqadigan o‘rinlarda tibbiyot mutaxasislari tajribalarida sinalib dardga shifo bo‘lishi aniqlangan dorilarni iste’mol qilish vojib bo‘ladi. Dard inson hayotiga xavf soladigan va biror a’zoga zarar yetishi mumkin bo‘lgan o‘rinlarda ham davolanish vojib.

4. Muboh bo‘lgan dori-darmonlar yetarli bo‘la turib, iste’moli makruh (dinda qaytarilgan) bo‘lgan narsalardan tayyorlangan dorilarni ishlatish makruhdir. Chunki bunday dorilar bir jihatdan foydali ko‘rinsada, boshqa a’zolarga zarar yetkazadi.

5. Davolanishga umuman boshqa imkoniyat bo‘lmagan paytda ehtiyoj darajasidan ortiq va zaruratsiz harom narsalar bilan muolaja qilish harom hisoblanadi.

 

Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘lining
"Islomda salomatlik" kitobidan

Maqolalar